20:30 / 02.01.2018
3 878

Sudya Konstitutsiyada mustaqil. Amalda-chi?

Sudya Konstitutsiyada mustaqil. Amalda-chi?
«Sud idoralari hali-hamon har qanday holatda adolat qaror topadigan maskanga aylangani yo‘q». (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan)

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22 dekabrdagi Parlamentga murojaatini televizor orqali ko‘rib-tinglab o‘zimni dunyoga yangi kelgandek, yangi dunyoga kirib borayotgandek his qildim. Kechasi bilan uzuq-yuluq uxladim, ertalab ham shu dard vujudni tark etmayotgan edi. Yarim yil–bir yildan beri sudyalarning amalda mustaqil emasligi haqida bir nima yozaman, deb oqimga qarshi suzishga jur’at etmay kelardim. Bu qusurni bartaraf etmay turib, sud-huquq islohotlari, huquqiy-demokratik jamiyat qurish quruq gapligicha qolaveradi, fikrimcha. Murojaat ushbu qusurni qog‘ozga tushirishga jur’at bag‘ishladi.

Bundan yetti-sakkiz yil muqaddam qalamkash hamkasblardan biri hol-ahvol so‘rashib, «advokatlik qilayotganingizga ikki yil bo‘libdi, nechta ishni yutdingiz», deb savol berdi.

Men javob berdimki, advokatning sud muzokarasida qonunlarni ro‘kach qilib himoya nutqi so‘zlab ishni yutib ketishi hind kinolarida bo‘ladi, bizning sudlarda Amerikadan dunyodagi eng zo‘r advokatlar kelib, bir soatdan muzokara nutqi so‘zlasin, uch sudya ularni jimgina tinglab o‘tirishadi-da, so‘ngra 15–20 daqiqa maslahat uyiga chiqib kelib, ertalab yoki kechqurun sud raisi aytgan hukmni o‘qiyverishadi, advokat nima deganining ahamiyati yo‘q!

Suhbatdoshim, umrida sudga ishi tushmagan shekilli, «nahotki?» degandek hayron boqib turardi.

Ming afsuski, nahotki emas, bu — ayni haqiqat. Sud majlisi — spektakl. Sud raisi kimlar bilandir bamaslahat hukm, qaror qabul qilib bo‘lganidan keyin sud majlisi zalida ijro etiladigan spektakl!

Bu spektakl jarayonida sho‘ring qurg‘ur vijdonli va bilimdon advokatning 20–30 minutlab «so‘zlagan» nutqi, zo‘r kelsa, maslahat uyiga kirishdan oldin tanaffusni o‘n-o‘n besh daqiqa o‘rniga ikki-uch kunga, ba’zan «noma’lum vaqt»ga ham cho‘zishga qurbi yetadi, xolos. Baribir, «yuqoridagi» avvalgi qaror, hukm e’lon qilinaveradi. Chunki, qaror qabul qilgan kabinetdagilar sud majlisida sudlanuvchining aybsizligi haqidagi ohu-zorini, guvohlarning ko‘rgazma-dalillarini, himoyachining jonini fido qilib qonunlarni, Oliy sud Plenumining ushbu ishni tartibga soladigan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan qarorlarini kuyinchaklik bilan ta’kidlab so‘zlagan muzokara nutqini eshitgani yo‘q va tabiiyki unda sud majlisida bularni tinglagan sudya hamda prokurorda ro‘y bergani kabi achinish, rahm qilish yoki «erta-indin yuqori instansiyada ish buzilsa menga minus bo‘ladi-ku?!» degan xavotir ro‘y bermaydi. Natijada, «men aytganni qilaver», degan «komanda» sud zalida hukm, qaror tusida o‘qilaveradi, o‘qilaveradi...

Va undan-da ayanchlisi, qo‘rqinchilisi — hamon o‘qilayapti. Prezidentimiz jonini fido qilib sud-huquq islohotlari to‘g‘risida bir yilda uchta Farmon qabul qilgandan keyin ham, O‘zbekistonda sud-huquq islohotlari olib borilayotgani haqida Amerikada BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida gapirayotganida ham bunday hukm va qarorlar tap tortmay o‘qilayapti. Ayrim sudlar va sudyalarning pinak buzmayotgani — afsuslanarli, ayanchli va qo‘rqinchli ham.

Nega ular, undaylar pinak buzmayapti? — degan savol tug‘iladi. Javobi oddiy: korrupsiya! Bekorga Prezidentimizning dastlabki sa’y-harakatlaridan biri «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilishga qaratilmadi.

Yana asosiy mavzuga — hukm va qaror sud majlisi zalidan tashqarida qabul qilinishiga qaytsak.

Bu — bir necha o‘n yillardan beri shakllanib, «tosh qotib» ulgurgan mustahkam inshoot, qalinligi bir metrdan ortiq beton devor. Demoqchimanki, buni buzish, ag‘darish tez va osonlikcha bo‘lmaydi. Lekin, bu buzilmasa huquqiy-demokratik jamiyat qurish, jamiyatda Adolat va Qonun ustuvorligini ta’minlash haqidagi gaplar ekrandan, sahifalardan yerga tushmay qolib ketaveradi, sa’y-harakatlar ko‘kka uchaveradi. Zero, hozirgi sa’y-harakatlarning shiddati, ayniqsa Prezidentimizning Parlamentga Murojaatining to‘foni zoraki bu beton devorlarni darz ketkizsa degan umid, ishonch qalbda yorug‘lik uyg‘otadi....

Sud majlisi zaliga kirgan prokuror, aksariyat hollarda, jinoyat ishini, fuqarolik ishini varaqlab ham ko‘rmagan bo‘ladi. Prokuror mayli, hatto sudya ham ish bilan tanishmay sud majlisi zaliga kirishi mumkinligiga birov ishonar, birov ishonmas. Men ko‘rganlarimni aytayapman. O‘n yillar muqaddam, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sud majlisiga kirgan Apellyatsiya sudlov hay’atida dokladchi ham, raislik etuvchi ham ishda prokuror protesti mavjudligini bilishmaydi. Protest haqida advokatdan eshitib, bir tomlikkina ish varag‘ini titkilay boshlashdi. Topolmay, advokatdan protest nusxasini olib ko‘rgandan keyin, yana axtarib ish materiallari orasida bor protestni... ko‘rdilar!

Yana o‘sha gap: kecha sud raisidan bu hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirish haqida «maslahat» olgandan keyin, ishni varaqlashning nima ahamiyati bor.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 112-moddasida shunday yozib qo‘yilgan: «Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar».

Muqaddas Konstitutsiyaning bu bandini oyoqosti qilish Konstitutsiyamiz bunyodga kelishidan oldin boshlangan. Ayniqsa bu toptashlar Mustaqillik yillarida avj olgani sohaga aloqador kishilarga sir emas. Hatto, odatdagi «tartib-tamoyil» darajasiga yetdiki, bundan o‘n yil avval «Hurriyat» gazetasida chop etilgan advokat G‘iyos Namozovning kichkina maqolasi shu haqda edi: «Toshkent shahar sudiga borib rais qabuliga kirmoqchi edim, kotiba qiz «bugun kirolmasangiz kerak, juda bandlar, ertaga apellyatsiya kuni, sudyalar birma-bir kirib ish haqida axborot berishayapti», dedi.

Keyinroq, ertaga apellyatsiya kuni ish bilan tanishish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga bordim. Tushdan keyin edi. Apellyatsiya sudlov ishlari bo‘yicha kotib yigit hushyor ekan, «aka, birpas o‘tirib turing, «delo» raisning xonasida edi, u yerda majlis bo‘layapti», dedi.

Xushmuomalalik uchun rahmat. Lekin, «delo» raisning xonasida «saqlanib» nima qiladi, boshqa joy quriganmi?»

Demak, ish ham, bu ishni ertaga sud majlisida ko‘radigan dokladchi sudya ham bugun kechga yaqin raisning xonasida, ertaga Apellyatsiya. Spektakl!

Bu qarorlarning aksariyati sud raisi bilan prokurorning hamfikrligida bunyodga keladi desam, Amerika ochmagan bo‘laman. Buning isboti tariqasida, sud majlisi ishtirokchisi bo‘lgan prokuror yordamchisi sud muzokarasida advokatga o‘xshab jon kuydirib uzoq so‘zlamaydi, bir-ikki daqiqada pastgina ovozda «to‘g‘ri malakalangan, bu modda bilan buncha, bunisi bilan buncha, jami buncha» deb jazo muddatini aytadi xolos. Asoslash yo‘q. Va, sudning hukmi prokuror «so‘rovi»dan judayam olislab ketmaydi... Maslahatli to‘y tarqamas, deganlaridek...

Yaqin kechagi tarixdan bugungi, shiddatli sud-huquq islohotlari davriga qaytsak. Bu islohotlar mazmun-mohiyati, nazariyasini olimlarga qo‘yib berib, amaliyotchi sifatida yana sudga qaytaylik.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 2016 yil 22 dekabrda Apellyatsiya sudlov hay’ati sud majlisi bo‘layapti. Oddiy fuqarolik munosabati — tilla buyumlar oldi-berdisi, ya’ni fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘riladigan ish. Ikkinchi tomonning «baquvvatligi» uchundir, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va «jinoyatchi» yigit tuman sudida sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilib, sud zalida qamoqqa olingan. Sud muzokarasida sudlanuvchining ikki himoyachisidan biri bu ish aslida fuqarolik ishiga mansubligini, sudlanuvchidan pul undirish uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan avval Ichki ishlar organi xodimlari yollanib noqonuniy xarakatlar ham sodir etilganini, Oliy sud Plenumi qarori bandlari ham bu jinoyat emasligini tasdiqlashi haqida jon kuydirib gapirib, bugun jamiyatda Adolat va Qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha Prezident rahbarligida jiddiy sa’y-harakatlar boshlangani, buni hatto AQSh Prezidenti Barak Obama ta’kidlab, Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigida «Siz Prezident vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlagan davringizda ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohasida olib borgan ishlaringiz e’tiborga loyiqdir», deb ta’kidlagani haqida so‘zlayotgan edi, dokladchi sudya «Hurmatli advokat, siz ishga aloqasi bo‘lmagan narsa haqida gapirayotganingiz uchun so‘zingizni bo‘lishga majburman», deb luqma tashladi.

Qonunda, himoyachining muzokara so‘zini to‘xtatish, e’tiroz bildirish mumkin emas.

Men, himoyachi, «uzr, hurmatli sudya, bir insonni noqonuniy qafasga tiqib qo‘yilganda Qonun ustuvorligi, Prezidentning bu sohadagi ishlari haqida gapirish bu ishga taalluqli emasmi», dedim-u, yakunladim.

Xulosaki, qonuniylik, adolat haqidagi gaplar bugun ham sohadagi eski gvardiyadagi ko‘plarga yoqmayapti-yu, ayrimlar buni ichiga yutolmay yuqoridagi vaziyatlarga o‘xshab oshkor ham qilib qo‘yishmoqda...

Yana eng yangi misol. 2017 yil 14 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudida Apellyatsiya sudlov hay’ati majlisi. Ish Buxoroniki, kvorum yo‘qligi uchun buyoqqa yuborilgan. Ota, o‘g‘il, qiz bir yarim yildan beri oilaviy qamoqda. 11ta ayblov. Deyarli barchasi asossiz.

Otasiga taqalgan aslida yo‘q 11ta ayblovni otasining tabiblik faoliyatiga aloqasi yo‘q o‘g‘il va qizga ham yopishtirib 7, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Buyoqda yosh-yosh go‘daklar «ayamni sog‘indim, otamni sog‘indim» deb chirqirab o‘tiribdi.

Sudlanuvchining o‘zining aybsizligi, davlatga, halqqa, birovga yomonlik qilmagani haqidagi nechanchi bor suddagi charchoqli yolvorishidan so‘ng himoyachi unga 11ta ayblov bo‘yicha savol berib, bular barchasi isbot-dalilsiz ekani ma’lum bo‘lgach, prokuror sud majlisiga raislik etuvchiga muzokaraga tayyor emasligini bildirdi. Sud majlisi boshlanib, davom etayotganida!

Yarim soat tanaffus e’lon qilindi. Prokuror koridorda telefonda gaplashdi, dokladchi sudya yuqori qavatlarga chiqib tushdi. So‘ngra... hukm o‘zgarishsiz qoldirildi...

Ayanchli va qo‘rqinchilisi — quyi instansiyalarda hech kim bu ish yuqori instansiyalarda bekor bo‘lishi mumkinligidan... hayiqmayapti!

Yana «mavzu»ga qaytamiz: sudya qachon mustaqil bo‘ladi, qachon uning o‘zi hukm va qaror qabul qiladi?

Bundan, sudlardagi yuz foiz ishlar shu tariqa hal qilinar ekan, advokatlarning roli yuz foiz nol ekan, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. Sudyaning o‘zi hal qiladigan, advokatning bilimi, tajribasi, nutqi, ishning pirovard natijasiga ta’sir ko‘rsatadigan ishlar ham bor, talaygina.

Ayni paytda, mavzu — sudyalar mustaqilligi. Qanday qilib, qaysi yo‘l bilan? Bu — takliftalab savol. O‘zim esa, hozircha, balki sud raislari lavozimini bekor qilib, jinoyat, fuqarolik ishlarining sudyalarga taqsimotini sudya ish yuzasidan bo‘ysunmaydigan lavozimli shaxsga topshirish kerakdir, degan taklifdan nariga o‘tolmayapman.

Talabgorlar, sudyaning mustaqil, amalda haqiqiy mustaqil bo‘lishidan manfaatdorlar birgalashib taklif kiritishsa, ma’qul bo‘larmidi.


Bugun sohada yorug‘lik ko‘rina boshladi, islohotlar mutlaqo izsiz emas.

Keyingi davrda o‘n yilcha muddat Oliy sudga raislik qilgan tajribali mutaxassis, hurmatli inson akamiz negadir biron marta na fuqaroni, na advokatni shaxsan qabul qilganini eshitganimiz yo‘q edi. Holbuki, har oyda bir marta rais qabuli yirik harflar bilan yozib qo‘yilgan. Balki, sudlardagi bugun mavjud ayrim muammolarning ildiz otishiga shu holat ham sabab bo‘lgandir. Keyingi rais shaxsan qabulni bopladi, har qabulda yuz ellik-ikki yuz shikoyatchi yarim kechadan kelib navbatga yozila boshladi. Azob edi.

Bugun esa, rais qabuliga ham, o‘rinbosarlar qabuliga ham kirish, ta’bir joiz bo‘lsa, «jonning rohati»ga aylangan: har kuni to‘rtta darcha ishlab turibdi, ikki-uch daqiqada hujjat topshirasiz, o‘n-o‘n besh daqiqada qabulga kirasiz.

«Bo‘lar ekan-ku!» — deysiz beixtiyor.

Yana, «toshturma» deb atalmish tergov hibsxonasidagi tashkiliy ishlar, tartib-intizom e’tiborga loyiq. Ikki-uch yil oldin, jazirama issiqda, qahraton sovuqda ichkaridagi xonalar bo‘shashini kutib ko‘chada navbatda tursangiz, bugun bir zumda ish bitmoqda. Yangi manzilga ko‘chgach, sharoit yanada yaxshilanishi aniq.

Musulmonchilik asta-sekin degandek, yorug‘liklar bor. Ko‘rinarli joylarda. Ko‘rinmaydigan joylarga ham kirib borishiga ishonging keladi. Bugungi shiddatda albatta kiradi yorug‘lik . Qorong‘iliklar chekinadi, umid qilamiz.
Habibulla Olimjonov,
jurnalist, advokat.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sudya Konstitutsiyada mustaqil. Amalda-chi?