Dilnoza dugonasi Mohirani kutaverib, toqati toq bo‘ldi. Yaqinda to‘yi. Bir necha yildan buyon ahdlashib yurgan yigiti — Sa’dullaga turmushga chiqyapti. Dilnoza u yigitni qancha parivashlardan tortib oldi, ungacha o‘zidan nima o‘tgani o‘ziga ayon. Oxiri maqsadiga yetib, sevgisi to‘yga ulandi.
Bugun eng yaqin dugonasi Mohira bilan supermarketni birga aylanishni kelishib olgandi. Bir haftadan buyon rejalashtirilgan xarid sayohati qizginaning nazdida cho‘zilib ketayotganday edi. Eshikdan kirib kelgan Mohirani Dilnoza qosh chimirib kutib oldi.
— Bo‘ldi, bo‘ldi, dugonajon, qoshlaringning orasini och, — dedi Mohira dugonasining xafa bo‘lganini sezib, darrov hazil aralash.
Ular hazil-huzul bilan sumkalarini ushlab, supermarket tomon yo‘l olishdi. Supermarket ichida odamning jonidan bo‘lak hamma narsa bor. Dilnoza rastalarda ko‘z quvnatib turgan mahsulotlarga qarab, hayratini yashira olmas, har bitta narsani qo‘liga olib ko‘rardi. Chunki bozor-o‘charni Dilnozaning uyida faqat oyisi yoki dadasi qilardi. Dilnoza pardoz buyumlar rastasiga kelib, o‘ziga yoqqan narsani olib, narxini ko‘rdiyu, ko‘zlari kattarib ketdi.
Mohira buni sezib, qo‘shib qo‘ydi:
— Bu yerda toza mollar bor. Uzoq vaqt yayrab ishlatasan.
— Bilaman, — Dilnoza dugonasiga qaradi. — Lekin hozir buning puliga bir dunyo narsa olamiz.
Mohira kulib qo‘ydi. Dilnoza pardoz buyumidan ko‘z uzolmay uzoqlashdi. Mohira o‘sha buyumni qo‘liga oldi va dugonasiga ergashdi. Ikkisi obdan aylanib, kerakli narsalarni xarid qilishdi. So‘ng kassa oldiga borib, biroz navbat kutishgach, hisob-kitob boshlandi. Bir nechta sumkadagi narsalarni ko‘tarib, ikki dugona supermarketni tark etar mahal, eshik oldida ogoh etuvchi signal chalindi. Supermarket xodimi sergak tortib, ikki qizning oldiga shoshib keldi.
— Kechirasizlar, — dedi u. — Sumkangizda hisobdan o‘tmay qolgan buyum bor, shekilli.
Dilnoza ajablanib, bir Mohiraga, bir xodimga qaragancha sumkasini ochdi. Xodim tekshiruv moslamasi bilan sumkani tekshirib, hech narsa topolmagach, Dilnozani boshdan-oyoq nazoratdan o‘tkazdi. Kurtkasining cho‘ntagiga kelganida moslama qattiq ovoz berdi. Dilnoza shoshib cho‘ntagiga qo‘l suqib, rastada ko‘rgan qimmatbaxo pardoz buyumini oldi. Ko‘zlari hayratdan katta ochilib, tili aylanmay qoldi.
— Axir bu qayerdan keldi?
— Voy, dugonajon, savatchaga solaman deb, cho‘ntagingga solibsanmi?
Mohiraning bu so‘zlari supermarket xodimining jahlini chiqardi.
— Uyalmaysizlarmi shunday ish qilishga, yana o‘yin qilib turganingizni-chi? — xodim ortiga o‘girildi. — Yigitlar, bu qizlarni suratga olinglar, jarimaga tortamiz.
Dilnozaning rangi oqardi. Mohira ham dovdirab qoldi.
— Bu nima qilganingiz, men o‘g‘irlaganim yo‘q?! Hatto bilmayman cho‘ntagimga qanday tushib qolganini, — Dilnoza o‘zini qo‘lga olib gapirishga urinsa-da, kutilmagan vaziyat qizni karaxt holga tushirib qo‘ygandi.
— Singlim, uyaling! Narsaning oyog‘i yoki qanoti bo‘lsa ekan, cho‘ntagingizga tushib olsa.
Qancha yalinib-yolvormasin, Dilnoza bilan Mohira aybdorga aylandi. Ularni suratga olishdi. Mohira yuzini to‘sib olishga ulgurdiyu, Dilnoza ulgurmadi. Tushuntirish xati yozib, ikki dugona supermarketdan yuzi shuvut bo‘lib chiqib ketishdi. Dilnoza yig‘idan o‘zini to‘xtata olmas, tinmay «Bu qanday bo‘ldi?» deya takrorlardi. Mohira ham imkoni boricha dugonasiga dalda bo‘lar, lekin uni yupata olmasdi. Dilnoza uyga kelib, xonasiga qamalib oldi va yostiqqa yuzini burkab yig‘ladi. Quruq tuhmatning toshi og‘irligini his qilib o‘ksindi. Ikki soatdan so‘ng haqiqiy tomosha boshlandi. Qizga unashtirilgan yigit Sa’dulla qo‘ng‘iroq qildi. Dilnoza qo‘li qaltirab, yashil tugmani bosdi. Birdan Sa’dullaning ovozi yangradi:
— Nima ishlar qilib yuribsan, Dilnoz? Uyalmadingmi narsa o‘g‘irlagani…
Yigitning bu malomati qizning tanasini muzlatib yubordi. Tiliga so‘z kelmay, dovdirab qoldi. Sa’dulla yana bir narsalar deb o‘shqirib, telefonni o‘chirdi. Dilnoza faqat bo‘lajak kuyovning «Telegramga kirib ko‘r», degan gaplarini eshitib qoldi. Shosha-pisha «Telegram» tarmog‘iga kirib, o‘zini qidira boshladi. Sa’dullaning jon kuydirganicha bor ekan. Dilnoza sho‘rlikni «Telegram»ga o‘g‘ri qiz tamg‘asi ostida berib yuborishibdi. Rasmlar, hatto qisqagina video ham bor edi. Dilnoza g‘azab bilan telefonini devorga otdi va o‘kirib yig‘lab yubordi.
* * *
Mohira kechga yaqin Sa’dullaga qo‘ng‘iroq qildi. Sa’dulla kayfiyatsiz ahvolda telefonni ko‘tardi.
— Allo, eshitaman…
— Allo, Sa’dulla aka, yaxshimisiz?
— Ha, kim bu?
— Bilaman, Sa’dulla aka, hozir kayfiyatingiz yo‘q. Aytishadi-ku, odamning olasi ichida deb.
— Kim bu? Nega menga bunday gaplarni aytyapsiz?
— Men Mohiraman!..
— Ha, sizmi, agar dugonangizni oqlab, qo‘ng‘iroq qilayotgan bo‘lsangiz, hozir eshitishni istamayman.
— Yo‘q-yo‘q, Sa’dulla aka, men uni oqlamayman. Avvalroq sizga aytmaganimdan hozir afsuslanyapman.
— Nima? — Sa’dullaning jonlangani sezildi. — Aniqroq gapiring?
— Gap oramizda qolsin, so‘z berasizmi?
— Ha, gapiravering..
— Haligi… Dilnoza o‘zi sal qo‘li egriroq qiz… avvalroq aytishim kerak edi.
— Nimalar deyapsiz? O‘z dugonangizni shunday deyishga qanday tilingiz bordi?! — Sa’dullaning jahli chiqayotgani so‘zlash ohangidan sezilib turardi.
Mohira tomoq qirib, biroz jim turdi-da, gap boshladi.
— Meni noto‘g‘ri tushunmang. Ertaga turmush qursangiz…
— Bas qiling!
Sa’dulla jahl bilan telefonni o‘chirdi.
* * *
Mohiraning Sa’dullani ilintirib, Dilnozadan aynitish yo‘lidagi ilk qadami omadli chiqqandi. Dilnozaning ijtimoiy tarmoqda tarqab ketgan fotosuratlar bilan videoyozuvning dardida ahvoli yomonlashdi. Ammasi supermarket xodimlarining oldiga borib, qiyomat qildi. Ular rasm va videoni internetga joylamaganini qasam ichguday bo‘lib tasdiqlashdi.
Sa’dulla yuragiga quloq soldi. U aniq biladi — Dilnoza o‘g‘ri emasligini. Axir oliy ma’lumotli, ko‘pni ko‘rgan yigit dabdurustdan necha yildan buyon ko‘z oldida yurgan qizni darrov yomon otliqqa chiqarib, tashlab ketishni istamas edi. Yigit o‘ylay-o‘ylay, Dilnoza bilan uchrashib, gaplashib olishga qaror qildi. Dilnozaning uyidagilari, qizning o‘zi ham Sa’dullaning kelishini kutmagan edi, shoshib qolishdi. Dilnoza yigitning ko‘ziga tik qarolmay, tinmay yig‘lardi. Sa’dulla qizning yelkasidan tutdi.
— Nega xuddi aybdordek ko‘zimga qaray olmay, o‘zingni qiynayapsan? Boshingni ko‘tar, men senga ishonaman! Mayli, butun dunyo seni qoralasin, lekin men sen tomondaman…
Dilnoza Sa’dullaga ko‘zi to‘la yosh bilan mo‘ltirab tikildi. Qiz asosiysi Sa’dullaning ishonchini yo‘qotishdan qo‘rqayotgandi. Mana, yigit unga ishondi. Endi ko‘ngli xotirjam.
Sa’dulla uyga borib, tinch o‘tirmadi. Supermarketga yo‘l oldi. Ish boshqaruvchi bilan gaplashib, o‘sha kungi voqeani kamera orqali ko‘rsatishni iltimos qildi. Supermarket doimo kamera nazoratida turishi yigitga ma’lum edi. Ish boshqaruvchi uzoq tortishuvdan so‘ng rozi bo‘ldi. Sa’dulla sinchkovlik bilan ekrandagi manzarani kuzatar ekan, Dilnoza qo‘ygan pardoz buyumni Mohira olganini ko‘rib, sergak tortdi. Shu payt Mohira atrofga qarab, Dilnozaning cho‘ntagiga sezdirmay solganini va Dilnozani xodimlar bilan turgan paytda videoga olayotganini ko‘rdiyu, g‘azabi qaynadi. Mohiraning uddaburonligiga bir tarafdan qoyil qolsa, bir tarafdan nafrati qo‘ziy boshladi. Hatto supermarket boshlig‘ining yoniga chiqib, video yozuvni diskka ko‘chirib oldi. Chunki bu yerda bir qizning sha’ni turgan edi-da. Sa’dullaning uyidagilarga ham Dilnozaning «o‘g‘ri»ligi yetib borgan va to‘yni to‘xtatish harakatiga tushishgan edi. Sa’dulla videoni uyidagilarga ko‘rsatib, ota-onasini tinchlantirdi. Dilnoza ham dugonasining ishini ko‘rib, taxta misol qotib qoldi. Mohirani uyiga chaqirdi. Hech narsa bo‘lmagandek salom-alik qilib, ichkariga olib kirdi. Mohira esa uy ichida Sa’dullani ko‘rib, ko‘zlari olaydi.
— Mohira, men seni eng yaqin dugonam deb yurardim, — deya gap boshladi Dilnoza. — Senga nima yomonlik qildim?
— Nimalar deyapsan, o‘rtoq, tinchlikmi?
— Meni yomonotliq qilib, nimaga erishmoqchi eding?
— Tushunmadim?!
— Ikkiyuzlamachilik qilma! — Sa’dullaning jahli chiqib, qo‘lidagi diskni Mohira tomon uloqtirdi. — Mana buni ko‘r, keyin bilasan, nima ish qilganingni!
Mohiraning yuzi dokadek oqardi. Dilnoza esa darrov diskni kompyuterga soldi. Ekranda ikki qizning xarid lavhalari jonlandi. Mohira o‘zining qilmishiga navbat kelganda yuzini to‘sib, yig‘lab yubordi.
— Birovni baxtsiz qilib, nimaga erishasan? Dugonajon, hammaning baxti qayerdadir kutib turadi. Sen bo‘lsang…
Mansurbek RO‘ZIYeV
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas