15:40 / 07.02.2018
19 049

Fotiha to‘ylari: mantiqsiz harakatlar yo‘lidagi xarajatlar

Fotiha to‘ylari: mantiqsiz harakatlar yo‘lidagi xarajatlar
Samarqand – tarix va zamon tutashgan go‘zal maskan. Har gal Samarqandga borsam, o‘tmish bilan sirlashgandek his qilaman o‘zimni. Sirli-salobatli minoralar, maqbaralar, ko‘shklar oldiga borib uzoq-uzoq xayol suraman. Bolaligimizdan Samarqandning mashhur Siyob bozoridan ro‘zg‘orga xarid qilardik. Kattalarga ergashib, bo‘yim tengi rastalarda chiroyli-chiroyli nonlar, holvalar, mening aqlim yetmaydigan turfa noz-ne’matlarni ko‘rib, shunisini olaylik deyaverardim. Ustiga yozuvlar tushirilgan nonlarni ming bir hayrat bilan tomosha qilardim. Ukam va singlim ham ko‘rishini astoydil xohlardimmi, sotib olaylik deb turib olardim. Onam menga bu nonlarni unashtiruv marosimi uchun sotib olinishini ko‘p bor uqtirardi. Katta akam uylanadigan bo‘lganida, rosa quvonganman. Uyimizga shunaqa nonlardan sotib olib kelishgan. Keyin kelinnikiga fotiha to‘yiga olib ketishgan. Menga bu nonni tatib ko‘rishdan ham uyimizga olib kelishgani qiziq bo‘lgan bo‘lsa kerak.

Aslida gapni unashtirish marosimlari – o‘zimizning fotiha to‘ylari haqida boshlamoqchi edim. Fotiha o‘zi nima? Qur’oni Karimning dastlabki surasi Fotiha (ochuvchi) deb nomlanadi. Tafsirlarda ilk sura bo‘lgani, Qur’oni Karim shu suradan boshlangani uchun shunday nomlanishi, asl ma’nosi faqat Yaratganning o‘zigagina ayonligi yozib qo‘yilgan. Fotiha so‘zi lug‘atimizga shunchalik singib ketganki, ba’zan biror marosimga boradigan bo‘lsak, duoi fotiha qilaylik, deymiz. Ya’ni Fotiha surasini o‘qib, duo qilishni maqsad qilamiz. Fotiha to‘yi ham ko‘pchilikning duosini olib to‘y boshlash, xayrli ish boshlanishidan oldin Allohga xush keladigan amallarni bajarish muddaosi bo‘lsa kerak.

Men fotiha to‘yi qanaqa marosimligi haqida ko‘p o‘yladim. Onamdan so‘radim. Onam aytdiki, “Bir hovlida bir qiz bo‘y yetgan bo‘lsa, uning ta’rifini eshitib, so‘rab-surishtirib sovchilar kela boshlaydi. Fotiha to‘yida yoshi ulug‘lar ikki yoshga bag‘ishlab, non sindirib, ulashishadi. Bunda yoshlarga keng rizq, totuv hayot, baxt-iqbol, solih farzandlar so‘rab duo qilinadi. Bu bilan shu xonadonning qizi yaqinda birovning xasmiga aylanadi, endi unga sovchi qo‘yish, surishtirish mumkin emas, deb xalqqa bildiriladi”.

Qaynonamdan so‘rasam, “Buni bizda “To‘qqiz to‘y” deyishadi. Ya’ni qiz tarafning roziligi olingach, quda taraf hadya olib keladi. Bu asosan, bo‘lg‘usi kelinga atalgan kiyim-kechak yoki imkon qadar sovg‘a-salomlar. Shu kuni sindirilgan patirdan va boshqa noz-ne’matlardan qiz dugonalariga, singillariga yaxshi niyatda tarqatadi. Erkaklar Qur’on tilovat qilib, ikki yoshga baxt tilashadi. Ayollar ham o‘z o‘rnida sovg‘a-salom, sarpo-suriq almashadi”, deydi.

Poytaxtimizda esa kuyov tomonning to‘rt-besh erkaklardan iborat vakili kelin tomonnikiga unashtirish marosimiga borishadi. Quda erkaklar yig‘ilib, ularni kutib olishadi. Shu kuni barcha oldi-berdilar, to‘y va to‘y oldidan, keyin qilinadigan barcha masalalar kelishib olinadi.

Mohiyatan bir-biriga o‘xshash bu marosim yurtimizning deyarli barcha joylarida mavjud. Ya’ni unashtirish, oq o‘rar, fotiha to‘yi, to‘qqiz to‘yi deb nomlansa-da, muddao bitta. Har ikkala tomon bir-biri bilan yaqindan tanishishadi. Qarindosh-urug‘larga qudalar tanitiladi. Eng muhimi, Alloh nomi zikr qilinib, undan bunyod bo‘layotgan oila uchun xayr-barokot so‘raladi. Menga bu yaxshi marosim bo‘lib tuyuldi. Axir Alloh taqdirini qo‘shmasa hech kim bir oila bo‘lib yashay olmaydi. Shu sabab shukronalik maqsadida dasturxon yozishning yomon tomoni yo‘q bo‘lsa kerak.

Biroq… Yaqinda qishloqqa borsam, opamlarnikiga birov taklifnoma tashlab ketdi. Pochcham va opamning nomiga kelgan bu noma fotiha to‘yiga chaqiruv ekan. Opamga og‘zaki aytishsa bormaysizlarmi, fotiha to‘yigayam taklifnoma kerakmi, deb hazillashdim. Keyin bilsam, fotiha to‘ylari ham to‘yxonalarda o‘tkazilayotgan ekan. Tabiiyki, taklifnomalar ham kattalashgan ziyofatlar uchun. Buning yaxshi tomoni – to‘y egasi kelgan-ketgan bilan ovora bo‘lib yurmaydi. To‘yxonada barchani birdek mehmon qiladi. Ayniqsa, biror joyda ishlaydiganlar uchun to‘yxonada tadbir o‘tkazish juda qulay. To‘ygacha uch-to‘rt kun, to‘ydan keyin uch-to‘rt kunlab ovora-tog‘oralardan qutiladi. Ixcham va chiroyli o‘tkaziladigan marosimni kattartirib, to‘yxonalarga olib chiqish shartmi? Fotiha kabi muqaddas sura so‘zi bilan boshlanadigan marosimni ichkiliklar (ichimliklar emas) aralashtirib, to‘yga aylantirish kerakmikan? Bunaqa savollar ko‘p. Javobi esa…

Biz turmush tarzimizni o‘zimiz o‘ylab chiqqan marosimlar bilan qiyinlashtirib yuboryapmiz. Farzandlarimiz to‘y va to‘y oldi marosimlari deb boshqa o‘lkalarda sargardon bo‘lib yurishmayaptimi? To‘g‘ri, farzandlarimiz orqasidan baland-baland orzu-havaslar qilishni yaxshi ko‘ramiz. Ularning to‘ylari, yaxshi kunlari deb yig‘inamiz. Lekin bizning orzularimiz ularning to‘ylari kechikishiga, har xil ishlar kelib chiqishiga olib kelmayaptimi? Yaqinda hikmatli so‘zlarda o‘qib qoldim: “Qayerdaki, to‘y qilish qimmat bo‘lsa, shu joyda zino ko‘payadi”. Bu gapda haqiqat borligini o‘zimiz ham ichdan tan olmayapmizmi? Yigitlarga-ku oson (har holda) uylanish to‘yini o‘tkazib olsa bo‘ldi. Bechora qiz tomon hali fotiha to‘yi qilsa, hali yigitning uyini to‘ldirib bersa, hali to‘ydan keyingi marosimlar, bir yil o‘tmay farzandli bo‘lishsa yana beshik to‘y bilan bog‘liq xarajatlar… To‘g‘ri, bu xarajatlarga kuyov tomonidan ham yordam bo‘ladi. Biroq mantiqsiz harakatlar yo‘lidagi xarajatlar qachongacha davom etadi?

Yurtimizning qaysi go‘shasiga bormang, albatta, to‘y-to‘ychiqqa taklif etishadi. Xalqimiz to‘ysevar, orzu-havasli-da, deb xursand bo‘lamiz. Biroq bir hududning odamiga boshqa bir hududning to‘ylaridagi ortiqcha chiqimlar mantiqsizday ko‘rinadi. Bunday olganda, bunaqa mantiqsizlik o‘z hayotimizda ham ko‘plab topiladi.

Yaqinda ikki ziyoli inson quda bo‘lib, farzandlarining nikoh to‘ylarini o‘tkazishdi. Shu to‘yga guvoh bo‘lganlar havas qilishdi. Mana, ma’rifiy to‘y qilsa ham bo‘larkan-ku! Men bu to‘yda bo‘lmagan bo‘lsam ham ta’rifini eshitib, havasim keldi.

Kim qanday to‘y qiladi, qanaqa orzu-havas qiladi, bu o‘ziga havola. Biroq qadahso‘z bilan yoshlarga baxt tilandimi, bu baxtda xayr yo‘q. Bu mening gapim emas. Qadahning labida shayton turadi. Duoga esa farishtalar hamroh bo‘lishadi. Endi o‘zingiz tanlang, tilaklaringizga, orzu-havaslaringizga kimni sherik qilyapsiz?

Eng yomon tomoni – muqaddas dinimiz buyurgan ishlarga hafsala va vaqt yo‘g‘u, boshqa masalalarda saxiy bo‘lib ketyapmiz. Yangi tug‘ilgan chaqaloqqa aqiqa o‘rniga beshik to‘y degan dabdabani o‘ylab chiqqanmiz. Bunda farzandni dunyoga keltirgan ota barcha vazifalardan chetga chiqib, quda tomonning matohlariga ko‘z tutib o‘tiriladi.

Sunnat bu – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning amallariga ergashish degani. Biz bu marosimni qay tarzda o‘tkazayapmiz? To‘yxona, bo‘lmasa, uyda dasturxon yozib, ichkiligu dabdabaga berilib ketamiz. Asl sunnat amalining mohiyati qolib, yana boshqa orzu-istaklarimiz rejaning birinchi qatoridan joy oladi. Isrofgarchilik bilan boshlanib, isrofgarchilik bilan tugaydigan marosimlarimiz to‘g‘risida o‘zimiz bosh qotiraylik. El qatori, eldan kam bo‘lmaylik, yoki farzandlarimiz o‘ksimasin, deb qilayotgan tadbirlarimizda biror xayr bormi?

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning zamirida inson va uning baxtu iqboli, yoshlarning porloq kelajagi, aholining tinch va sog‘-salomat umrguzaronlik qilishi turibdi. Buning uchun davlatimiz rahbari har bir sohada tub o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Biz ham shu jarayonda faol ishtirok etib, yurtdoshlarimiz bilan hamfikr bo‘lib, o‘zgarishni o‘zimizdan boshlasak, nur ustiga nur bo‘lar edi.

To‘y qilganimda… degan orzu-havaslarimizga bo‘lajak nevaralarimga kutubxona tashkil qilib beraman, farzandlarimga Islom dinining mohiyatini o‘rgataman, mening farzandim qori bo‘ladi, mening farzandim olim bo‘ladi, singari ichkin istaklarni ham qo‘shsak, illo niyatlarimiz ijobat bo‘lsa ajabmas…
Manzura ShAMS

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Fotiha to‘ylari: mantiqsiz harakatlar yo‘lidagi xarajatlar