17:50 / 25.02.2018
69 656

Kanadaning eshiklari hammaga ochiq! Ammo bu eshikdan kirishga tayyormisiz?

Kanadaning eshiklari hammaga ochiq! Ammo bu eshikdan kirishga tayyormisiz?
Sof.uz saytining navbatdagi suhbatdoshi Kanadada ko‘p yillardan beri yurist sifatida faoliyat yurituvchi, Sobirovs Law yuridik firmasining rahbari o‘zbekistonlik Rahmat Sobirovdir. Rahmat Sobirov bilan suhbatimiz yo‘nalishi hozir dolzarb bo‘lgan mehnat muhojirligi, Kanadada ish, o‘qishga joylashish va ish haqi hamda turizmni rivojlantirish kabi mavzularda bo‘ldi.

Muhim eslatma: Ushbu suhbatda bildirilgan fikr va tavsiyalar yuridik xulosa sifatida qabul qilinmasligi kerakligi ta’kidlab o‘tishimiz lozim. Huquqiy maslahat yoki huquqiy yuridik xulosa uchun Sobirovs Law yuridik firmasiga [email protected] adresiga maktub jo‘natishingiz mumkin.

Suhbatdoshimiz haqida qisqa ma’lumot:
Rahmat Sobirov (Rakhmad Sobirov) - Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetining Xalqaro huquq fakultetini 2003 yilda bitirib, Vengriyaning Budapesht shahridagi Markaziy Yevropa Universitetida (Central European University) Qiyosiy konstitutsiyaviy huquq (LL.M. Comparative Constitutional Law) yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani bitirgan. Bir necha xalqaro tashkilotlarda, xususan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Kotibiyatida (Vena, Avstriya) va Xalqaro Jinoiy Sudda (Gaaga, Gollandiya) amaliy tajriba orttirib, Kanadaning Ottava Universitetining huquq fakultetini 2011 yilda tugatgan va Juris Doctor in Common Law unvonini olgan.

Kanadaning Ontario viloyatida advokatlik litsenziyasini olgandan so‘ng Bombardier Aerospace samolyotsozlik kompaniyasida fuqaro samolyotlarini sotish, lizingga berish va moliyalashtirish (aircraft financing) sohasidagi xalqaro shartnomalar va muzokaralarni olib borish bo‘yicha huquqshunos bo‘lib ishladi. Londondagi Bird & Bird LLP xalqaro yuridik firmasida aviatsiya sohasida yurist sifati ishlagandan so‘ng, Kanadaga qaytib kelib, hozirgi kunda Sobirovs Law (www.sobirovs.com) yuridik firmasini boshqarib kelmoqda. Qiziqishlari orasiga aviatsiya va samolyotsozlik, xorijiy tillarni o‘rganish va sayohat qilish kiradi. Ona tili bo‘lmish o‘zbek tili bilan birga kundalik va ish hayotida rus, turk va fransuz tillaridan ham foydalanadi.

1. Sobirovs Law yuridik firmasi haqida qisqacha ma’lumot bersangiz.
Sobirovs Law yuridik firmasi 2012 yili Toronto shahrida tashkil etilgan bo‘lib, Kanada aholisiga va Kanadaga kelmoqchi bo‘lgan yoki Kanada bilan tijoriy aloqalar qilmoqchi bo‘lgan insonlarga va kompaniyalarga xizmat ko‘rsatadi.

Firmamizning asoschilari – oilam Feruza Djamalova va men – O‘zbekistonda, Yevropada va Kanadada huquqiy ta’lim olgan va Kanadaning Ontario viloyatida advokatlik litsenziyasini olgan advokatlardir.

Undan tashqari firmamizda Kanada Chegara Hizmatlari Agentligiga ishlagan yosh advokatimiz hamda Germaniya va Ozarbayjonda ta’lim olgan 2ta stajyor advokatlar ham ishlashadi. Jami 8ta tilda bemalol gaplasha oladigan tajribali bir jamoasi bo‘lgan yuridik firmamiz. Aholiga xolis va ochiq yuridik maslahat berish bu eng asosiy maqsadimizdir.

Firmamizning asosiy faoliyatlaridan biri bu immigratsiya huquqi (immigration law). Kanadaga vaqtincha yoki doimiy yashash uchun kelmoqchi bo‘lgan jismoniy shaxslarga va Kanada bozoriga kirmoqchi bo‘lgan yuridik shaxslarga, ishbilarmonlarga va kompaniyalarga strategik yuridik yordam ko‘rsatamiz.

Faoliyatimizning yana bir sohasi bu tijorat va biznes huquqi (commercial & business law). Yuridik shaxslarga Kanada bozoriga kirish uchun barcha yuridik xizmatlarni ko‘rsatamiz. Masalan, Kanadada yangi korxona ochish, filial ochish, import-eksport masalalari va shunga o‘xshash xizmatlar taqdim etiladi. Ayni paytda Bombardye Fuqaro Samolyotlari (Bombardier Commercial Aircraft) kompaniyasiga tijoriy shartnomalar bo‘yicha mustaqil konsultant sifatida yordam beramiz.

Yuridik firmamiz haqida to‘liqroq ma’lumotni www.sobirovs.com Internet sahifasidan olishingiz mumkin.

2. O‘zbekistonda ofisingiz yoki vakolatxonangizni ochish rejangizda bormi?
Bugungi kunda firmamizning O‘zbekistondan mijozlari juda kam. Aksariyat mijozlarimiz Kanadaga kelgan va bu yerda qonuniy yo‘llar orqali qolmoqchi bo‘lgan insonlardir. Kanadaning tashqarisidan esa Yevropadan, Birlashgan Arab Amirligidan, Turkiyadan, Rossiyadan va Xitoydan ko‘plab insonlar bizga murojaat qilishadi. O‘zbekistondan esa asosan ishlash uchun kelmoqchi bo‘lganlar ko‘p.

Hozirchalik O‘zbekistondan maktab va universitet yoshidagi insonlarga Kanada ta’lim sistemasiga yo‘l ochish va Kanada va O‘zbekistondagi ishbilarmonlar orasida bir ko‘prik bo‘lishga oid loyihalar ustida ishlayapmiz. Yaqin kelajakda bu loyihalar haqida ham ma’lumot beramiz. Rejalashtirgan loyihalarimiz amalga oshsa, O‘zbekistonda ham bir ofis ochish ehtimoldan holi emas.

3. Kanadaga qisqa muddatga, masalan, olti oyga o‘qish yo ishlash uchun borish mumkinmi?
Bu savolni ikki qismga bo‘lib javob beraman.

Kanadaga qisqa muddatga kelish mumkin. Turist vizasi olib 6 oydan oshmaydigan o‘quv kurslariga kelsa bo‘ladi. Bunga bir misol – ingliz tilini o‘rganish kurslaridir. Agar bunday o‘quv kursiga kelsangiz, maxsus o‘qish ruxsati (study permit) olmasdan ham kelsangiz bo‘ladi. O‘quv kursi 6 oydan ko‘proq bo‘lsa, unda o‘qish ruxsatini olishingiz kerak bo‘ladi.

Qisqa muddatli ishga kelish masalasi boshqacha va biroz murakkabroq. Murakkabligi shundaki, qisqa muddat uchun ish ruxsati (work permit) kerak bo‘ladi.

Savolingizga qisqa javob beradigan bo‘lsam, ha qisqa yoki uzoq muddatga ishlashga kelishingiz mumkin. Eng asosiysi, sizga ish beruvchi Kanadadagi korxona sizni kim sifatida Kanadaga olib kelmoqchi va qonunchilikda ko‘rsatilgan barcha talablarni bajarib, sizni Kanadaga ishga taklif qilishidir. Ish ruxsatlari turli xil bo‘lgani uchun ish beruvchi va ishchi kanadalik immigratsiya bo‘yicha advokat xizmatidan foydalansa yaxshi bo‘ladi. Advokat o‘z navbatida ish beruvchi, ishchi va o‘rtada turgan ish topish bo‘yicha agentlikning bir-biriga bo‘lgan huquqiy munosabatni tahlil qilib, bir huquqiy yechim taklif qiladi.

Ishchi bo‘lmoqchi bo‘lganlar 2ta narsani hech esdan chiqarmasligi kerak:
1) Kanadaga ishga kelish Rossiya yoki boshqa qo‘shni davlatlarga ishga borishdan juda farq qiladi.
2) Kanadaga ishga kelish uchun ingliz tili yoki fransuz tilini yaxshi bilish kerak, chunki dunyoning barcha davlatlaridan Kanadaga ishchi keladi. U ishchilar esa ingliz yoki fransuz (ba’zida esa ikkovini ham) tilini yaxshi bilishadi.

Sobirovs Law yuridik firmasining bu masalada tajribasi ko‘p. Asosiy tajribamiz, Kanadaga qisqa muddatli shartnoma asosida IT mutaxassislariga ish ruxsati olish bilan bog‘liq. Kanadaning katta korxonalari chet eldan ma’lum bir proyekt uchun 2-3 oyga kuchli mutaxassislarni chet eldan olib kelishadi. Shu masalada biz ko‘p yordam berganmiz.

Bundan tashqari ko‘plab tadbirkorlar va kompaniyalarga Kanadada o‘z filiallarini ochishga va Kanada bozoriga kirishga yordam berganmiz. Bir tadbirkor yoki kompaniya o‘z filialini Kanadada ochsa, chet eldagi korxonasidan insonlarini Kanadaga yangi ochilgan filialda ishlashga jo‘natishi mumkin.

4. Hozir mehnat muhojirligi dunyo bo‘ylab tarqalgan chog‘da, albatta, hammani maosh masalasi qiziqtirishi tabiiy. Kanadada kundalik xarajatlardan (turarjoy, oziq-ovqat) orttirib bir yilda qancha jamg‘arish mumkin?
Juda o‘rinli savol. Axir, o‘z oilasi va vatanini tashlab uzoqlarga ishga borsayu, bunday ishdan biror foyda ko‘rmasa, bu ishdan bir naf bo‘lmaydi.

Kanada 10ta viloyat va 2ta territoriyadan tashkil topgan federal davlat bo‘lib, hududi bo‘yicha dunyoda Rossiyadan keyin 2-o‘rinda turadi. Oylik masalalarini har bir viloyat o‘zining shart sharoitlaridan kelib chiqqan holda hal etadi. Ya’ni oddiy qilib aytsak, har bir viloyatda xarajatlar va daromadlar har xil bo‘lishi tabiiydir.

Misol sifatida aholisi eng katta bo‘lgan Ontario viloyatini olaylik. Bu yerda yaqinda chiqqan qonunga muvofiq eng kam ish haqi soatiga $14 Kanada dollaridir. Taxminan bir ish haftasi 40 soat bo‘lsa, unda haftasiga kamida $560 bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Albatta, bundan davlat soliq oladi. Bu minimum daromad misoli deb qabul qilsangiz bo‘ladi. Ko‘pincha bunday minimum oylikka talabalar va tajribasiz ishchilar ishlaydi. Mutaxassisligingizga qarab soatlik daromadingiz yuqoriga qarab o‘zgarishi mumkin.

Oylikdan tashqari ish beruvchi o‘z ishchilariga tibbiy sug‘urta, bonus oyliklar va to‘langan dam olish kunlari beradi. Bu faqatgina qonuniy yo‘l bilan ishlovchilarga beriladi.

Nelegal va noqonuniy yo‘l bilan ishlovchilarning oyliklari haqida ma’lumotimiz yo‘q. Lekin taxminimiz shuki, noqonuniy ishlarda oylik kamroq bo‘ladi hamda ijtimoiy himoya va sug‘urtalar berilmaydi.

Bir kishiga yashash xarajati o‘sha kishining yashash tarziga bog‘liqdir. Lekin talabalarni misol qilib qarasak, talaba bo‘lib Kanadaga kelmoqchi bo‘lgan inson oyiga $1000 Kanada dollari yashash xarajati bo‘lishi kutiladi. Xuddi shunday bir ishchi ham shuncha xarajat qilishini hisoblasa noto‘g‘ri bo‘lmaydi.

Bir yilda qancha pul to‘plash mumkin degan savolga, taxminiy hisoblab yil bo‘yicha haftasiga 40 soat ishlagan odam, agar kutilmagan xarajatlar bo‘lmasa, menimcha, kamida 15 ming Kanada dollari to‘plashi qiyin bo‘lmaydi. Albatta, bu faqatgina taxmin va insonning o‘ziga ko‘p narsa bog‘liqdir.

5. Bilasizmi, siz bilan suhbatga tayyorgarlik jarayonida o‘quvchilarimiz ish topish, suhbatdan o‘tish, til masalasi, agentliklar uncha muammo tug‘dirmasligini, asosiy muammo viza ekanligini aytishdi. Nega Kanadaga viza masalasi bunchalik murakkab deb o‘ylaysiz?
Kanada elchixonasiga ko‘p o‘zbekistonliklar turist vizasiga murojaat qilishadi, chunki boshqa xil vizalarga (masalan, o‘qish uchun va ishlash uchun) xarajatlar va talablar yuqoridir.

Turist deganda Kanada tomoni o‘ziga to‘q, vatanida ishi, mol-mulki va bog‘lab turgan ko‘plab omillari bo‘lgan, Kanadaga sayohatga borib, bu sayohatga bemalol moliyaviy sharoiti yetadigan, sayohat tugagandan keyin esa Kanadaning qonunlarini buzmasdan vataniga tinchgina qaytib keladigan odamni tushunadi. Turistik viza orqali Kanadaga qarindoshi yoki tanishini ko‘rgani kelmoqchi bo‘lganlarga ham bu “turist” tushunchasi tegishlidir.

Savol shu - turist vizasiga topshirayotgan insonlar shu “turist” tushunchasiga mos keladimi? Bu Kanada elchixonasidagi viza beruvchi xodimni eng ko‘p o‘ylantiradigan savoldir.

Kanada dunyoning eng rivojlangan davlatlari orasidadir. Bu yerga turist bo‘lib kelgan odamning xarajatlari ko‘p bo‘ladi va dunyoning ko‘pgina davlatlarning aholisi uchun juda qimmat turistik maskan hisoblanadi.

O‘zbekistonliklarning viza olishidagi qiyinchiliklariga bir sabab aynan mana shu “turist” tushunchasiga mos kelmasligidadir. O‘zbekiston aholisining ko‘pchiligi Kanadaga turist bo‘lib borishga kuchli niyati bo‘lsa ham aslida sharoiti bo‘lmasligi mumkin.

Undan tashqari ko‘plab misollarda ko‘rganimizdek o‘zbekistonliklar Kanadaga turist bo‘lib kelgandan keyin Kanadada noqonuniy yo‘llar bilan qolib ketishmoqda va o‘sha “turist” degan tushunchaga mos emasliklarini ko‘rsatishmoqda. Agar shu mantiqiy zanjirni davom ettirsak, Kanadaga kelib noqonuniy yo‘llar bilan qolib ketgan va noqonuniy ishlab yurgan har bir o‘zbekistonlik kelajakda Kanada vizasini olaman (o‘qish uchun yo sayohat uchun yoki boshqa biror vaqtinchalik maqsad uchun), degan o‘zbekistonlikning yo‘lini to‘sgan bo‘ladi. Bu mening shaxsiy fikrim, albatta.

Shu narsalardan xabardor bo‘lganimiz uchun bizning yuridik firmamiz o‘zbekistonliklarni Kanadaga qonuniy yo‘l bilan va barcha haq-huquqlari himoyalangan holda haqiqatan turist yoki talaba yo ishchi bo‘lib kelishlarini istaydi.

Shu maqsadda fevral oyida Toshkentda birinchi seminarimizni o‘tkazdik va seminar qatnashuvchilariga Kanada haqida huquqiy va ochiq ma’lumot berishga harakat qildik. Kelajakda bunday seminarlarni Internet orqali yoki bir belgilangan joyda o‘tkazish niyatimiz bor. Maqsadimiz – xalqimizga to‘g‘ri ma’lumotlarni berish va har xil firibgarlardan asrash. Afsuski, hozir O‘zbekistonda Kanadaga ishga olib ketaman deb insonlarni aldab yurgan firibgarlar ko‘p ekanligi haqida ma’lumotlar kelib turadi.

6. Bizning oliy o‘quv yurtlarining diplomlari u yerda o‘tadimi?
O‘zbekiston o‘quv yurtlarining diplomini qaysi maqsadda ishlatmoqchi ekanligingizga bog‘liqdir. Masalan, Kanadaga immigratsiya qilib butunlay ko‘chib kelmoqchi bo‘lsangiz, unda O‘zbekistonda olgan diplomingizni Kanadadagi qaysi diplomga teng bo‘lishi haqida xulosani olishingiz mumkin. Bunday xulosa esa immigratsiya uchun qabul qilinadi.

Agar Kanadada diplomim yordamida bir ish topaman, deb harakat qilsangiz, unda ish beruvchi sizning O‘zbekistonda olgan diplomingizni o‘z xohishiga qarab qabul qilishi yoki qilmasligi mumkin.

Yana ish masalasida. Kanadada ma’lum bir kasblar borki, ularni davlat qattiq nazoratga olgan. Bular, masalan, advokat, shifokor (doktor) va injenerlik kasblaridir. Bu kasblar bo‘yicha ishlayman va O‘zbekistondan olgan diplomlarim yetarli bo‘ladi, deb o‘ylasangiz, katta xato qilgan bo‘lasiz. Faqatgina O‘zbekistonda olgan diplomlaringiz bilan Kanadada bu kasblarda ishlolmaysiz. Qo‘shimcha yoki ba’zan butunlay boshidan bu kasblarga tegishli universitet o‘quv programmalarida o‘qishingiz kerak bo‘ladi.

Ko‘p narsa siz Kanadada nima qilmoqchi ekanligizga bog‘liq. Shu maqsadingizni aniq bilgandan keyin Kanadada mening O‘zbekistonda olgan diplomlarim qabul bo‘ladimi yoki yo‘qmi, deb izlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

7. Kanada ta’lim tizimidan biz o‘rganadigan jihatlari nima deb o‘ylaysiz, deb savol yo‘lladi Isroil Tillaboyev ismli o‘quvchimiz.
Kanada o‘quv tizimida va ayniqsa universitet darajasidagi o‘quv tizimidan o‘rganiladigan narsalar mana bular deb o‘ylayman:

1) Tanqidiy fikrlash, chuqur tahlil va fikrlarning turliligi: Kanada universitetlarida faktlarni yodlashga umuman urg‘u berilmaydi. Eng asosiy va ko‘p o‘rgatiladigan narsa bu qanday fikrlash. Masalan, tarixga oid darslarda, nima bo‘ldi va qachon bo‘ldi, degan savol emas, balki “Nega bunday bo‘ldi? Buni kelajakka ta’siri nima edi? Qanday qilib bu voqeaning ta’sirini bugungi kunimizda ko‘rishimiz mumkin?” degan savollarga javob qidiriladi.

2) Imtihonlarni bir loyiha yoki ochiq kitob shaklida o‘tkazilishi: O‘qitilayotgan fanga aloqador bir loyiha qilish yoki o‘sha fandan tahliliy imtihon qilish va talabalarga imtihon paytida istagan kitoblardan foydalanish imkonini berish. Baribir talaba tahliliy bir imtihonning javobini hech qachon bitta kitobda yaqqol topolmaydi. Bunday imtihon uchun talaba bu fanni to‘liq o‘zlashtirgan bo‘lishi va mavzularni tahlil qila olishi kerak bo‘ladi.

3) Tanlangan yo‘nalishga aloqasi bo‘lmagan fanlardan voz kechish va talabaga o‘ziga kerak bo‘lgan fanlarni tanlashga imkon berish: Bu narsa juda muhim chunki talaba 4-5 yil hayotini va mablag‘ini o‘qishga bag‘ishlar ekan, u faqatgina o‘ziga kerakli bo‘lgan va tanlagan yo‘nalishiga tegishli bo‘lgan fanlarni o‘qishga haqlidir. Shunday o‘qisagina bir inson mutaxassis bo‘lib yetishadi.

8. Turistik sohada ishlaydigan To‘xtasin Ergashev savol bermoqda: turistik sohada Kanada darajasiga chiqish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rishimiz lozim?
Kanadaning turistik salohiyatini ko‘rsatadigan bir ma’lumot keltiray. Kanadaning eng yirik shahri bo‘lgan Torontoga 2017 yili 43 million turist kelibdi. O‘z navbatida buncha turist esa mahalliy iqtisodiyot uchun 8.8 milliard dollar olib kelishibdi. Mahalliy ish bozorida 300 mingga yaqin ish o‘rinlari turizm sohasiga bog‘liq ekan. Bunday rekord raqamlarga Toronto shahri va umuman Kanada qanday erishdi?

Menimcha, avvalambor bu Kanadaning boshqa dunyo davlatlari bilan transport vositalari orqali juda yaxshi bog‘liqligi, deb o‘ylayman. Ayniqsa, havo yo‘llari orqali Kanadaning bir necha katta aeroportlari to‘g‘ridan to‘g‘ri dunyoning bir necha yirik shaharlari bilan bog‘langan. Xususan, Toronto shahridagi Pirson xalqaro aeroporti yo‘lovchi oqimi bo‘yicha Shimoliy Amerikada Nyu-Yorkdagi Kennedi xalqaro aeroportidan keyin 2-o‘rinda turadi va aeroport turizmga o‘zining katta hissasini qo‘shadi. Toronto aeroporti yiliga 44.3 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi va 2030 yilgacha yo‘lovchi sonining 65-70 millionga yetishi kutilmoqda.

Ikkinchidan, Kanada ko‘plab rivojlangan davlatlarning fuqarolariga vizasiz sayohat qilish imkonini bergan. Masalan, Yevropa Ittifoqi fuqarolari faqatgina internet orqali olinadigan elektron sayohat ruxsati yordamida Kanadaga bemalol turist sifatida kelishlari mumkin. Xuddi shunday yo‘nalishda hozirgi O‘zbekistonda ham o‘zgarishlar bor. Bu o‘zgarishlarni yanada davom ettirish zarur. Internetni yanada ko‘proq ishlatish zarur.

Uchinchidan, Kanadaning tabiati juda go‘zal va bu go‘zallik juda yaxshi saqlanib kelmoqda. Kanadada yilning to‘rt mavsumini to‘liq yashash mumkin va har bir mavsum uchun tegishli turistik dasturlar tashkillashtirilgan. Masalan, Kanadaning bir necha joylarida qishda kemping, ya’ni o‘rmon ichida palatkangizni qurib bemalol hordiq chiqarishingiz mumkin.

To‘rtinchidan, Kanada aholisi chindan ham xushmuomalali bo‘lib, mehmon qayerdan kelgan bo‘lmasin har doim hurmat qilib yordam bergisi keladi. Kanada o‘zining bag‘rikeng aholisi bilan faxrlansa bo‘ladi. Boshqa bir davlatlarda bo‘lgan turistga turist sifatida muomala qilish bu yerda yo‘q. Masalan, Istanbul yoki Londonga borsangiz, albatta, turistga nisbatan o‘zgacha muomala ko‘rasiz. Kanadada esa aksincha, turistga bir inson, bir mehmon va bir qadrdon sifatida yuzda tabassum bilan muomala qilishadi.

Beshinchidan, Kanada turistlarni o‘ziga jalb qilishi uchun o‘zining kuchli tomonlariga e’tibor bergan. Masalan, Kanadaning tabiati juda go‘zal va chindan ham toza. Shu kuchli tomonini ishlatib ekologik turizmga katta e’tibor bergan. O‘zbekiston ham eng avval o‘zining kuchli salohiyatlarini aniqlab, o‘sha tomonga katta e’tibor berishi kerak. Misol uchun, O‘zbekistonning musulmon olamidagi o‘rni beqiyos. Dunyoning ko‘plab musulmon turistlari Buxoro va Samarqandni ko‘rgisi keladi, Vatanimiz tuprog‘ida yotgan ko‘plab buyuk ulamolarning qabrlarini ziyorat qilgisi keladi. Shunga katta e’tibor bersak, juda ko‘plab turistlar keladi. Ikkinchi kuchli tomonimiz bu o‘zbek milliy taomlari. Bunga oid turistik dasturlar tashkil qilish mumkin. Shunga o‘xshash boshqa davlatlarda bo‘lmagan salohiyat O‘zbekistonda bor.

Fikrimning so‘ngida, aviatsiya sohasiga qiziqqanim va bu sohada tajribam bo‘lgani uchun yana bir jihatni aytib o‘tmoqchiman. O‘zbekistonning jo‘g‘rofiy joylashuvini inobatga olib, turist olib kelish uchun aviatsiyani keskin rivojlantirish kerak. Kelasi 5-7 yilda O‘zbekiston Havo Yo‘llari milliy aviakompaniyasi bunda muhim rol o‘ynashi shart. Bu vaqt ichida avikompaniyaning samolyotlar soni kamida 2 baravarga ko‘payishi kerak va kompaniyaning ish yuritish madaniyati tubdan o‘zgarishi zarur. Bu o‘zgarishlarni amalga oshira bilish va aviakompaniyaga investitsiya kirib kelishi uchun kompaniyani qisman bo‘lsa ham xususiylashtirish lozim. Bu juda katta va chuqur mavzu bo‘lganligi uchun unga alohida bir suhbat tashkil qilsak yaxshi bo‘lardi. Hozircha, shu fikr bilan so‘zimni yakunlay.

9. Kanadada mehnat muhojirlari uchun qanday sharoit yaratilgan va qanday imtiyozlar mavjud?
Eng muhim imtiyoz va haq bu Kanadada belgilangan eng kam ish haqidan pastroq oylik berilishi qonunsiz hisoblanishidir. Albatta, ish beruvchi boshqa imtiyozlarni ham taqdim qilishi mumkin. Imtiyozlar qayerda, qaysi sohada va qaysi korxonada ishlashingizga bog‘liq.

Mehnat muhojirlariga taalluqli ba’zi imtiyozlar mana bulardir:
1) Ijtimoiy sug‘urta mavjudligi. Masalan, ishda mayib bo‘lib tan jarohati olganlar tegishli tashkilotlar orqali sug‘urta pulini olishi mumkin;
2) Ish beruvchi xavfsiz ish joyi tashkil etishi kerak;
3) Kanadaning va tegishli viloyatning rasmiy bayramlarida dam olish;
4) Agar ish beruvchi korxona ishlash vaqtidan so‘ng ishchining qo‘shimcha soat ishlashini xohlasa, unda soatlik ish haqini 1,5 baravar oshirib berishi kerak bo‘ladi;
5) Chet eldan kelgan ishchi o‘zining huquqini himoya qilish uchun Kanada sudlariga murojaat qila oladi;
6) Agar kam to‘lanadigan oylikka ishlayotgan bo‘lsa, ish beruvchi ishchining moliyaviy sharoiti ko‘taradigan turar joy bilan ta’minlashi kerak;
7) Umuman ish beruvchi Kanadadagi barcha tegishli ish standartlariga rioya qilishi shart. Chet ellik muhojir ishchilarni kamsitmasligi va ularga nisbatan qonun doirasida muomala qilishi shart.

10. Kanadada muhojirlar asosan qaysi sohalarda faoliyat yuritadi va maoshi qancha?
Muhojir deb Kanadaga butunlay ko‘chib kelgan insonlarni nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, unda bunday muhojirlar xususiy va davlat sektoridagi barcha sohalarda faoliyat ko‘rsatadi. Hatto, o‘zi Kanadaga muhojir bo‘lib kelgan inson hozir mana Immigratsiya Vaziri lavozimida ishlaydi. Bunday misollar juda ko‘p. Bunday natijaga asosiy sabab bu davlat muhojirlarning har tomonlama yetuk, tajribali va bilimlilarini tanlab ularni Kanadaga doimiy yashashi va kelgusida o‘z fuqarosi bo‘lishini istashidir.

Umuman olganda Kanada immigratsiya tizimi eng maqbul insonni tanlashga qaratilgan. Hech qanday lotereya tizimi yo‘q. Inson so‘ralgan talablarga javob beradimi? Unda Kanadaga marhamat. Javob bermasa, “unda uzr, borib tayyorlanib keling”, degandek harakat qilinadi. Buni to‘g‘ri tushinish kerak, chunki Kanada o‘z manfaatlarini inobatga olib, o‘ziga kelajakda fuqaro bo‘lish salohiyatiga ega insonlarni tanlaydi.

Agar muhojir deb vaqtinchalik ish uchun kelganlarni nazarda tutsangiz, unda bunday muhojirlarning aksariyati maishiy xizmat sohasida ishlaydi, desak noto‘g‘ri bo‘lmaydi. Juda ko‘p muhojirlar qurilish ishlarida ham ishlashadi. Undan tashqari, xususiy biznes bilan shug‘ullanadiganlar ham juda ko‘p. Masalan, import-eksport sohasida muhojir o‘z vatanidan biror-bir narsani Kanadaga, Kanadadan esa boshqa narsalarni o‘z vataniga olib borib sotishga harakat qilganlar juda ko‘p.

Ko‘pgina bilimli va tajribali o‘zbekistonlik muhojirlar hamma sohada bor desam noto‘g‘ri bo‘lmaydi. Ular orasida doktor, yurist, iqtisodchi, oshpaz, og‘ir yuk tashuvchi mashinalarning haydovchilari, qurilish kompaniyasida boshqaruvchi, tarjimon, aviatexnik, universitetda professor va boshqa turli xil kasblarda ishlab yurganlar bor.

11. Farg‘onadan Jahongir ismli yigit 3ta savol berdi. O‘zbekistonda oliy ma’lumotga ega bo‘lganlarning Kanadada ishga joylashish tartibi qanday?
Bu masalada ilk qadam mana bu savolga javob topishdan boshlanadi. “Men Kanadadagi ish beruvchiga Kanadada topilmagan ishchi bo‘la olamanmi?” Ya’ni, qonunga ko‘ra, Kanadadagi bir korxonaga ishchi kerak bo‘lsa, u korxona oldin Kanada ichidan kerakli ishchini topishga harakat qilishi kerak. Agar bunday ishchi topilmasa, unda Kanada davlat organidan ruxsat olib, Kanada tashqarisidan ishchi olib kelishi mumkin. Bu yo‘l bilan olib kelingan ishchiga Kanada standartlariga mos shaklda munosabatda bo‘lib, oylikni ham xuddi bir kanadalikka berganidek berishi kerak. Ya’ni tashqaridan ishchi olib kelaman va unga 2 baravar kamroq oylik berib, ishlataman degan korxona noto‘g‘ri fikr qilgan bo‘ladi.

Oliy ma’lumotli o‘zbekistonlik mutaxassis o‘zining sohasida yetuk bo‘lsagina o‘z sohasidagi bir ishga joylashishi mumkin. Bu oson bo‘lmasligi mumkin, chunki mavjud ish joyiga butun dunyodan minglab odam topshirishi mumkin. Ularga raqobatda bas keladigan darajada bo‘lishi kerak.

Tashqaridan turib Kanadada ish topish ancha murakkab narsa. Agar nomi chiqqan kuchli mutaxassis bo‘lsa, balki osonroq bo‘lar. Ish topish masalasiga ko‘plab omillar ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, siz Kanadaning qaysi shahrida ishlashni xohlaysiz? Agar Toronto, Monreal va Vankuverga o‘xshash yirik shaharlarda ish topmoqchi bo‘lsangiz, unda juda qattiq harakat qilishingiz talab etiladi. Ishga topshirish uchun tayyorlangan rezyumengiz qay darajada? Kanada standartlariga javob beradimi? Bu rezyume boshqalardan sizni qanday qilib ajratib turadi? Ingliz yoki fransuz tillarini bilishingiz qay darajada? Chet elda olingan diplomlarning Kanadada qadri qanchalik baland? Bularga o‘xshagan ko‘plab savollarga javob topishingiz kerak.

Sobirovs Law Kanadada joylashgan yuridik firma sifatida hozir bir loyiha ustida ishlayapmiz. Bu loyihaga asosan, Kanadaning barcha viloyatlari va shaharlarida qanday ishchilar kerakligini taxminiy bo‘lsa ham bilishga intilyapmiz. O‘sha yerlardagi talabni bilgandan keyin dunyoning barcha mamlakatlaridan (xususan, O‘zbekistondan ham) talablarga javob bera oladigan ishchilarni topishga harakat qilamiz. Bu loyihada kanadalik bir rekruting agentligi bilan hamkorlik qilmoqchimiz. Bu loyiha haqida kelajakda yanada ko‘proq ma’lumot beramiz.

Bu loyihani qilishga sabab shu bo‘ldi. Ko‘p insonlar bizga murojaat qilishadi, kanadada qonuniy bir ish topishga yordam bera olasizlarmi deb. Shu bois yanada foydaliroq xizmat ko‘rsatish uchun yuridik firmamiz bu loyihani niyat qildi.

12. Kanadaga ko‘chib ketishni niyat qilganlar avvalo ishni nimadan boshlashi kerak? Ko‘chib ketish bosqichlari haqida batafsil ma’lumot bersangiz?/b]
Kanadaga ko‘chib kelaman, degan inson eng avval qaysi immigratsiya dasturiga to‘g‘ri kelishini aniqlab olishi kerak. Agar biror dasturga to‘g‘ri kelmasa, unda o‘z ustida ishlab, tayyorgarlik qilish kerak va imkoni yetadigan immigratsiya dasturiga puxta tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

Ma’lum bir immigratsiya dasturi aniqlangandan keyin esa o‘sha dasturning barcha talablarini bajarishi lozim. Tabiiy bir savol tug‘iladi – hayotdagi eng muhim qadamlardan biri bo‘lmish – boshqa bir davlatga butunlay ko‘chib ketish qadamini o‘zim bosaymi, yoki Kanada immigratsiya huquqi va tartiblarini yaxshi tushunadigan, tajribali bir advokat yordamidan foydalanaymi? Albatta, bu qarorni inson o‘zi hal qiladi. Lekin advokat bilan ishlashning foydalari talaygina. Bular haqida keyingi intervyularda to‘xtalib o‘tamiz.

Immigratsiya qadamlari qanday bo‘lishi Kanadaga ko‘chib kelmoqchi bo‘lgan insonning kimligi, bilimi, tajribasi, kasbi, ingliz yoki fransuz tillarini bilishi va moddiy sharoitiga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun bizning yuridik firmamiz bir insonga maslahat yoki xizmat ko‘rsatishidan oldin, o‘sha insonni yaxshi tanishimiz kerak bo‘ladi. Olingan ma’lumotlarga tayangan holda u insonga maslahat beramiz.

Bosqichlar haqida umumiy qilib gapiradigan bo‘lsak, har bir immigratsiya dasturini 4 bosqichdan iborat desa bo‘ladi:
1) Tayyorgarlik va hujjatlarni topshirish – bunda kishi tegishli talablarni bajarish uchun tayyorgarlik ko‘radi (masalan ingliz tilidan IELTS sinoviga tayyorgarlik) va kerakli hujjatlarni topshiradi. Bu juda muhim bosqich va bu bosqichda xato qilish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Hujjatlarda biror noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar berilsa, Kanadaga kelish yo‘llari yopilishi mumkin.

2) Topshirilgan hujjatlarning Kanada tomonidan qarab chiqilishi – bu bosqichda Kanada elchixonasi yoki immigratsiya ministrligi xodimlari tomonidan topshirilgan barcha hujjatlar sinchiklab qarab chiqiladi. Qo‘shimcha ma’lumot kerak bo‘lsa, topshirgan insondan yoki uning advokatidan so‘raladi.

3) Tibbiy ko‘rikdan o‘tish va oldin sudlanmaganlik haqida hujjatlarni taqdim etish yoki yangilash bu bosqichdagi eng muhim masaladir. Kanada davlati hujjatlariga qarab tanlagan odamning Kanadaga kirishiga biron to‘sqinlik bormi, degan savolga javob olishga harakat qiladi. Shuning uchun inson tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak va sudlanmaganligini isbotlashi kerak. Oldin jinoyat qilgan insonlarni Kanada qabul qilgisi kelmaydi. Albatta bu qilingan jinoyatning turi va sanasiga ham bog‘liqdir. Masalan, ko‘p yillar oldin bir kichkina buyumni do‘kondan o‘g‘irlagani uchun sudlangan bo‘lsa, unda bu kichik jinoyatdan keyin insonning qanday hayot kechirgani juda muhim rol o‘ynaydi. Yana bir muhim jihat shuki, sodir etilgan jinoyat Kanadada ham jinoyat deb hisoblanadimi yoki yo‘qmi.

4) Kanadaga kirib kelish va immigrant statusini olishdek yuqoridagi uch bosqichdan o‘tgan inson o‘zi yoki oilasi bilan Kanadaga kirishi kerak bo‘ladi. Kirganidan keyin esa ularga “doimiy ravishda yashovchi” (“permanent resident”) statusi beriladi. Bu status bilan saylovlarda qatnasholmaysiz, lekin qolgan barcha masalalarda xuddi Kanada fuqarosi sifatida harakat qilishingiz mumkin. Kanadada tug‘ilgan farzandlar avtomatik ravishda Kanada fuqarosi hisoblanadi.

[b]13. Bilishimizcha, tilni bilish, muayyan bir sohada ishlaganlik uchun ma’lum ball berilar ekan. Shu haqida ham ma’lumot bersangiz?

Kanadaga butunlay ko‘chib kelishga oid eng mashhur immigratsiya dasturi bu Express Entry dasturidir. Bu dasturga ko‘ra Kanada ko‘chib kelmoqchi bo‘lgan insonlarga yoshi, oliy ma’lumoti, ingliz va fransuz tilini bilishi, ish tajribasi, Kanadada qarindoshi borligi va boshqa bir necha omillarga qarab ball beradi. To‘plangan ballarga qarab insonlarni tanlaydi va Kanadaga doimiy yashash uchun taklif qiladi. Agar inson hamma talablarga javob bersa va yetarli ball to‘plasa, taxminan 6 oy ichida Kanadaga doimiy yashovchi sifatida kelishi mumkin.

14. Janubiy Koreyada magistraturada o‘qiydigan talabadan savol: Kanadaga talaba almashish dasturi asosida (exchange student bo‘lib) o‘qishga bormoqchiman. Talabalik vizasini olish shartlari va viza berishda nimalarga ko‘proq e’tibor berilishi haqida nima deya olasiz? Umuman olganda, Kanada universitetlarida ta’lim olish istagidagi o‘zbekistonliklarga qanday tavsiya berasiz?
Juda dolzarb savol bo‘libdi. Hozirda ko‘plab chet davlatlarda o‘qib yurgan o‘zbekistonlik talabalar Kanadada o‘qishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqdalar. Bunday talabalarga quyidagi umumiy tavsiyalarni bermoqchimiz:
1) Kanadadagi barcha universitetlar juda sifatli bilim beradi. Universitetlararo reyting tizimi AQSHdagidek emas. Ya’ni katta yoki kichkina shaharlarda joylashgan universitetlar yuqori standartlarga asoslanib bilim beradi.
2) O‘qishni bitirib Kanadada ishlayman va kelajakda Kanadada yashayman degan talabalarga tavsiyam – Kanadani yaxshi o‘rganing, bu yerda qaysi sohada ish ko‘p va kelajak bor, shuni toping va o‘qishingizni ham shunga qarating.
3) Talabalik vizasini olish uchun hujjatlaringizni puxta va xatosiz tayyorlang. Kerak bo‘lsa, hujjatlarni tayyorlab bir tajribali advokatga tekshirtiring va kamchiliklar aniqlansa, ularni tuzating.
4) Talaba vizasini olishda Kanada elchixonasining asosiy savollar – bu talaba o‘qishi tugaganidan keyin o‘z Vataniga qaytib ketadimi? Bu talaba nega aynan Kanadada shu o‘quv dasturini/diplomini tanladi?
5) Shuning uchun tavsiyam albatta vizaga topshirganda bir “letter of explanation” yoki “statement of purpose” yozing, batafsil qilib o‘z o‘quv va ish rejalaringizni hamda nega Kanadadagi shu universitetni tanlaganingizni tushuntiring.
6) Albatta o‘qish xarajatlarini qanday qoplashingiz haqida ham hujjatlar berilishi kerak. Kerakli mablag‘larni ko‘rsatadigan bank hisobi va shu hisobning 4-6 oylik hisob daftarchasi (bank statement). Yoki homiyingiz bo‘lsa, undan maktub va uning mablag‘i borligi haqidagi hujjatlar kerak bo‘ladi.

Kanadaga talaba sifatida kelishning foydalari juda ko‘p. Ba’zilarini shu yerda aytib o‘tay:
1) Talaba o‘qish paytida belgilangan soat ishlashi mumkin. Yoz ta’tillarida esa “full-time” yani to‘liq kun ishlasa bo‘ladi. Bunga Kanada davlati ruxsat beradi. Lekin o‘qish pulini ishlab topaman, degan inson noto‘g‘ri qilgan bo‘ladi. Ishlash bu Kanadada ish tajribasi orttirish imkoni sifatida qabul qilinishi kerak.
2) O‘qishni bitirgandan keyin esa Kanadada ishlash ruxsatini (“work permit”) olishi mumkin. Masalan, 1 yil talaba sifatida o‘qisa va akademik dasturini tugatsa, o‘qishdan keyin 1 yillik ish ruxsati olishi mumkin. Agar 4 yil o‘qisa, unda 3 yillik ish ruxsati olish mumkin. Bu ish ruxsati bilan ish topa olgan joyda ishlashi mumkin bo‘ladi.
3) Kanadada o‘qigan va ish tajribasi orttirgan inson yuqorida aytib o‘tilgan Express Entry dasturi orqali bu davlatda doimiy yashash huquqini olishi mumkin.
4) Talabaning oilasi va bolalari bo‘lsa, turmush o‘rtog‘iga ham ish ruxsati olish mumkin, farzandlari esa Kanadadagi davlat maktablarida bepul o‘qishlari mumkin bo‘ladi. Farzandlarga ham o‘qish ruxsati (study permit) olsa bo‘ladi.
5) Kanadada olingan diplomlar dunyoning juda ko‘p davlatida hurmat bilan qabul qilinadi. Xususan, O‘zbekistonda ham.

Kanadaga talaba bo‘lib kelish bo‘yicha hamma huquqiy xizmatni Sobirovs Law yuridik firmasining advokatlari ko‘rsatishadi. Advokatlarimizning ko‘p yillik tajribasi talabalik vizasi va boshqa vizalarni olishda foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kanadaning eshiklari hammaga ochiq! Ammo bu eshikdan kirishga tayyormisiz?