“Odamlar shu bugun yaxshi yashashi kerak, ertani kutib emas”.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 21 iyuldagi “Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan amaldagi tarif koeffitsiyentlariga binoan 2017 yil 1 dekabrdan boshlab qo‘llanadigan tarif stavkalari miqdori 1-razryad uchun 426 466 so‘m, eng yuqori – 22-razryad uchun 1 763 738 so‘m qilib belgilangan.
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ayni damda 18,5 million nafar (o‘rta va oliy) ma’lumotli kadr mavjud. Mazkur tarif stavkalari xuddi o‘sha kadrlar: vazirliklar, idoralar, byudjet tashkilotlari xodimlari uchun amal qiladi. Bu barcha tashkilot va muassasalar uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgani holda hech kim bu miqdorlardan uzoqlashib ketmaydi.
Ayni paytda mehnatimiz evaziga to‘lanayotgan tarif koeffitsenti miqdorini inobatga olgan holda, keling, do‘ppini bir chetga qo‘yib, oddiy hayotiy misollar asosida mulohaza qilib ko‘ramiz.
Farzandlarimizning porloq kelajagi uchun har qanday muammoni hal qilishga tayyormiz. Bizni bejiz bolajon xalq deyishmaydi. Men bolalarimiz uchun bog‘cha, maktab, o‘rta-maxsus ta’lim jarayonida sarflaydigan mablag‘imizga to‘xtalmayman.
Bugun farzandimiz oliy o‘quv yurtiga kirishi uchun albatta repetitor yordamiga muhtoj. Avvalo, maktab ta’limi yetarli emas, bu kunday ravshan. Qolaversa, oliy o‘quv yurtiga kirish uchun test savollarining aksariyati o‘rta maktab materiallari asosida tayyorlanmagan. Birgina matematika fani misolida ko‘radigan bo‘lsak, maktabda Skanavining masalalar to‘plami o‘rgatilmaydi. Imtihon savollari esa asosan o‘sha to‘plam asosida tuzilgan.
Endi iqtisod yo‘nalishida oliy ma’lumot olishni istagan farzandimiz uchun lozim bo‘lgan xarajatlarni cho‘tga tashlab ko‘ramiz. Matematika — 250 ming so‘m, fizika — 250 ming so‘m, chet tili — 250 ming so‘m, o‘zbek tili — 250 ming so‘m, jami – 1 million so‘m. Bolamiz o‘qishga qatnashi uchun oylik yo‘l chiptasi kerak – 60 ming so‘m. Tushlik xarajatlari (26 kun x 10 ming, agar shu pulga tushlik qilib bo‘lsa) 260 ming so‘m. Demak, birgina farzandimizning tayyorlov davri ehtiyojlari uchun bir oyda o‘rtacha 1 260 000 so‘m sarflashimiz zarur bo‘ladi.
Repetitorda tayyorlangan farzandimiz oliy o‘quv yurtiga kontrakt asosida o‘qishga kirsa-chi? To‘rt yilda kontrakt puli o‘rtacha 10 million so‘mdan, jami 40 million so‘m. Magistraturada o‘qishi uchun 20 million so‘m. Demak, umumiy hisobda 60 million so‘m sarflaymiz.
Farzandimiz magistr darajasini oldi. Endi uni davlat tashkilotiga ishga joylashtirish kerak. Bu jarayonning ham o‘z protsedurasi bor, yaxshi bilasiz. Xo‘p, yetakchi mutaxassis bo‘lib ishga kirdi. Uning oylik maoshi 9-razryad bilan 860 683 so‘m bo‘ladi. Qo‘liga o‘rtacha 700 ming so‘m oladi. Mana bizning shuncha yelib-yugurganimiz va sarflaganimizning samarasi.
Agar farzandlarimiz ikki va undan ko‘p bo‘lsa-chi? Unda yuqoridagi summani farzandlarimiz soniga ko‘paytiramiz. Bu ularning kiyim-kechak va boshqa ehtiyojlaridan tashqari xarajatlar. Endi bir oila a’zolari, kamida 4 kishining ehtiyojlarini pulga chaqadigan bo‘lsak, 4-5 million so‘mdan kam emas.
Bizning ehtiyojlarimiz bilan ish haqimiz o‘rtasidagi farq kundan kunga oshib bormoqda. Buning sabablariniyam tushunish qiyin emas. Yiliga bir yoki ikki marta ish haqi 10-15 foiz oshgani holda boshqa iste’mol mollari narxi kamida 20-30 foiz oshadi. Uy-joy qurish, ta’mirlash, avtomobil sotib olish kabi ehtiyojlarimiz ham chetda qolib ketmasligi kerak.
Yaqinda “Yoshlar” teleradiokanali orqali Yoshlar ittifoqi faollari ishtirokida davra suhbati namoyish qilindi. Faollardan biri: “Bugungi yoshlarimiz sabrsiz, o‘zlarining ish joylarini tashlab ketmoqdalar. Ozgina sabr qilsalar, hammasi yaxshi bo‘ladi...”, — dedi. To‘g‘ri, sabr qilsak, hammasi yaxshi bo‘ladi. Bu — bizning tarbiyamiz, e’tiqodimiz. Lekini bor. Agar bir inson risoladagiday yashashi uchun umrining 11 yilini maktabda, 6 yilini universitetda, jami 17 yilini ilm olish va yaxshi mutaxassis bo‘lish uchun sarflagan bo‘lsa-yu, ishga kirganda olgan oylik maoshi bilan o‘zini ta’minlay olmasa, “boshqacha yo‘l” izlashga majbur bo‘ladimi? Bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ish haqlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlab kelmoqda. Biroq Yagona tarif setkasi uchun mas’ul bo‘lgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi haligacha aniq taklif bergani yo‘q. Balki taklif tayyorlanayotgandir, bilmadim.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida “Ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha “iste’mol savatchasi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda ta’minlash mexanizmlarini yaratishimiz lozim”ligi to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Shundan kelib chiqib “iste’mol savatchasi”ni shakllantirish uchun mutaxassislarimiz, aytaylik, shifokorlarimiz biz sog‘lom yashashimiz uchun yetarli bo‘lgan taomlar ro‘yxatini shakllantirib bersa, maishiy ehtiyojlarimiz uchun ham takliflar bildirilsa, iqtisodchilarimiz bilan birgalikda bugungi kun narxlarida bir kishi yoki bir oila uchun zarur bo‘lgan miqdorning so‘mdagi qiymatini tasdiqlab olsak, Yagona tarif setkasi ham yuqoridagilardan kelib chiqqan holda qaytadan belgilansa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Hamza SARIYEV
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?