06:31 / 04.03.2018
5 207

Prezident xalq bilan birga yoxud o‘zgarishni xohlamayotgan odamlar

Prezident xalq bilan birga yoxud o‘zgarishni xohlamayotgan odamlar
Yaqinda “O‘zbekenergo”ning “Telegram” ijtimoiy tarmog‘idagi “O‘zbekenergo” bilan muloqot» kanaliga mahallamiz tranformatori 1990-yillarda o‘rnatilgani, hozirgi kunda mahallamiz kattalashib ketgani tufayli transformator bosim bilan ishlayotgani, shu sababli imkoni bo‘lsa uni kattaroq transformatorga almashtirib yoki yana bitta yangi transformator o‘rnatib berishlari haqida murojat qilgan edim. Shundan keyin Samarqand viloyati elektr tarmoqlari idorasi rahbari telefon qilib, mahalladan bitta bildirish xati olib kelishimni, shundan keyin vaziyat o‘rganilib, lozim topilsa yangi transformator o‘rnatib berishlarini ma’lum qildi.

Ertasi kuni mahalla raisining oldiga borib, bo‘lib o‘tgan gaplarni aytib berdim. Ammo mahallamiz raisi tomdan tarasha tushganday “men unday xat yozib berolmayman” desa bo‘ladimi? Unga “Hoy baraka topkur, siz o‘sha transformatorga odam ko‘payib ketganini bilasiz, shunday ekan, o‘sha bilganingizni yozib bering, bo‘ldi” desam, “Yo‘q, baribir yozib bera olmayman. Hokimiyatdan menga gap tegadi. Oldin bu ishni hokimiyat bilan, tumanimiz elektr tarmoqlari korxonasi bilan maslahatlashishimiz kerak” deydi. “Qanaqa hokimiyat? Qanaqa maslahatlashish? Axir muammomiz yuzasidan portalga yozmayapmiz-ku hokimiyat aralashsa, biz o‘sha muammo tegishli bo‘lgan tashkilotga murojat qilayapmiz, ular esa ijobiy javob berib, mahalladan bitta bildiruv xati so‘rashayapti. Shunday ekan, beravermaysizmi o‘sha xatni?” deb rosa gapirganlarim havoga uchdi.

Ishimiz shu yerga kelganda to‘xtab qoldi. O‘shandan keyin ustma-ust uch kun borib ham mahalla raisini joyidan topa olmadim, birga hokimiyat va elektr tarmoqlari idorasiga o‘tishimiz kerak edi. Har kuni majlisga ketibdi. Buncha majlisi ko‘p bo‘lmasa bularning?

Meni mahalla raisining eshigi oldida ko‘rgan mahalladoshlarim o‘z-o‘zidan nega u yerda uch kundan beri turganim bilan qiziqishdi. Ularning har biriga “O‘zbekenergo”, “Telegram”dagi kanal, murojaatning oson yo‘li, yangi transformator haqida erinmay gapirib berdim. Aksariyati meni qo‘llab-quvvatladi. Ammo...

Kecha kechki payt otam mahalla choyxonasidan keldi-da, “O‘g‘lim, nima tashvishlarni boshlab yuribsan?” deb so‘rab qoldi. Men bo‘lgan ishlarni otamga gapirib berdim. Shunda otam “O‘g‘lim, o‘zing bilasan, ammo shu ishlarning yugur-yuguriga sendan boshqa odam yo‘q ekanmi? Ehtiyot bo‘l, bu xalq shundayki, seni sirtdan qo‘llab-quvvatlayveradi. Lekin yo‘lda qoqilib ketsang senga qo‘l uzatib o‘rningdan turg‘azib qo‘ymaydi. Yiqilgan joyingda qolib ketaverasan. Bu xalq esa seni tepkilab, bosib o‘tib ketaveradi” dedi. Otamning aytishicha, choyxonada kimlardir u kishiga “O‘g‘lingizga aytib qo‘ying, o‘zini o‘tga ham, cho‘qqa ham uravermasin, oqibati yomon bo‘ladi” debdi. Ana bo‘lmasa. Shu xalqqa ham hayron qolaman. Prezidentimiz “Hoy xalq, uyg‘on. Endi eski zamonlar o‘tdi. Muammolaring bo‘lsa ayt, yoz, ko‘tarib chiqaver. Bugun hal bo‘lmasa, ertaga hal bo‘ladi” deb jon kuydirib tursa-yu, mahallamiz chollarining qilgan ishini qarang. Bu ne hol?

Shu mavzuda yana bir misol. 2016 yilning oxiri, 2017 yilning boshlari, odamlar dardini yozadigan portal aholi orasida ommalasha boshlagan paytlar edi. O‘z muammolarini mutasaddi rahbarlarga aytishga odatlanmagan mahalladoshlarimdan farqli o‘laroq mahallamizdagi bir bola rosa “yozuvchi” chiqib qoldi. Qisqa muddatda portalga chiroq, yo‘l, gaz kabi ikki-uchta muammoni yozib yuboribdi. Portalning tartibi shu: bir muammoni yozdingizmi, kimdir manzilingiz bo‘yicha izlab keladi. U bolani ham yozgan muammolariga qarab tegishli tashkilotlardan kimlardir yo‘qlab kelgan. Shundan keyin o‘sha bola ko‘rinmay qoldi. Bir kuni ko‘chada otasini uchratib qolib o‘g‘lini so‘rasam, “Rossiyaga jo‘natib yubordim. Har yili ishlab keladigan joyiga ketdi. Bu yerda yursa portalga yozaveradi, yozaveradi. O‘sha yoqda tinchgina ishini qilib yuraversin” dedi. “Muammolarni yozsa nima bo‘pti? Mana Prezident “muammolaring bo‘lsa yozaveringlar” deyapti-ku” desam, “Uka, gaping to‘g‘ri. Ammo ko‘cha-ko‘yda bita-ikkitasi «O‘g‘lingga ayt, hadeb yozavermasin. Mana shunaqa muammolarni ko‘p yozadiganlarni olib ketib qolishayotganmish” dedi. Shunga tinch yursin deb jo‘natib yubordim» dedi.

Uning gaplarini eshitib hayron qoldim. Qayerdan chiqayapti bu gaplar? Kimga kerak bunday gaplarni tarqatish?

O‘ylab ko‘rsam, bu gapni chiqaradiganlar ham odamlarning o‘zi, bu gaplarga ishonib ketadiganlar ham odamlarning o‘zi ekan.

Yaxshi ham yaqinda Prezident portalida “muammolarni yozganingizda sizga kimdir bosim o‘tkazishga urinsa bizga murojat qiling” deb e’lon qilindi. Aks holda bunday ahmoqona mish-mishlar battar urchirmidi? Umuman olganda, birinchi navbatda odamlarning o‘zlari o‘zgarishni xohlamayati. Qo‘rquv haliyam bor. Shu tufayli ham hanuzgacha yechilmay yotgan ko‘plab muammolarni portalga yozishga yoki tegishli tashkilotga ko‘tarib chiqishga jur’at eta olmay yurganlar ko‘p. Prezident “Men sizlar bilan birgaman. Sizlarning muammolaringiz mening muammom” deb jon kuydirayotgan bir paytda xalqda ham “Prezidentimiz biz bilan” degan tushuncha shakllanishi kerak. Ana shunda balki ko‘plab muammolarga shunchaki ko‘z yumilmay, muammoning borligi aytilib, yechimi talab qilinar?
G‘ayrat Yo‘ldosh

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident xalq bilan birga yoxud o‘zgarishni xohlamayotgan odamlar