
AQSHlik Bred Gay 4,5 kilometr balandlikdan ikkita ishlamay qolgan parashyut bilan sakraganiga qaramay, tirik qoldi. U o‘zining hayratlanarli hikoyasini SBS telekanaliga so‘zlab berdi.
Hodisa 11 yil avval sodir bo‘lgan. 21 yoshiga to‘lgan Bredga parashyutdan sakrash sertifikati sovg‘a qilinadi va u darhol bu imkoniyatdan foydalanishga qaror qiladi. Sakrashni uning butun oilasi – ota-onasi, singillari va ularning farzandlari kuzatish uchun kelgan bo‘lgan.
Instruktor bilan tandemda samolyotdan sakragan Gay dastlab yetti soniya erkin tushgan. Birinchi parashyut ochilmaganida instruktor avariya parashyutini ishga tushirishga uringan, ammo u ham ishlamay qolgan.
“O‘lim muqarrarligini his qildim, ammo oilamni o‘ylab, o‘ta aybdorlik tuyg‘usini kechirdim,” — deb eslaydi Bred. Instruktor qo‘nish uchun eng xavfsiz joy sifatida golf maydonidagi ko‘l yonini tanlagan va bu qaror ikkisining ham hayotini saqlab qolgan.
Qo‘nish paytida Bredning umurtqasi va qovurg‘alari singan, bo‘yin paylari uzilgan. U to‘rt oy davomida harakatlana olmagan va oila yordamiga muhtoj bo‘lgan. Shifokorlar unga travmadan keyingi stress buzilishi tashxisini qo‘yishgan.
“Men deyarli yashash istagimni yo‘qotgan edim, ammo keyinchalik oilam va hayotning qadrini yana his qildim,” — deydi Bred Gay.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!