13:01 / 05.03.2018
48 543

Quyonchilik: Oson, kamxarj va serdaromad biznes

Quyonchilik: Oson, kamxarj va serdaromad biznes
Quyonchilik serdaromad sohalardan biriga aylanmoqda. Go‘shti va terisi xaridorgir, boqish oson va katta xarajat talab qilmasligi quyonchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlar uchun ayni muddao.

Tadbirkorlarning ham bu foyda keltiruvchi tarmoqqa qiziqishi ortgan. Єulay iqlim sharoiti, tabiiy yer maydonlarining yetarli ekani quyonchilikni rivojlantirish imkonini beradi.

Quyonchilik olinadigan mahsulotga qarab ikki guruhga ajratiladi: go‘sht va teri beradigan quyonlar. Yurtimizda hozir uy sharoitida quyonboqarlar ko‘proq “Oq velikan”, “Kulrang velikan”, “Oq momiq” va “Angor” zotli quyonlar ko‘paytirmoqda.

— Faoliyatimni 2017 yilda boshlaganman, — deydi Ohangaron tumanidagi “Zaynabxon onam” quyonchilik fermer xo‘jaligi rahbari Salomat O‘LMASOVA. — Ungacha ham qiziqib uy sharoitida quyon boqqanman, albatta. Hammasini 2 bosh quyondan ko‘paytirganman. Hozir quyonlar soni 400 boshga yetgan. Quyon juda tez ko‘payadi, yiliga 4-6 marta bolalaydi. Bo‘g‘ozlik davri 28-30 kun, 8-12 tagacha tug‘adi. Hozir quyonning “Oq velikan”, mahalliy “Qora jaydari” zotlarini boqyapmiz. Xo‘jaligimizda 3 kishi doimiy ish bilan band.

Jonivorlar boquvga injiq emas. Asosan, sabzi, beda, arpa, bug‘doy berib parvarishlaymiz. Vaqtida profilaktika qilib turilsa, turli kasalliklarga chalinmaydi. Yo‘qsa, o‘latga chalinishi, shamollab qolishi mumkin. Shuningdek, ular ichketar kasalligiga tez chalinadi, qorni shishib ketadi va hokazo.

Yaxshi boqilsa, urg‘ochisi to‘rt oyda 4,5 kilogramm, erkagi 8 kilogrammgacha tosh bosadi. Bundan daromadni chamalash qiyin emas. 1 kilogramm quyon go‘shti bozorda 30 ming atrofida turadi. Masalan, 100 bosh erkagi o‘rtacha 800 kilogramm go‘sht qiladi. Bu o‘rtacha 24 million so‘m, degani. Endilikda ularning terisini oshlash, qayta ishlashni o‘zlashtiryapman. Ochig‘i, hozircha foyda haqida gapirishga erta. Shu paytgacha tushgan daromadni faoliyatni rivojlantirishga, takomillashtirishga yo‘naltir­yapmiz. Eng muhimi, quyon go‘shti hamisha xaridorgir.

Endi quyonlarni yangicha, ilg‘or texnologiyaga asoslangan sharoitda boqishni yo‘lga qo‘yish niyatidaman. Bu borada o‘ylab qo‘ygan rejam, loyiham ham bor. Yangi quyon boqiladigan joy Yevropa standartlariga mos bo‘ladi. Shuningdek, 10 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratiladi. Eksport haqida hali o‘ylaganim yo‘q. To‘g‘ri, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston va Xitoydan qiziqish bo‘ldi. Ammo ular bilan hozircha hamkorlik qilganim yo‘q. Oldin zamonaviy quyon boqiladigan joyni ishga tushirib, faoliyatni risoladagidek yo‘lga qo‘yib olishni ko‘zlayapman.

Ha, g‘ayrati to‘lib-toshgan tadbirkorning o‘z shiori bor: “Ruhan tushkunlikka tushmaslik, faqat olg‘a intilish”. Salomat opaning aytishicha, quyon boqish uchun sarflangan xarajatlar o‘zini bemalol oqlaydi. Quyonchilik sirlarini Bekobod va Yangiyo‘ldan kelib o‘rganib ketishibdi. Jonivorlar uchun yem-ozuqa esa fermer xo‘jaligining o‘z yer maydonidan chiqadi. Kelgusida tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish niyatida. O‘g‘li ham uy sharoitida 2 mingta o‘rdak jo‘jasini boqa boshlabdi. Suhbat asnosida tadbirkor opa bir qiziq ma’lumotni aytib qoldi:

— Ilgari bir biolog mutaxassisdan urg‘ochi quyonning bachadoni ikkita bo‘ladi, deb eshitgandim. Buni o‘zim quyonning bachadonini yorib tekshirib ko‘rdim, to‘g‘ri ekan. Birinchisi urug‘langach, 5 kun ichida ikkinchi bachadon ham urug‘lanishi mumkin. Shunda urg‘ochi quyon 10-12 emas, 16 tagacha bola tug‘ishi mumkin. Urg‘ochi quyon 28-31 kun ichida tug‘adi, ya’ni bugun tug‘sa, ertaga yoki indinga ham tug‘ishi mumkin. Yana bir shaxsiy kuzatuvim: bolasiga qaramay qo‘ygan ona quyonni yana erkagining oldiga qo‘yib qochirish kerak ekan. Bo‘g‘oz bo‘lgach, onalik mehri qayta uyg‘onib, yana bolasiga qaray boshlaydi.

Qiymati va xususiyatlari
Quyon go‘shtining biologik qiymati, yumshoqligi hamda yog‘ va xolesterin moddasi kamligi sabab tibbiyotda allergiya, gipertoniya, oshqozon-ichak, me’da, o‘t-pufak, jigar kasalliklarini davolashda foydali. Momig‘idan tayyorlangan buyumlar nevrologiya, radikulit bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya etiladi. Momig‘i issiqni saqlash xususiyatiga ko‘ra, qo‘y junidan 10 barobar ustun.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Quyonchilik: Oson, kamxarj va serdaromad biznes