18:30 / 13.03.2018
5 104

Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!

Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!
Biyday dalayu dashtni kesib o‘tgan o‘nqir-cho‘nqir asfalt yo‘ldan yengil avtomobil yelib bormoqda. Ulov ichida yoshi o‘ttizlarga borgan miqtigina yigit, onalik baxti yuziga yanada go‘zallik baxsh etgan ayoli va shirindan-shakar ikki farzandi – hamma shodu xurram, Navro‘z bayramini nishonlagani qishloqqa, ota uyiga ketyapti. Ayniqsa, bolalarning quvonchi cheksiz: biri olib, biri qo‘yib ota-onasini savolga ko‘mib boradi. Ertalab shivalab o‘tgan yomg‘irdan keyingi toza havo, quyoshning iliq tafti, ko‘klam nasimi kishiga yanada xush kayfiyat bag‘ishlaydi.

Qishloqda tong sahardan bayram tadorigi boshlangan. “Bu yilgi Navro‘zni biznikida nishonlaymiz!” degan qishloq oqsoqolining hovlisida ish qizg‘in. Kelinlar hovlilarni, ko‘chalarni supurib, tozalab qo‘ygan. Kayvoni onaxonlar, qiz-juvonlar kim non, somsa yopishga, kim bo‘g‘irsoq pishirishga kirishib ketgan. Kimdir yangi undirilgan bug‘doyni maydalash bilan ovora, kimdir katta doshqozon boshida bolalarga tosh, o‘tin terishni aytmoqda. Yaqinda qishloqqa kelin bo‘lib tushgan yosh juvon hovlida o‘rtoqlari bilan o‘ynab yurgan yetti-sakkiz yoshli bolakayni chaqiradi:

– Qorajon, bir chelak suv olib keling, iltimos!

Yangasining uni bunday chaqirganiga o‘rtoqlari piqillab kuladi. Bolaning jahli chiqadi.

– Ona, qarang, yangam meni yana Qorajon deyapti!

Yanga bo‘lmish cho‘chib tushadi, labini tishlaydi. Ikki yuzi duv qizaradi.

– Ha, qora bo‘lganingdan keyin Qorajon, demay, Oqyigit, desinmi? – bo‘g‘irsoq pishirayotgan onasi erka o‘g‘lini koyiydi, keyin biroz unga yon bosadi. – Yangajonisi, o‘g‘limga tuzukrok ot qo‘yaqoling.

– Xo‘p bo‘ladi, ena! – kelin uyalganidan chelakni ko‘tarib, boshini egib turaveradi.

Bola yangasidan xafa bo‘lsa-da, baribir uni yaxshi ko‘rgani uchun, hurmat qilgani uchun borib chelakni oladi va o‘rtoqlari bilan quduqqa chopadi.

Bir kun oldin qurilgan o‘choqlarda sho‘rva, navro‘zgo‘ja, halim bulkillab qaynaydi. Uyda, o‘n bir bolorli katta xonada qishloq yoshullilari choy ichib, bu yilgi dehqonchilik, chorvachilik haqida gurunglashib o‘tiradi.

– Xudoga shukur, bu yil ariqlarda suv mo‘l, – deydi bir umr dehqonchilik qilib o‘tgan, soch-soqoli oppoq nuroniy chol. – Nasib qilsa, hosil-da, chorva-da, baliq-da bu yil ko‘p bo‘ladi.

– Aytganingiz kelsin, – deydi o‘tgan yili fermer xo‘jaligini tashkil qilgan yoshi elliklardagi kishi. – Shu desangiz, yoshullilar. O‘tgan yilgi bug‘doy hosilidan biroz qolgan. Shuni ovuldagi qo‘li yupqa, kam ta’minlanganlarga tarqatsam degandim.

– Juda yaxshi gap aytdingiz!

– El-yurtga qayishganning davlati kam bo‘lmaydi.

– Savob ish qilgan yaxshi.

Hamma baravariga ma’qullaydi.

– Tunov kuni yo‘lda rahmatli Jumaboy akaning bola-chaqasini ko‘rib qoluvdim, – deydi qishloq cho‘poni fermerga qarab. – Ancha o‘zlarini oldirib qo‘yibdi. Shularni qanotingga olsang, ish bersang juda katta yaxshilik qilgan bo‘larding-da.

– Bosh ustiga, ertagayoq menga uchrashsin. O‘zim ham anchadan beri shu narsani o‘ylab yuruvdim.

– O‘tgan yili ko‘chib kelgan muallim yigit qani, keldimi? – deb chol qo‘lini peshonasiga qo‘yib atrofga qaraydi.

– Shu yerdaman, – deydi poygakda o‘tirgan yosh yigit.

– To‘y-ma’rakalarga aralashib turibsanmi?

Yigit qimtinibroq og‘iz juftlaguncha, mezbon – oqsoqol uning o‘rniga javob beradi.

– Aralashib turibdi, bama’ni yigit, nima xizmat aytsak yo‘q, demaydi.

– Barakalla! El qoshiga el kelsa, uyam elning davlati. Qovun-povun ekishga-ku, tomorqang bordir. Bug‘doy tashlashga yer berishdimi?

– Ha, rahmat! – deydi yigit minnatdorlik bilan va fermerga ishora qiladi. – Akaga rahmat, tobga kelib turgan yeridan ajratib berdi.

Fermer yaxshi gapdan g‘o‘ddayibroq qo‘yadi. Kosalarda Navro‘zgo‘ja tortiladi.

Boyagi ulov egasi qishloqqa kiraverishdagi qabriston oldida to‘xtaydi. Qabriston o‘tlardan tozalangan, hammayoq orasta. Yigit o‘tganlarning haqiga duo qiladi va qishloqqa yo‘l oladi.

Ovulning norg‘ul, bo‘z yigitlari ochiq maydonga poxol tashlab, uning ustidan kigiz yo brezent to‘shaydi. Bo‘lajak kurashu ko‘pkarini, xo‘rozu qo‘chqor urishtirishni muhokama qiladi.

– Bosh tovoqni kim olarkan? – deydi novcharoq yigit ichi qizib, qo‘yib bersa o‘zi ham kurash tushmoqchiday havolanib.

– Kim bo‘lardi, Ibrohim polvon-da! – deydi ikkinchisi “shuni ham bilmaysanmi?” deganday hayron bo‘lib.

– Ay yo‘g‘-a, Ibrohim polvonning mashqi pastroq shu kunlarda, – deydi uchinchisi. – Menimcha, Sodiq polvon oladi-yov. Qaysi kuni bir to‘yda manaman deganning kuragini yer iskatganini o‘zim ko‘rdim.

Uchov gurunglashib turganda ulov kelib, to‘xtaydi. Ichidan yigit tushib, hormasin aytadi. Uchov yugurib kelib, bular bilan so‘rashadi. Novcha yigit haydovchi bo‘lmishning ukasi bo‘ladi. U akasi bilan quchoqlashib ko‘rishadi.

– Yaxshi keldingizlarmi? – deydi u mashinadan chopib tushgan jiyanlarini dast ko‘tarib, yuzlaridan cho‘lpillatib.

– Rahmat, o‘zing qalay? – deydi aka ukasining yuzidan nenidir uqmoqchiday tikilib.

– Shu, yuribmiz, – deydi ukasi jilmayib.

– Kurash bo‘ladimi? – aka brezent to‘shalgan joyga ishora qiladi.

– Ha, – deydi uka. – Tushasizmi?

– Yo‘g‘-ye, biz qaridik, davra endi sizlarniki, – kuladi aka. – Uyga o‘tasanmi, yur.

– Sizlar boraveringizlar, hali bir-ikki ishimiz bor. Uyda ko‘rishamiz.

Aka dilidagini aytmoqchiday taraddudlanib turadiyu, mavridi emasligini fahmlab, ulovga o‘tirib ketadi. Novcha yigit akasining ortidan mehr bilan qarab qoladi.

Ulov uyga kelgach, hovli zavq-shavqqa to‘lib ketadi. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni hammasi yig‘ilib ular bilan ko‘rishadi. Biri olib, biri qo‘yib ularni alqab, hurmat-izzat ko‘rsatadi. Yigit ulovining yukxonasini ochib, shahardan keltirgan sovg‘a-salomini ulashadi. Ayoli qaynonasining, ovsinining, xotinlarning “O‘zingiz endi keldingiz, choy-poy ichib oling, yo‘lda charchagan chiqarsiz!” deganiga qaramay, o‘choq tomonga yo‘l oladi, bolalar qishloqdagi tengqurlari bilan o‘yinga kirishib ketadi. Yigit ovulning yoshullilari bilan ko‘rishish uchun uyga kiradi. Hol-ahvol so‘rashib bo‘lingach, yana choy-ovqatlar tortiladi. Gurung avjiga chiqadi.

Shundan so‘ng hamma ko‘chaga, dehqonchilik, chorvachilik bilan bog‘liq udumu marosimlarni bajargani dalaga yo‘l oladi. Ayollar sumalak pishirishni boshlab yuboradi. Hamma yaxshi niyat bilan sumalak kovlaydi. Bo‘yi yetib, qirq kokili o‘ziga yarashib turgan qiz sumalakni kovlayotganda, yangasi shaharlik ovsiniga ko‘zini qisib, gap qotadi.

– Ovsinjon, shaharda eringizga o‘xshagan yaxshi, odobli yigitlardan bo‘lsa, ayting, shu qaynisinglimizni uzataylik.

– Xo‘p bo‘ladi-da, – deydi shaharlik kelin hazilni tushunib. Davrada yengil kulgu ko‘tariladi.

Qiz hurkak ohuday dik etib o‘rnidan turadi va “E, yanga!” degancha uyatdan lov-lov yongan yuzlarini qo‘llari orasiga yashirib qochib ketadi. Ayollar “Uyalib ketdi qizgina” deyishib yana kulishib oladi.

...Kurashu ko‘pkari avjiga chiqadi. Udumga ko‘ra, kurashni avval nuroniy bobolar boshlab beradi, davraga fayz kiritib, yoshlarni kurashga undaydi. So‘ng yosh bolalar gilamga chiqariladi. Polvonlar gilamga chiqayotganida avval o‘ng oyog‘ini bosadi, qo‘llarini yerga tekkizib, oyog‘i yerdan uzilmasligini tilaydi. Nuroniy keksalar polvonlar, chavandozlarni «yutug‘ing halol bo‘lsin», deya duo qiladi. Tomoshaga kelganlar zavq bilan hayqirib, olqishlab o‘tiradi. Bolalarning ko‘zlarida havas va hayrat jilvalanadi. Bosh tovoqqa bir katta qo‘chqor bilan kichikroq ho‘kiz atalgan bo‘ladi. Ibrohim polvon degani bosh tovoqni oladi. Davrada “Barakalla! Ibrohim polvonga teng keladigani yo‘q-da o‘zi!” degan ovozlar quloqqa chalinadi. Ibrohim polvon sovrinni yordamga muhtoj oilalarga ulashadi.

Shahardan kelgan yigit mavridini topib, boyagi novcha ukasini yoniga chorlaydi.

– Uka, uzr! Seni o‘sha kuni noo‘rin ranjitdim, – deydi u ukasining ko‘zlariga termulib. – Shunday ayyomda ginalarni unutaylik.

– E aka, shuni hali o‘ylab yuribsizmi. Men xafa emasman, – deydi uka samimiy.

– Rahmat uka, bayramlar muborak bo‘lsin!

Bayram sayli, o‘yin-kulgu kechgacha davom etadi. Tong saharda esa kayvonilar doshqozonni ochib, sumalakni idishlarga quyadi va hammaga teng taqsimlab, yoshlarga aytib uylarga tarqattiradi. Sumalakdan tatib ko‘rganlar “Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin! Navro‘zdan Navro‘zga eson-omon yetib yuraylik!” deya niyat qiladi.

Manba: Xalq so‘zi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!