08:30 / 18.04.2018
3 055

Majburiy mehnatga qachon chek qo‘yiladi yoxud Vatan obro‘si kimni qiziqtiradi?

Majburiy mehnatga qachon chek qo‘yiladi yoxud Vatan obro‘si kimni qiziqtiradi?
O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘ldiki, majburiy mehnat muammosi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Mamlakatimiz prezidenti va hukumat vakillari chet el investitsiyalari va innovatsiyalar haqida ko‘p gapirishadi. Hattoki xalqaro muammolar, jumladan Afg‘oniston muammosi ham asta-sekinlik bilan hal qilinmoqda. Ammo majburiy mehnatchi?

Jahonda reyting degan tushuncha bor. O‘zbekiston yana «majburiy mehnat keng qo‘llanilayotgan» davlatlar qatorida turaversa, investitsiya qayerdan keladi? Turistlarchi? Nahotki, XXI asrda biz ushbu muammoni hal eta olmaymiz?

Birinchi va asosiy muammo obro‘da. Bizga turist, investitsiya va rivojlanish kerak, ammo «O‘zbekiston» degan so‘zni bir internetda ingliz tilida izlab ko‘ring. Birinchi natija doimgidek «Wikipedia» saytida. Saytga kirgandan so‘ng, «Inson huquqlari» degan qatorga keling. Jumlalarni o‘qing, «Uzbekistan also maintains the world's second-highest rate of modern slavery, 3.97% of the country's population working as modern slaves. In real terms, this means that there are 1.2 million modern slaves in Uzbekistan». Tarjima, «O‘zbekiston zamonaviy qullik bo‘yicha jahondagi ikkinchi o‘rinni egallaydi, mamlakat aholisining 3.97 foizi zamonaviy qul sifatida faoliyat yuritadi. Bu degani haqiqiy vaqtda O‘zbekistonda 1.2 million zamonaviy qul mavjud». Yaxshilab o‘qidingizmi? O‘zbekistonda 1.2 million zamonaviy qul mavjud. Bu masala bilan kurashsa bo‘ladi, ya’ni «Wikipedia» ma’muriyatiga xat yozib, yoki turli yo‘llar bilan o‘zimizni oqlab. To‘g‘ri, O‘zbekistonda umuman qullik mavjud emas, ammo muammo majburiy mehnatda. Ming o‘zimizni oqlamaylik, ming o‘zimizni zo‘r ko‘rsatmaylik, ammo bir joyda paxta terimi vaqtida talaba vafot etsa, yoki ko‘chani tozalayotgan o‘qituvchi vafot etsa, barcha qilgan yaxshilik va harakatlar, qo‘pol qilib aytganda, befoyda bo‘lib turaveradi.

Jahon Mehnat Tashkilotining rasmiy saytida joriy yilning 13 fevralida yana O‘zbekiston xaqida yangi maqola chiqdi. Paxta terimlarida bolalar mehnatiga chek qo‘yildi, deb ta’kidlanmoqda vebsaytda, ammo majburiy mehnat tizimli ravishda kuzatilmoqda. Ta’kidlab o‘tish joizki, Jahon Mehnat Tashkiloti aytgan fikr Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning barcha organlariga, deyarli hamma xalqaro tashkilotlarga, Jahon Banki, rivojlangan davlatlarning hukumati vakillariga va xalqaro moliya institutlarning barchalariga yetib boradi. Bu «zanjir reaksiyasi» deyiladi. Ular esa ushbu fikrlar va ma’lumotlar asosida keyingi qadamni o‘lchab va o‘ylab bosishadi. Bu esa O‘zbekistonga investitsiya va turistlar kirib kelishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ikkinchi muammo tushunmovchilikda. Afsuski, hukumatning ba’zi vakillarida, ayniqsa viloyat va tumanlarda, bir fikr paydo bo‘lgan – «byudjetdan oylik olyaptimi, ishlaydida!». Kechirasiz, u ish haqini o‘qituvchilik va shifokorlik qilayotgani uchun olyapti va kerakli soliqni ham to‘lab bermoqda. O‘qituvchi yoki shifokor pensiyaga chiqqanida, unga «ko‘cha tozalagani va paxta tergani uchun» 20 yillik staj yoki +50% pensiya miqdori qo‘shilmaydiku? Shuning uchun ham tarozining ikki pallasini teng ushlash kerak. Chet elda, ayniqsa Yevropa va AQShda, «menejment» iborasi o‘ta rivojlangan. Menejment bu qobiliyatli va professional boshqaruvdir. Boshqaruvni zo‘rlab qo‘ying, odamlar o‘z sohasida mazza qilib ishlasin. Oddiy bir narsani, ayniqsa viloyat va tuman davlat vakillari, yaxshi tushinib olishlari kerak. Sizning obro‘ingiz bu butun bir davlat obro‘sidir. Sizning xato tufayli ko‘p millionlik aholi aziyat chekmasligi kerak. Kommunal va yo‘l xizmati xodimlarining maoshini vaqtida berib, ozgina oshirib qo‘ying, ular o‘zi o‘sha joyni tozalab beradi. Paxta pulini ham o‘z vaqtida to‘lab qo‘ying, mahalliy aholi kerak bo‘lsa, g‘o‘zapoyasi bilan tozalab beradi.

Shu o‘rinda bir fikrni keltiraylik. Masalan, ko‘chada 3-4 yigit mushtlashib, biri ikkinchisini pichoqlab qo‘ysa, bunga ularning o‘zi aybdor bo‘lib chiqadi. Ular ko‘chada edi, ota-onasi qayerga qarayotgan edi va hokazo. Yoki bir ayol uyining oldidagi ko‘chani tozalayotganida, o‘sha ko‘chadan o‘tayotgan mashinaning tormozi ishlamay qoldi va ayol avtohalokat natijasida vafot etdi. Ayb haydovchida, tegishli choralar ko‘rildi.

Endi paxta terayotgan vaqtda yoki kollejda ikki talaba bir-birini pichoqlasa, ayb qisman davlatda ham bo‘ladi. Kollejda direktor, uning o‘rinbosarlari, qolaversa mas’ul o‘qituvchilar bor. Ular nimaga tegishli chora ko‘rmadi, nega profilaktika qilinmagan? Nega direktor ertalabki soat yettidan kechki soat beshgacha kollejda o‘tiradiyu, bolalar esa bir-birini pichoqlaydi? Yuqoridagi «zanjir reaksiyasi» shu yerda ham mavjud. Kollej-viloyat boshqarmasi-vazirlik-Vazirlar Mahkamasi-davlat. O‘zining ko‘chasini tozalayotgan ayol avtohalokat natijasida vafot etsa, taqdir deymiz. Ammo mahalliy hokimiyat vakillari uni majburiy ravishda ko‘chani tozalagani jalb etib, u vafot etsa, bunda yana davlatning qisman aybi bo‘ladi. Balki o‘sha ayol ko‘chani tozalamaganda, vafot etmasmidi... Qaysi qonuniy asosda u o‘qituvchi bo‘lib turib, ko‘chani tozalashi kerak?

Ushbu masala sug‘urta tizimida ham mavjud. Masalan, bir yigit o‘z uyida zinapoyadan yiqilib tushsa, ayb o‘zida bo‘ladi, ammo ushbu holat ish joyida ro‘y bersa, korxona aybdor bo‘lib chiqadi. Sababi, korxonadagi barcha texnik va xavfsizlik choralariga korxona ma’muriyati mas’ul. Ular tegishli qoidalarga talab darajasida yondashishmadi va natijada ma’muriyat jabr ko‘rgan shaxsga minglab dollar miqdorida kompensansiya to‘laydi.

Yuqorida aytilgandek, Jahon Mehnat Tashkilotining rasmiy saytida joriy yilning 13 fevralida O‘zbekiston haqida yangi maqola chiqdi. E’tibor bering, ushbu xalqaro tashkilotning maqolasida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabrdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi nutqlari keltirilmoqda. Maqolada ta’kidlanishicha, Prezident majburiy mehnatni yo‘q qilish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan. Xo‘sh, prezident obro‘li xalqaro tashkilot oldida shunday bir mas’uliyatni o‘z zimmasiga olsayu, mahalliy hokimiyat vakillari o‘qituvchi va shifokorlarni ko‘cha tozalagani, daraxt oqlagani, gul ekkani, paxta tergani va boshqa ishlarga jalb etaversa? Nahotki, tuman va viloyat hokimiyat vakillari prezidentimiz so‘zlayotgan nutqlari va qilayotgan ishlaridan bexabar bo‘lishsa? Ishoning, muammoga, ya’ni majburiy mehnatga batamom chek qo‘yilmas ekan, ushbu masala 2027, 2037 va kerak bo‘lsa 2118 yilda ham ko‘tarilaveradi..

Xulosa o‘rnida Aleksandr fon Gumboldt gaplarini keltirishga qaror qildik - «Eng xavfli dunyoqarash, bu dunyoni ko‘rmagan insonnikidir».
Ulug‘bek Akbarov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Majburiy mehnatga qachon chek qo‘yiladi yoxud Vatan obro‘si kimni qiziqtiradi?