21:43 / 19.04.2018
4 453

Chet ellik mehmon hayrati: “Sizlarda dorixona juda ko‘p ekan, sababi nimada?”

Chet ellik mehmon hayrati: “Sizlarda dorixona juda ko‘p ekan, sababi nimada?”
O‘zga davlatdan mehmonga kelgan kishi mezbonning dilini og‘ritmaslik uchun uning yurti haqida iloji boricha yaxshi gaplarni aytadi. Aslida, har bir o‘lkaning sayyohlar uchun tabiati, tarixiy obidalari, taomlari, meva-chevalaridagi o‘zgachalikning o‘zi hayratga solishi tayin.

Mehmonlar bilan..

O‘tgan hafta qo‘shni davlatdan kelgan bir guruh rasmiy mehmonlar bilan bir kun birga yurdim. Mutasaddi kishilar tomonidan uyushtirilgan qabuldan so‘ng qardoshlarimiz hamkorlikni amalga oshirish uchun bizdagi mavjud sanoat ob’ektlari va diqqatga sazovor joylarni borib ko‘rishni ixtiyor etishdi. Mehmonlarga hamrohlik qilish bilan birgalikda ularning har bir borgan joydagi reaksiyasiga e’tibor qarataman. Yarim soatlik safardan so‘ng ulardan biri menga: “Sizlarda ko‘chalar doim shunday toza va sarishta turadimi yoki mehmonlar kelishiga harakat qilishdimi?”, deb so‘radi. Obodonlashtirishga e’tibor doim bir xil ekanligini eshitib: “Agar bizga mehmonga borsangiz, ko‘chalarimizdan uyatga qolamiz ekan..”, deb qo‘ydi. Bunday maqtovdan dil yayraydi, lekin...

Mehmonlarga ajratilgan avtobusda, asosan, tadbirkorlar bo‘lgani uchun har bir ishlab chiqarish korxonasiga kirib chiqishimiz bilan yo‘lda iqtisodiy tahlillar davom etardi. To‘g‘risi, ularni gap-so‘zlarini eshitib, bizdagi rivojlanishdan ko‘ngil to‘ldi. Ayniqsa, paxtadan ishlangan tekstil kiyim-kechaklarimizning sifati ularni juda hayratga solgani, u yerdagi mehnat madaniyatini o‘rganish kerakligini ta’kidlashgani bor gap. Yana mehmonlar bizdagi mevalarning mazasi boshqacha ekanligini ham rosa maqtashdi.

G‘alati savol

Ulardan biri yo‘ldagi reklama doskasini o‘qib, menga: “Do-ri-xo-na. Bu – apteka to‘g‘rimi?”, dedi. “Ha” degan javobimni eshitib: “Poytaxtingizda aeroportdan tushib shaharga kirganimdan beri eng ko‘p uchragani mana shu yozuv bo‘ldi. Hamma ko‘chada dorixona. Viloyatlardagi shahar va tuman markazlarida ham mana shunday ekan. Sizlarda kasallik ko‘pmi? Ba’zi ko‘chalarda qatorasiga besh-oltitadan mana shunday aptekalar. Sababi, nima?”, deb so‘radi.

Rosti, men bu savolga tayyor emas ekanman. Shahar aylanib, e’tibor berib qarasam rostdan ham dorixona degani tiqilib ketibdi. Avvallari dori-darmon bilan savdo qiluvchi do‘konlar asli tibbiyot muassasalari atrofida bo‘lguvchi edi. Hozir har bir gavjum ko‘chada to‘rttadan ekan. Bozorlar atrofi-ku “dori bazasi”ga aylangan.

O‘zim tuman markazida yashayman. Esimni taniganimdan beri ma’muriy markazimizda, peshtoqiga qadahga chirmashgan ilon surati tushirilgan bittagina “Apteka” yozuvi bor bino bo‘lgan. O‘sha dorixona ham qishda gripp oralaganda bir gurillab odamlarni qabul qilar, boshqa payt huvillab yotar edi. Hozir, o‘sha hududda 16 ta apteka sanadim. To‘g‘ri, aholi soni hozir bir necha bor oshganini ham hisobga olish kerak. Biroq hozir tumanning deyarli har bir qishloq guzarida ham dorixonalar mavjud. Barcha viloyatlarimizda shu ahvol.

Epidemiyalar

Yaxshiyam mehmon: “Yurtingizda uzoq yildan beri turli epidemiyalar tarqayaptimi?”, deb savol bergani istihola qildi.

Aslida bizda rostdan ham turli epidemiyalar tarqagan. Ishonmaysizmi?

Birinchisi, tibbiyotchining o‘z kasbini biznesga aylantirish epidemiyasi. Hali mehmon bu dorixonalardan tashqari, chet elning yuzlab dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalarining tizimli dori sotishidan bexabar? “Sizga faqat mana bu kompaniyaning dorisi foyda beradi!”, deyish do‘xtir uchun uyat bo‘lmay qolgan. Barcha tibbiyotchilarga birdek tashxis qo‘yish yaxshi emasdir. Chunki, ular orasida vijdonlilari ham bor. Ba’zida: “mana shu kompaniyalar kasallikni o‘zlari tarqatmasmikan?”, deb o‘ylanib ham qolaman.. Lekin, birovga tuhmat qilish gunoh. Astag‘firulloh.

Ikkinchisi, e’tibor bergan bo‘lsangiz, har bir ko‘chada bitta dorixona bitta oshxona bor. Biz har kuni to‘yguncha betartib ovqat yeyish epidemiyasiga chalinganmiz. Ovqatlanish madaniyati bizga umuman begona. Tabiiy mahsulotmi, xolestrin miqdori qanaqa, nimani go‘shti qizig‘i yo‘q, yeyaveramiz. Poytaxt va vohada kafelar, vodiyda choyxonadan ko‘pi yo‘q. Oshnangizga: “Vohaga boribsan?” desangiz, u o‘sha joydagi madaniy meros maskanlari o‘rniga birinchi o‘rinda: “Tandiri zo‘r, somsasini aytmaysanmi?”, deya ovqatdan tushadi. Qisqasi, “Dardimiz ovqat” degan epidemiya.

Uchinchisi, kamharakatlik epidemiyasi. Azal ajdodlarimiz sahar turib, ketmon chopgan, mol-hol va boshqa yumushlar bilan harakatda bo‘lgan. Hozirgilar unday emas! Chunki, aholining asosiy qismi trasportda ishga boradi, keladi. Boshqa yurtlardagidek, sahar turib yugurish bizga yot. Yugurayotganlar, sport bilan shug‘ullanib yurganlar bor. Lekin, ular foizga ham chiqmasa kerak! Bolalar sport bilan shug‘ullanishi uchun anjomlar qimmat. Bir rus do‘stimiz hazilomuz: “Koptokni narxi bitta aroq narxidan arzon bo‘lsa, futbol rivojlanadi”, degandi. Uning ta’biri bilan aytganda “v kajdoy shutke yest dolya pravdы.”. Bu masala bo‘yicha alohida maqola yozish niyatimiz bor. Chunki, mavzu katta.

Barcha kasalliklar asab buzilishidan kelib chiqadi, deyishadi. Bu gapda haqiqat borligi haqiqat. Asabiy odam juda ko‘p. Ruhiyatni davolash uchun ilm va ma’rifat zarur. Dorixona va oshxona soniga yarasha kutubxona va sport zallarimiz bo‘lsa edi...

Hikoyat

Qadimda qolgan bir hikoyani eshitganim bor: “Katta muzofotda bir donagina zo‘r tabib yashardi. Uning yakka o‘g‘li bo‘lib, u juda betarbiya ekan. Bola ertalabdan kechgacha ko‘chada o‘tirib, o‘tgan otliq va piyodaga tosh otar, otasining hurmati zo‘rligi va atrofda boshqa tabib yo‘qligi sabab unga hech kim tanbeh bera olmasdi. Chunki odamning bemor bo‘lishi bor. Bolasini urib qo‘ysa, ertaga otasi unga qaramay qo‘yishi mumkin. Ittifoqo, bir kuni bola ko‘chadan o‘tayotgan otliqqa ozor beradi. Shunda haligi yo‘lovchi uni oldiga kelib yuziga bir tarsaki solibdi. O‘g‘il: “Sen meni otamni bilmaysan. Hali ishing tushib keladi-ku?”, deya unga ham dag‘dag‘a qiladi. Shunda yo‘lovchi shunday depti: “Otangni kimligini yaxshi bilaman. Meni unga umuman ishim tushmaydi. Otangga o‘sha odam: “Haftada bir, oyda bir, yilda bir”, deb ketdi degin”.

Shapaloq yegan arzanda, tabib otasi oldiga kirib, nima bo‘lganini, yo‘lovchining “haftada bir, oyda bir, yilda bir” deb ketganini va bu gapda ne ma’no borligini so‘rabdi. Ota o‘g‘liga: “O‘sha kishi haftada bir kun och qolib, ro‘za tutib, ichki a’zolarini tozalaydi. Oyda bir – mo‘rcha, ya’ni bug‘li hammomga tushib, terlab tanasini poklaydi. Yilda bir, erta bahor ilik uzildi paytida ko‘kka bir to‘yib, barcha darmondorilarni vujudiga yig‘ib oladi. U to‘g‘ri aytibdi, bolam. Unday kishini menga hech ishi tushmaydi!”, degan ekan.

Hissa..

Balki, bu hikoya bugungi kunga to‘la tushmas, lekin undagi falsafa talqini ayni bizga tegishli. Agar biz o‘z organizmimizni o‘zimiz anglamasak - dard chekib, pulimizni kimyoviy dorilarga sarflab yuraveramiz. Dorixonalarning ko‘pligi esa menimcha, millatning nosog‘lomligi, tibbiyotning besaviya ekanligidan dalolat. Chet elda har olti oyda profilaktika uchun do‘xtirga ko‘rinib turishadi. Biz unday qilmaymiz. Mabodo, bu tajribani qilmoqchi bo‘lsak, tibbiyot xodimi bizdan tuzalishi qiyin bo‘lgan o‘nta dard topib berishidan qo‘rqamiz. “Ey, balodan hazar” deb yuraveramiz. Qarang, aksiomani o‘zi...

Juda ko‘p ishlatilaverib, kuch-quvvatini yo‘qotish darajasiga kelgan jumlani keltiraman: “Odam sog‘lom turmush tarziga rioya qilsa, bemor bo‘lmaydi va uzoq yashaydi”. O‘sha sog‘lom turmush tarzi avvalo - to‘g‘ri ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanish va inson organizmiga zarar keltiruvchi ichimlik va chekimlikdan voz kechish, deganidir.

Agar shunga amal qilmasak, ko‘chalarda turnaqator qurilgan oshxona, kafelarda “guppillatib” yog‘li ovqatni tanovul qilib, qorin solib, o‘sha ko‘chaning ikki betidagi dorixonadagi dori va malhamlarga oshno bo‘lib yuraveramiz. Ilm olib o‘zini anglamagan, sport bilan shug‘ullanish begona bo‘lgan tana dardga yaqin yuradi.

Bo‘pti.. Agar, nasihat qilgan insonni o‘zi gapiga rioya qilmasa, aytgani hapara. Chekish, ichishdan uzoqman. Yugurishga ketdim...
Elmurod Ermatov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chet ellik mehmon hayrati: “Sizlarda dorixona juda ko‘p ekan, sababi nimada?”