date
views 6 192

Butun mamlakatni “titratgan” voqea haqida batafsil maʼlumot berildi

Butun mamlakatni “titratgan” voqea haqida batafsil maʼlumot berildi
Fargʻonada besh yoshli qizaloq oʻgʻirlanishi bilan bogʻliq ish yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.

Agar yodingizda boʻlsa, shu yil fevral oyining boshida ijtimoiy tarmoqlar orqali Oltiariq tumanida 5 yoshli qizaloqning nomaʼlum shaxs tomonidan oʻgʻirlab ketilgani, soʻng esa, uning jasadi topilgani haqida shov-shuvli xabar tarqalgandi, deb yozadi UzNews.uz nashri.

Oʻshanda bu fojiali voqea millionlab yurtdoshlarimizning qalbini larzaga solgan edi.

Xoʻsh, aslida qanday voqea roʻy bergandi?

Yaqinda sudda barchasiga toʻliq oydinlik kiritildi.

Aytish kerakki, Oltiariq tumanining Poloson mahallasida yashovchi Jamilaxon Qodirovaning bir emas, 3 nafar nabirasi — Sherdorbek, Kibriyo va Xadichaxon shu hududdagi 6-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyalanishardi. Barcha buvilar singari Jamila opa ham nabiralarini jonidan ortiq koʻrardi. Shu bois har kuni ertalab Sherdorbek, Kibriyo va Xadichaxonlar buvisi bilan xayrlashib, bogʻchaga ketishardi. Kechki payt esa, Jamila opa yana ularni quchoq ochib kutib olardi.

Oʻsha, 2018 yil 5 fevral kuni ham xuddi shunday boʻl­di. Nonushtadan soʻng bogʻchaga otlangan kichkintoylar buvijonisi bilan xayrlashib, chiqib ketishdi. Ammo 5 yoshli Kibriyoga bogʻchadan uyga qaytish nasib etmadi…

Qoʻshtepa tumanining Qumtepa mahallasida yashovchi Akmal Abdurahmonov oʻsha kuni ertalab velosipedini mindi-yu, Oltiariq bozori tomon yoʻl oldi. Uning maqsadi — bozorda uyali telefonini sotish edi. Binobarin, Akmal bozorning uyali telefonlar va telefon ehtiyot qismlari sotiladigan doʻ­konlari oldida tushgacha xaridor kutib turdi. Lekin telefonini hech kim soʻramadi.

— Kecha, yakshanba kuni kelmabsiz-da, xaridor koʻp boʻ­lardi, — dedi tanishlaridan biri.

— Ha, mayli, yana biroz turay-chi, balki xaridor kelib qolar. Agar bugun sotolmasam, aytganingizdek, yakshanba kuni kelaman yoki Margʻilon shahridagi bozorga boraman, — deya javob qaytardi Akmal.

Biroq u bir soat emas, ik­ki soatdan ortiq tursa ham­ki, telefoniga xaridor chiqmadi. Oqibatda boʻshashgan koʻyi iziga qaytdi. Akmal Poloson mahallasidan oʻtib borayotganida koʻchada ketib borayotgan 3 nafar bola eʼtiborini tortdi. Yaʼni u bolajonlarning bir-biri bilan begʻubor gaplashib, kulishib ketayotganini koʻrib, velosipedini toʻxtatdi. Ular — 6-sonli maktabgacha taʼlim muassasasidan chiqib kelayotgan Sherdorbek, Kibriyo va Xadichaxon edi.

— Assalomu alaykum!, — deya salom berishdi bolalar.

— Sizlarni velosipedga mindirib, bir aylantirib kelaymi, — dedi Akmal.

Bolalar chugʻurlashib “ha”, deyishdi.

Shundan soʻng Akmal Sherdorbek va Xadichaxonni orqa oʻrindiqqa, Kib­riyo­ni esa, velosipedning oldi oʻrindigʻiga oʻtirgizdi. Soʻngra kichkintoylardan soʻradi:

— Uylaring qayerda, qaysi koʻchada yashaysizlar?

— Toʻgʻriga yuravering, oʻzimiz bilamiz, — deya bidirladi Sherdorbek.

— Bizga “kiriyeshki” olib berasizmi?, — deb soʻradi Kibriyo hali Sherdorbek gapini tugatmay turib.

Bunga javoban Akmal “ha” maʼnosida bosh irgʻadi-yu, velosipedni Poloson — Hamza yoʻnalishi boʻylab haydab ketdi. Ammo 100 metr­cha yurgach, Sherdorbek bilan Xadichaxon tushirib qoʻyishini aytib, xarxasha qilishdi. Shu bois A. Abdurahmonov darhol velosipedini toʻxtatib, ularni tushirib qoʻydi. Ke­yin esa:

— Shu yerda turib turinglar, biz sizlarga “kiriyeshki” olib kelamiz, — deb Kibriyoni mindirgancha yoʻlga tushdi.

Buni qarangki, yoʻlda ketish asnosida Akmalning koʻnglida yovuz fikr paydo boʻldi, Kibriyoni oʻgʻirlab ketish payiga tushdi. Shuning uchun u qizchani qoʻrqitib yubormaslik maqsadida avvaliga “Sardor” toʻyxonasi yaqinidagi doʻkondan “kiriyeshki” olib berdi.

Soʻng yoʻlida davom etib, velosipedni “Toshkent — Margʻilon — Andijon” temiryoʻli yoqasi boʻylab hay­dab ketdi. Fevral oyi emasmi, vaqt shomga yaqinlashib, qish sovugʻi quloq-burunni “chimchilay” boshlagan oʻsha mahalda boyaqish norasida goʻdak — Kibriyo oʻzini oldinda qanday ayanch­li qismat kutayotganini qayoqdan ham bilardi deysiz?!.

Xullas, temiryoʻlning 244-kilometriga yetganda A.Abdurahmonov Kibriyoni velosipeddan tushirdi.

Bu joy aholi yashash maskanidan ancha uzoq boʻlib, yon-atrofda dala shiyponidan boshqa hech narsa yoʻq edi.

— Sen shu yerda oʻtirib turgin, men uyga borib kelaman, — dedi u va kimsa­siz joyda qizchani yol­gʻiz qoldirib shoshgancha allaqayoqqa ketdi.

Albatta, “Aldagani bola yaxshi” deganlaridek, Kibriyo ham “saxiy” amakining soʻzlariga ishongani shubhasiz. Lekin qoʻlidagi yeguligi tugagach, uni vahima bosib yigʻlay boshladi. Buning ustiga atrofni allaqachon qo­ron­gʻulik qoplagan edi. U temiryoʻl boʻylab besh-olti qadam tashlagan edi, qoqilib yiqildi. Oqibatda uning alamli yigʻisi chor-atrofni tutdi.

Ammo baxtga qarshi atrofda norasida goʻdakning nolasini eshitadigan, un­ga yordam qoʻlini choʻzadigan hech kim yoʻq edi. Qizaloq qop-qora tun qoʻynida yuragi qoʻrquv va vahimaga toʻlib yigʻlar, allakimlarni yordamga chaqirardi…

Ertasi kuni bundan ham ogʻirroq fojia roʻy berdi. Ichki ishlar boʻlimi tezkor xodimlari poyezd yoʻlida uning jasadini topishdi. Tunda yigʻlay-yigʻlay holdan toygan Kibriyoni Qoʻqon — Mar­gʻilon yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan 62-sonli yoʻlovchi poyezdi urib yuborgandi…

Insoniylikni butkul unut­gan A. Abdurahmonov nega bunday qabih qilmishga qoʻl urdi? Norasida qizaloqni kimsasiz joyda yolgʻiz qoldirib, nimaga erishdi u?

Nahotki, qizaloqni kimsasiz joyga yolgʻiz tashlab ketgach, vijdoni zarracha qiynalmadi?!.

Shundan soʻng Sherdorbekning ogʻzaki tasvirlashi hamda Tinchlik shaharchasidagi jomeʼ masjidiga oʻrnatilgan videokuzatuv qurilmasini koʻz­dan kechirish asosida Akmal Abdurahmonov gumondor sifatida qoʻlga olindi. Tergov-surishtiruv jarayonida esa, u oʻz aybiga toʻliq iqror boʻldi. Binobarin, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi (odam oʻlishiga sabab boʻlgan holda xavf ostida qol­dirish) va 137-moddasi 3-qismi “b”-bandi (ogʻir oqi­batlarga sabab boʻlgan holda odam oʻgʻirlash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ji­noyat ishlari boʻyicha Mar­gʻilon shahar sudi esa, yuqoridagi moddalarga binoan aybdorni 11 yillik muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi. Shu bilan birga, maktabgacha taʼlim muassasalarida tarbiyalanuvchilarni kuzatuvsiz qoldirish holatlari qayta takrorlanmasligini taʼminlash maqsadida xususiy ajrim chiqarilib, Fargʻona viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasiga yuborildi.

Xulosa oʻrnida aytganda, hayotda roʻy beradigan har bir jinoiy qilmish, huquqbuzarlik zamirida avvalo eʼtiborsizlik, loqaydlik, zimmadagi masʼu­liyatni his etmaslik kabi illatlar yotadi. Yuqorida keltirilgan voqeada ham bogʻcha tarbiyalanuvchilarga kuzatuvchisiz uyga ketishga ruxsat berilgani bu fojianing asosiy sababidir. Xolbuki, bolalar ota-ona yoki ularning oʻrnini bosadigan shaxslar kuzatuvida uyga qaytishganda bu fojia roʻy bermas, A. Abdurahmonov yovuz niyatiga yetolmasdi.

Bundan koʻrinadiki, hayotga hamisha ochiq koʻz bilan qa­rash, sergak va hushyor boʻlish jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, fuqarolar xavfsizligini taʼminlashning birinchi shartidir. Bu­ni hech qachon unutmaslik kerak.
Mansurjon IBRAGIMOV,
jinoyat ishlari boʻyicha
Margʻilon shahar sudining raisi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Butun mamlakatni “titratgan” voqea haqida batafsil maʼlumot berildi