08:21 / 07.01.2019
3 415

Tilimizning kelajagi​

Tilimizning kelajagi​
Tilimizning kelajagi haqida o‘ylasam cheksiz g‘amga botib ketaman. Chunki, uning hoziri insonni qayg‘uga solyapti. Biz shuni bilishimiz va yaxshilab ongimizga singdirib olishimiz kerak, har bir davlatning eng katta boyligi bu uning tili bo‘ladi. Tiliga sohib chiqqan millatgina yashaydi, rivojlanadi va o‘zgalarni o‘z ortidan ergashtira oladi.

Til o‘zidan-o‘zi yaxshilanib, rivojlanib qolmaydi. Bu ham tirik jonga o‘xshagan narsa, e’tibor berilsa, g‘amxo‘rlik qilinsa, isloh qilinsa, parvarish qilinsa, barq urib yashnaydi, umrboqiy bo‘ladi. Tashlab qo‘yilsa, borgan-sari zaiflashib, davr karvoni bilan hamqadam bo‘lolmay, ortga qaytadi, ikkinchi darajaga tushib qoladi.

Tilimiz ajnabiy tillar to‘fonida vayron bo‘lish arafasida. Nimadir qilish kerak, qandaydir tizimli va o‘zaro muvofiqlashgan va markazlashgan shaklda uni qayta jonlantirish ustida ish olib borish kerak. Aks holda juda ko‘p narsani yutqazamiz.

Nima uchun ingliz, arab, nemis, fors, rus tillari rivojlangandan rivojlanib boryapti?! Negaki, ular o‘z tillarini o‘zlaridan o‘tib, o‘zgalarga o‘rgatish bo‘yicha ancha ildamlab ketishdi. Xilma-xil dasturlar, videodarslar, elektron kitoblar, o‘yinlar, multfilmlar, qiziqarli nashrlarning hamma-hammasi jahon miqyosida o‘z tillarini mukammal tarzda o‘rgatishga safarbar qilib kelinadi. Biz esa tilimizni o‘zgalarga o‘rgatish tugul o‘zimiz esdan chiqarmoqdamiz.

Yaqin Sharq davlatlarichalik ketma-ket mustamlakachilik to‘lqinlariga uchragan mintaqani topish qiyin bo‘lsa kerak. Ammo, ularni bitta narsa qutqarib qoldi. Tilni saqlab qolishga bo‘lgan intilish.

Deyarli har bir arab davlatida “arab tili akademiyalari“ tashkil qilingan va ular arab tilini zamon bilan hamnafas holda yashashini ta’minlash, imkoniyat doirasini kengaytirish va musaffoligini muhofaza qilish ustida tinmay ish olib boradi. Mashhur Misr Arab tili Akademiyasi 1932 yilda tashkil qilingan bo‘lsa kunimizga qadar mazkur tilning muammolari bilan faol ravishda shug‘ullanib keladi.

Globallashuv jarayonida hamma narsa tezlashib, izchillik kasb etayotgan bir davrda dunyoda bitta termin paydo bo‘lsa, ertasi kuni uning arab tilidagi munosib bir muqobili paydo bo‘ladi yoki hech bo‘lmaganda u so‘z arab tiliga o‘zlashib, uning tabiatiga mos ravishda bu ummonga singib ketadi. Yarmi Afrika, yarmi Osiyo qit’asida joylashgan buncha davlatda rasmiy va adabiy til yagona va istilohlar borasida ham hech qanday turlilik va ixtilof ko‘zga tashlanmaydi.

Misrning ko‘zga ko‘rinmas boyligi bor, u ham bo‘lsa, ta’lim sohasi. Misr uncha boy davlat emas ammo, qayerga qaramang, qaysi davlatga boqmang albatta bir madaniy markaz ochib, u yerda arab tilini o‘rgatadi. Musobaqalar uyushtiradi, hamma yoqqa o‘qituvchi eksport qiladi. Misrliklarning o‘zlari yarim iftixor, yarim hazil qabilida aytadigan mashhur so‘zlari bor: “Misr dunyoga ilm bergan“.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, bundan mazkur davlatga nima foyda bor ekan, deya?.. Qancha-qancha mablag‘larni sarflashdan qanday manfaat bo‘lishi mumkin, deya?!..

Misr bu bilan o‘zining umrini uzaytiradi, hayotiyligini ta’minlaydi, obro‘ e’tiborini saqlab turadi. Bu uning tashrif qog‘ozi, imiji va yuzidir. Bu unga moddiy boyliklardan ko‘proq narsa beradi. Jahon hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlaydi. Natijada, butun dunyodan arab tilini jonli tarzda o‘rganishga qiziquvchilar shu davlatga oqib keladi. Sharqshunos va boshqalar tajriba orttirish uchun shu zaminga yo‘l oladi. Bu juda katta strategiya, agar bilsak. O‘zi umuman, dunyoga ustun bo‘laman degan davlat borki, o‘z tilini rivojlantirish va olamga yoyish ustida jiddiy ish olib borayotganligini ko‘rasiz.

G‘arbiy Yevropa davlatlarini olaylik, o‘n bitta davlat o‘zining to‘qqiz xil tilini eng yuqori saviyada saqlab qolishga muvaffaq bo‘lib kelmoqda. Albatta, bu o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmayapti. Agar indamay qarab turilganda, Germaniyaning yarmi ingliz, yarmi rus bo‘lib qolgan va olmon tili tarix jarligiga uloqtirib yuborilgan bo‘lardi. Lekin, bunday bo‘lmadi. Olmonlar har tomonlama muvofiqlashgan va tizimli tarzda harakat qilib, o‘z tillarini nafaqat saqlab qoldilar balki, rivojlantirib, Yevropadagi yetakchi tillardan biriga aylantira oldilar. Sharqshunoslar olmon tili orqali Sharqni o‘rgana boshladilar. Bu qandaydir aqlga sig‘mas holat aslida.

Biz ham tilimizni rivojlantirish, o‘z mavqeyi va qudratini tiklash uchun qayg‘urishimiz va shu yo‘lda tartibli va amaliy ishlar olib borishimiz kerak.

Aslida, tilimiz ichki imkoniyatlari va raqobatbardoshligi jihatidan, fasohat-u balog‘ati jihatidan uncha-muncha tillardan ortiq bo‘lsa ortiqki, hech kam emas. Faqat, biroz e’tibor kerak unga, ozgina mehrga ehtiyoji bor.

Mevali daraxtga ozgina mehnat va mehringizni ayamasangiz u sizni yillar davomida sar hil mevalar bilan siylaydi. Soya-salqinlik beradi. Jonajon ona tilimiz, eng qiymatli gavharimiz o‘zbek tili ham aslida shunday. U bir buyuk daraxt. Uni quritib qo‘ymasligimiz kerak. Agar u qaddini rostlab, yayrab quloch yozsa, asrlar davomida avlodlarimizga o‘z soyasidan joy beradi, bitmas tuganmas mevalar beradi, insha Alloh.
Alisher SULTONXO‘JAYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tilimizning kelajagi​