15:53 / 13.02.2019
14 906

Yurtimizda Ali roziyallohu anhuning qabri bormi?

Yurtimizda Ali roziyallohu anhuning qabri bormi?
Hazrat Ali roziyallohu anhu ibn Abu Tolib (600-661) Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning jiyanlari va kuyovlari, jannat bashorati berilgan o‘n kishining biri. Ba’zi mufassirlar Qur’oni karimning “Baqara” surasidagi: “Odamlar orasida Allohning roziligini istab, jonini beradigani ham bor. Alloh bandalarga mehribon zotdir” oyati aynan hazrat Ali roziyallohu anhu haqida nozil bo‘lganini ta’kidlaganlar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan Ali ibn Abu Tolibning fazli haqida ko‘plab sahih rivoyatlar keltirilgan. Jumladan, Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Ali mendandir! Men undandirman! U mendan keyin har bir mo‘minning valiysidir!”, - deganlar.

Sharafli makonda tug‘ildilar
Quraysh shayxlaridan bo‘lgan Abu Tolibning ayoli Fotima Makkaga —Ka’bani tavof qilish uchun borganlarida, birdan qattiq og‘riq tutib, bexosdan to‘lg‘oq tutib qoladi. Biroq atrofdagilarning ko‘zlari tushib qolishidan uyalib, Ka’baning pardapo‘shi orqasiga o‘tib, bekinib oladilar. Bir necha daqiqalar o‘tib-o‘tmay Fotima Ka’ba pardapo‘shiga o‘ralgan bolani ko‘tarib chiqadilar. Bu tug‘ilgan bola shunday ulug‘ sharafli makonda, shunday ulug‘ sharafga ega bo‘lgan birinchi bola edi. Bundan avval ham, bundan keyin ham biror bola bunday yuksak sharafga noil bo‘lolmagan. Otalari Abu Tolib bolaning yuksak oliy bir maqomda tug‘ilish sharafiga noil bo‘lganligini ko‘rib nomlarini Ali deb qo‘yganlar.

Ali ibn Tolib ota-onalarining qo‘ynida 8 yoshga qadar tarbiya topdilar. 9 yoshga yetgan paytlarida Rasululloh sollallohu alayhi vassallam Ali ibn Tolibni o‘z tarbiyalariga oldilar. Hazrat Ali roziyallohu anhu u zoti muborakning tarbiyasida kamol topdilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga kuyov bo‘ldilar
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazrat Alini juda yaxshi ko‘rganlar. Buning isboti o‘laroq, Payg‘ambar alayhissalomning qizlari Fotimani u zotga jufti halollikka berganlari va o‘zlarining “ahli bayt”lari deb ataganlarini keltirish mumkin. Bu turmushdan Hasan, Husayn, Muhassin ismli o‘g‘illar hamda Zaynab va Ummu Kulsum ismli qiz farzandlar dunyoga kelgan.

Hazrati Ali kambag‘alliklari sababli na Fotimaga va na boshqa bir ayolga uylanish to‘g‘risida fikr ham qilib ko‘rmasdilar. Kunlardan bir kuni singillari: “Abu Bakr bilan Umar Rasulullohning oldilariga alohida kelib Fotimani so‘rashibdi, biroq Rasululloh rozilik bermabdilar. Mening o‘ylashimcha, Rasululloh Fotimani sizga saqlab tursalar kerak, vaqtni o‘tkazmay sovchi bo‘lib boring” - dedilar. Bunga javoban Ali: “Fotimaga uylanishlik uchun nimam bor? Rasululloh menga Fotimani berishlari mumkinligini kim aytdi”, dedilar. Shunda singillari: “Men buni o‘zim sezib yuribman, siz tez boravering”, dedilar. Shundan so‘ng, hazrat Ali Rasulullohning uylariga bordilar va duduqlana-duduqlana: “Fotimani bir eslab keluvdim”, dedilar. Rasululloh u kishiga boqib: “Xush kelibsiz” dedilar, xolos. Ali esa Rasulullohning ishlaridan hayratga tushib qaytib ketaverdilar. Mehribon ota qizlarining yonlariga borib tabassum ila boqib: “Ey Fotima, sizni haqiqatda Alloh hamda uning Rasuli erga beryapti”, deganlarida, Fotima: “Unday bo‘lsa, men Alloh va Rasuli buyurgan kishini qabul qilaman”, dedilar. Shundan keyin Rasululloh Alini chaqirtirib kelib: “Biror narsangiz bormi?” deb so‘radilar. Ali esa “Qalqonimdan o‘zga hech narsam yo‘q”, dedilar. “Bo‘lmasa qalqoningizni sotib keling” deb buyurdilar. Ali qalqonlarini sotib, pulini Rasulullohning oldilariga qo‘ydilar. Rasululloh puldan bir necha tangani olib bozordan atir-upa, kelinchakka taqinchoqlar sotib olib keltirdilar.

Shahidlik martabasi
“Xorijiylar”dan bo‘lgan Shom xalifasi Abdurahmon ibn Muljam Ali roziyallohu anhuni o‘ldirgani Qufaga keladi. U yerda Vardon ismli odam bilan kelishib olib, tongda masjidga kiradi va hazrat Ali kiradigan eshiklarning yoniga kelib o‘tiradi. Hazrat Ali tonggi namozga eshikdan kirayotgan vaqtlarida Vardon zaharlangan qilich bilan zarba beradi. Ali roziyallohu anhu eshikni yondarasiga ag‘darilib tushadilar.

Ibn Muljamni tutib, bog‘lab qo‘yadilar. Hazrati Ali keyin odamlarga qarab: “Menga qaranglar, mana shu zarba sababli, men o‘lsam uni xuddi shunday zarba bilan o‘ldiringlar. Zero, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “qiynab o‘ldirishdan saqlaninglar, agarda quturgan it bo‘lsa ham” deganlarini eshitganman”, dedilar.

Shundan keyin to jonlari jasadlaridan chiqqunga qadar Allohning zikrida bo‘lib turdilar. Vafot bo‘lganlaridan keyin u janobni o‘g‘illari imom Hasan va Husayn roziyallohu anhular hamda amakivachchalari Abdulloh ibn Ja’far yuvdilar, keyin kafanladilar.

Hazrat Alining muborak qabrlari qayerda?
“Hazrat Alining qabrlari qayerda?” degan savol ko‘p asrlar sirliligacha qolib keldi. Hazrati Ali vafotidan so‘ng, uning tarafkashlari ul zot dafn etilgach, qabrlariga zarar yetishidan saqlanib, yana uchta tobut tayyorlaganlar. Ulardan biri Makkaga, biri Madinaga va Quddusga yuborilgan. Asl qabr joyi esa sir tutilgan. Bu sirdan faqatgina Payg‘ambar avlodi vakillari va ularning yaqinlarigina voqif bo‘lishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hazrat Alining vasiyatiga binoan uning jasadi dastlab Bag‘dod yaqinidagi Najaf shahrida dafn etilgan. “Temur tuzuklari”da Amir Temur hukmronligi davrida hazrat Alining Najafdagi mozoriga alohida e’tibor berilganligi bayon etilgan.

Tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha, Umaviylar sulolasi (660-750) davrida hazrat Alining avlodlariga hurmatsizlik ko‘rsatilgan. O‘sha vaqtda xurosonlik sarkarda Abu Muslimga hazrat Alining tobutini Balxga eltib, u yerga vaqtincha dafn etish vazifasi topshiriladi. Alining jasadlari solingan sandiq kechasi tuyaga ortilib, Balxga olib boriladi va Hayron degan qishloqda, sandiq ustiga haqiqat yozilgan bir lavhani qo‘yib yashirincha ko‘madilar. Biroq Abu Muslim bu voqeani ommaga e’lon qilishga ulgurmasidan o‘ldiriladi. Shu tariqa jasadning Balxda ekani maxfiy qoladi.

Afg‘onistondami Iroqdami?
Bugungi kunda Afg‘onistonning Balx viloyati Mozori Sharif shahrida moviy masjid yoki Hazrat Ali maqbarasi bor.

Rivoyatlarga ko‘ra, Balxda hazrat Alining qabri tasodifan aniqlangan. Hayron qishloq aholisi yerga ishlov berish ishlari mobaynida g‘ishtin qabrga duch keladi. Unda Qur’on, qilich va umuman chirimagan Hazrati Alining jasadi bo‘lgan. O‘sha vaqtda saljuqiylar saltanatini boshqargan Sanjar qabr ustida maqbara qurdirgan. XIII asrda manfur Chingizxon bostirib kelgan vaqtda qabr ko‘mib yuborilgan. XV asrga kelib, maqbara qayta ochilgan. O‘shanda temuriylar avlodidan bo‘lgan shoh va shoir Husayn Boyqaro maqbara ustida hozirda ham qad ko‘tarib turgan masjidni qurdirgan. Masjidning gumbazlari moviy rangda bo‘lgani bois u xalq orasida Moviy masjid deb atalgan.

Tarixiy manbalarda Balxdagi Hazrat Ali maqbarasining bosh me’mori mashhur shoir, tarixnavis, musiqashunos Kamoliddin Binoiy bo‘lgani qayd etilgan. Keyinchalik hazrat Ali mozori joylashgan qishloq katta shahar qiyofasini oldi va hazrat Ali sharafiga “Mozori Sharif” deya yuritila boshladi.

Boshqa manbalarda esa Hazrat Alining qabrlari Bag‘dod (Abbosiylar) xalifasi Horun ar-Rashid boshqaruvi davrida (786-809) ochiqlangani qayd etiladi. Qayd etilishicha, bir kuni xalifa Kufa yaqiniga ovga chiqadi. Itlar bir necha jayronlar ortidan quva ketadi. Jayronlar esa bir tepalikka chiqib ketadi. Itlar ular izidan tepalikka chiqishmoqchi bo‘lishganida qandaydir kuch ularni to‘xtatib qolaveradi. Jayronlar pastlikka tushishganida itlar yana quvlaydi. Jayronlar yana tepalikka qarab qochadi. Bu uch marta takrorlanadi. Xorun buni ko‘rib hayron bo‘ladi va mahalliy aholidan buning sirini bilishga qiziqadi. Shu yaqin atrofda yashovchi bir qariyani keltirishadi, u Horunning savollariga shunday javob beradi: “Ota-bobolarimizning aytishicha, bu tepalikka Ali ibn Abu Tolib ko‘milgan. Shuning uchun Alloh bu joyni boshpanasizlar uchun panoh bo‘ladigan joyga aylantirgan. Bu yerga kelganlar himoyada bo‘ladi”.

Horun bu gapni eshitib, bu yerda Allohga ibodat qiladi. So‘ng maqbara qurdiradi. Tarixchi Ibn Kasir fikriga ko‘ra, hazrat Ali Kufa shahri (Iroq)dagi “Dorul-Xilofa” qabristoniga dafn qilinganlar.

Hazrat Ali Shohimardonga kelganmi?
Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanidagi qishloq — Shohimardonda ham hazrati Alining ramziy maqbarasi bor. Shohimardon atamasining kelib chiqishi ham “mardlar shohi”, “to‘rtinchi xalifa” hazrati Ali nomi bilan bog‘lanadi. Mahalliy afsonalarga ko‘ra, hazrati Ali tez-tez Shohimardonga kelganlar va shu yerga dafn etilganlar. Hazrati Alining qabri to‘rt tomoni tog‘ bilan o‘ralgan, ikki daryo tutashgan joyda joylashgan emish. Lekin bu afsonalar ilmiy jihatdan isbotlanmagan.

Qishloq markazidagi ushbu ramziy maqbaraga mahalliy aholi orasida “Sherdargoh pirim” deya e’tiqod qiladiganlar ko‘p topiladi. Hazrati Ali o‘zining jasorati va dovyurakligi bilan nom qozongandi. Shuning uchun uni “haydar” (sher) deyishardi.“Asadulloh”, ya’ni, “Allohning sheri” deb ham atashadi. Maqbarada sher bilan bog‘liq naqshlar, tasvirlar bor.

Avliyo buloq va duldul ot
Toshkent viloyatining Parkent tumani hududidagi Kumushkon ziyoratgohi ham hazrat Ali nomi bilan bog‘lanadi. Bu yerda azim chinor bo‘lib, uning atrofidan buloq ko‘z ochgan. Afsonalarga ko‘ra, hazrat Ali shu yerda ibodat oldidan tahorat olmoqchi bo‘lganlarida Allohdan buloq paydo qilishini so‘raganlar. Yana bir afsonaga ko‘ra, Avliyo buloq deb ataladigan ushbu buloqdan Hazrat Ali o‘zining Duldul laqabli otlarini sug‘organlar. 2010 yilda chinor yonida masjid qurilgan.

Navoiy viloyatining nurota tumani hududida ham hazrati Aliga nisbat beriladigan ziyoratgoh bor. Lekin yuqoridagi ma’lumotlar ko‘rsatib turibdiki, Hazrati Ali bizning diyorimizga qadam bosmaganlar. Ammo, ul zot bilan bog‘liq yurtimizning turli hududlarida bir qator ziyoratgohlar mavjudligi, xalq orasida afsona va rivoyatlarning shoyonligi ajdodlarimiz ham bu ulug‘ zotga juda katta ehtirom bilan qaraganlarini ko‘rsatadi.

Shu bois, Hazrati Alining muborak nomlari bilan bog‘liq ziyoratgohlarga safar qilishdan avval ul zotning hayotlari haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lish ziyon qilmaydi.
Umida ADIZOVA tayyorladi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yurtimizda Ali roziyallohu anhuning qabri bormi?