12:00 / 11.04.2019
3 957

Ustoziga saboq bergan shogird

Ustoziga saboq bergan shogird
Maktabda o‘qish boshlangan kuni o‘qituvchi 5-sinf o‘quvchilar qarshisida turib yolg‘on so‘zladi. O‘quvchilariga bir-bir qarab chiqdi-da ularni juda yaxshi ko‘rishini aytdi. Ammo buning iloji yo‘q edi. Chunki burchakda boshi bir yonga egilgan Mustafo Yilmaz ismli bolakay bor edi. Madiha xonim bir yil oldin Mustafoni kuzatgandi va bolalar bilan o‘ynamasligi, ust-boshi kirligi, qachon qaramasin yirtiq, uvada kiyimlarda yurishini ko‘rgandi. Madiha xonim Mustafoni shu qadar yomon ko‘rardiki, oxir- oqibatda bu nafrat o‘qituvchiga o‘quvchisining daftarlarini qizil qalam bilan “bezash” va unga “past o‘zlashtiruvchi o‘quvchi” degan nisbatni berishiga sabab bo‘ldi. Hatto Madiha xonim Mustafoga past baho qo‘yishdan zavqlanardi ham.

Madiha xonim sinfdagi har bir bolaning tavsifnomasi bilan tanishish kerak edi. Shunda ham Mustafoning tavsifnomalarini eng oxiriga qo‘ydi. Ammo uning hayoti bilan tanishganida kutilmagan holatdan yuragi orqaga tortib ketdi. Mustafoni birinchi sinfda o‘qitgan o‘qituvchisi shunday yozgan edi:

“Mustafo har doim kulib yuradigan, ko‘zlari porlab turadigan sho‘x bola. Uy vazifalarini to‘liq va xatosiz bajaradi. Tarbiyasi chiroyli. Uni ko‘rgan har bir kishi shunday farzandi bo‘lishini orzu qiladi”.

Ikkinchi sinfda o‘qitgan o‘qituvchisi esa shunday degandi: “Mustafo har tomonlama mukammal o‘quvchi. Sinfdoshlari uni juda yaxshi ko‘rishadi. Ammo onasi og‘ir kasal bo‘lgani uchun qayg‘uda va uy ishlari ham unga qolib ketgan”.

Uchinchi sinf o‘qituvchisi: “Onasining o‘limi Mustafo uchun juda og‘ir bo‘ldi. Mustafo bu g‘amni qo‘lidan kelgancha yengishga urinyapti, ammo dadasi bola bilan mutlaqo qiziqmayapti. Agar bolakayga yordam berilmasa, uydagi holat uni cho‘ktirib qo‘yadi” degandi.

To‘rtinchi sinfda Mustafoni o‘qitgan o‘qituvchi esa shunday degan edi: “Mustafo hech kim bilan gaplashmaydi. Darslarni yaxshi o‘zlashtirmaydi. O‘rtoqlari ham yo‘q. Ba’zan darsda uxlab qoladi”...

Tavsifnomalarni o‘qirkan Madiha xonim muammo nimadaligini angladi va o‘zidan uyaldi. O‘quvchilari ustozlar bayramida unga chiroyli sovg‘alar, yaltiroq gulqog‘ozlarga o‘ralgan hadyalar berganida ham ichdan quvonmadi. Mustafoning sovg‘asini qabul qilgunicha Madiha xonimga hech bir o‘quvchisining sovg‘asi tatimadi. Mustafoning hadyasi kichik do‘kondan olingan qalin, qahvarang gazeta qog‘oziga tartibsiz o‘ralgan edi.

Madiha xonim uni boshqa sovg‘alarning ichida ochishga yuragi dov bermadi. O‘qituvchi hadya xaltasi ichidan soxta olmos toshlarining ayrimlari tushay deb turgan bilaguzuk va bir flakon iforni olayotganida o‘quvchilar kula boshlagandi. Madiha xonim bilaguzukning qanchalik chiroyli ekanini aytganida bolalarning kulgusi tindi. Darhol bilaguzukni taqib oldi va ifordan bilaklariga surtdi. Mustafo o‘sha kuni dasrdan keyin qolib o‘qituvchisiga:
- Ustoz, Sizdan onamning hidi kelyapti!- dedi.

Bolalar uyga ketgach, Madiha xonim uzoq yig‘ladi. O‘sha kundan keyin Mustafo bilan alohida shug‘ullanadigan, o‘qish-yozish va arifmetikadan unga saboqlar berishni boshlaadi. O‘quvchilarni ham bunga jalb qildi. Madiha xonim Mustafo bilan shug‘ullanayotganida bolakayning zehnda ijobiy o‘zgarishlar sezib xursand bo‘lardi. U bilan qanchalik qattiq ishlamasin, Mustafo ham ustoziga tezlik bilan javob qaytarayotgandi. O‘quv yili oxirigacha Mustafo sinfdagi eng a’lochi o‘quvchiga aylandi. Madiha xonim hamma o‘quvchisini bir xil yaxshi ko‘rishini aytishiga qaramay, Mustafoni boshqacha ko‘z bilan sevardi. Bir yildan keyin Madiha xonim eshigi oldida bir xat topib oldi. Unda Mustafo hayotida unga uchragan eng yaxshi ustoz ekanini yozgan edi.

Olti yildan keyin Mustafodan yana bir xat oldi o‘qituvchisi. Litseyni a’loda bitirganini, imtihonlar bahosi bo‘yicha sinfda uchinchi o‘rinni olganini va hanuzgacha Madiha xonim uning hayotidagi eng yaxshi o‘qituvchi ekanini yozgandi. .

Bu maktubdan to‘rt yil o‘tib Madiha xonim sobiq o‘quvchisidan yana xat oldi. Ba’zan juda qiynalgan bo‘lsa-da, o‘qishdan voz kechmaganini, yaqinda eng a’lochi talaba darajasida kollejni tamomlashini yozgan bu maktubda ham butun hayotidagi eng yaxshi va fidoiy o‘qituvchi Madiha xonim ekanligi alohida qayd etilgan edi.

Oradan yana to‘rt yil vaqt o‘tdi va muallima boshqa bir xat oldi. Bu safar oliy ma’lumotli diplom olganidan so‘ng o‘qishni davom ettirib, bundanda yuksak martabalarni mo‘ljallayotgani haqida gapirgan sobiq o‘quvchi, Madiha xonim hamon uning hayotidagi eng yaxshi va dono ustoz bo‘lib qolayotganini ta’kidlagandi. Ammo endi ism-nasabi biroz uzunroq edi. Maktub “Proffessor, tibbiyot doktori Mustafo Yilmaz” deya imzolangan edi.

Mustafo bir qiz bilan tanishgan edi va u bilan hayotini nikoh rishtasi asosida bog‘lash niyatida edi. Otasi bir necha oy oldin vafot etgani uchun, nikoh to‘yi to‘rida kuyovning onasi o‘tiradigan o‘rindiqda Madiha xonim o‘tirishini so‘radi Mustafo. Shubhasiz bu taklifini Madiha xonim sharaf bildi. Toshlari tushib yotgan o‘sha Mustafo sovg‘a qilgan bilaguzukni taqdi. Mustafoning onasi bir paytlar sepib yurgan ifordan sepdi. Bir-birlarini quchoqladilar. Va doktor Mustafo Madiha xonimning qulog‘iga shiviradi: “Menga ishonganingiz uchun tashakkur, ustoz! O‘qishim kerakligi, buyuk inson bo‘lib yetishishim aniqligini anglatganingiz va muhimi men oddiy o‘quvchi emasligimga ishontirganingiz uchun tashakkurlarim ustoz!” Madiha xonim ko‘zlarida yosh bilan sobiq o‘quvchisiga pichirladi:

- Mustafo, jon bolam, men xato o‘ylardim. Menga hayotingni o‘zgartirishimni, mehr-muhabbat qanday bo‘lishini sen o‘rgatding! Sen bilan tanishgunimga qadar qanday o‘qituvchilik qilganimni bilmayman...
Insonlarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga harakat qiling. Bu bilan o‘z hayotingiz ham nurli bo‘ladi...
Turk tilidan Umida ADIZOVA tarjimasi

Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ustoziga saboq bergan shogird