
"Bu siyosiy o‘yin", – deb yozdi Rossiyada yashab ijod qiladigan atoqli o‘zbek adibi Temur Po‘latov 2 may kuni o‘zining "Feysbuk"dagi sahifasida.
Vesti.uz saytida e’lon qilingan murojaatga munosabat bildirarkan, u rus tilida ijod qiladigan o‘zbek yozuvchisi sifatida o‘z nomidan foydalanishlariga qarshi ekanini aytgan.
Yozuvchining fikricha, "bir guruh o‘zbek ziyolilari" nomidan e’lon qilingan murojaat "til va madaniyat haqida emas".
"Til va madaniyat haqida emas, bu siyosiy o‘yinlar. Shu munosabat bilan "ziyolilar" rus tilida ijod qiladigan "ulug‘ Yozuvchilar" qatorida meni nomimni ham tilga olganlar. Birinchidan, men o‘zimni "ulug‘ yozuvchilar" ruyxatiga kiritganim yo‘q, ikkinchidan, men bu "ziyolilar" bilan bir maktabda o‘qimagan va a’lochi bo‘lmagan, sabab siyosiy qimorbozlikni qoidalarini yaxshi bilmayman. Vassalom!" (post muallifining orfografik usuli saqlab qolindi – tahr.).
Murojaat mualliflari umuminsoniy madaniyat xazinasi, jumladan, Temur Po‘lat singari rus tilida ijod qilgan o‘zbek va boshqa xalqlar vakillarining ijodi hisobiga boyiganini urg‘ulashgan.
"Men bu "ziyolilar" bilan bir maktabda o‘qimaganman, siyosiy qimorbozlik qoidalarini yaxshi bilmayman".
Temur Po‘latov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi
Temur Po‘latov Rossiyadagi eng taniqli o‘zbekistonlik yozuvchi va jamoat arbobidir.
U Sovet ittifoqining oxirgi yillarida SSSR Yozuvchilar uyushmasi rahbarlaridan bo‘lgan va ittifoq parchalanganidan so‘ng, 1992 yilda Rossiya va MDH davlatlari yozuvchilar uyushmalarining xalqaro hamjamiyatiga asos solgan va 6 yil davomida ushbu tashkilotga rahbarlik qilgan.
Buxoroda tug‘ilgan adib O‘zbekiston va Tojikiston xalq yozuvchisi, shuningdek, sobiq SSSR va Rossiyaning qator davlat mukofotlari va xalqaro Sholoxov mukofoti sohibidir.
"Bir guruh ziyolilar"
30 aprel kuni rossiyaparast vesti.uz saytida e’lon qilingan murojaatda mualliflar O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish, buning uchun mamlakat qonunchiligiga zarur o‘zgartirish kiritishni taklif qilganlar.
Ular 1995 va 2004 yillarda yangi tahrirda qabul qilingan "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonunda rus tili "millatlararo muloqot tili" sifatida eslatilmaganidan taassuf bildirishgan.
Mualliflar oxirgi yillarda O‘zbekistonda rus tilining faqat xorijiy tillardan bittasi sifatida o‘qitilishi qanchalik to‘g‘ri ekanini savol ostiga olishgan.
Ularga ko‘ra, rus tiliga o‘zbek va qoraqalpoq tillari bilan bir qatorda rasmiy maqom berishni "hayotning o‘zi taqozo qilmoqda".
Mualliflar Yevropaning ko‘pgina davlatlarida milliy ozchilik tillariga rasmiy va davlat maqomlari berilganini misol qilib keltirishgan.
Tashabbuskorlarning fikricha, rus tili orqali o‘zbek millati nafaqat "buyuk rus madaniyati, balki jahon madaniyati va ilm-fani bilan tanishgan".

Ularga ko‘ra, hozir millionlab o‘zbeklar rus tilini bilmagani uchun Rossiyada qiynalmoqda.
Avvaliga uch kishi imzolagan murojaatga keyinroq yana 15 kishining ism-familiyasi ham ilova qilingan.
Ular orasida Farrux Zokirov va Bernora Qoriyeva singari O‘zbekiston xalq artistlari va jamoat arboblari ham bor.
Ayni paytda murojaatga imzo chekkan ilk uch kishidan biri, O‘zbekistondagi yarim rasmiy "Demokratiya va inson huquqlari" instituti rahbari Sayyora Xodjayevaning nomi olib tashlangan.
Qolgan ikki kishidan biri tilshunos professor, O‘zbekistonning Rossiyadagi birinchi elchisi Yusuf Abdullayevdir.
Davlat tili
Murojaat ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan, qator o‘zbek blogerlari murojaatga qarshi postlar yozishgan.
O‘zbekiston rasmiylaridan hech kim murojaatga munosabat bildirmagan.
Bu yil "Davlat tili haqida"gi qonunning qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi.
O‘tgan yilning dekabrida Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev qonun ijrosi yillar davomida deyarli o‘z holiga tashlab qo‘yilganini tanqid qilgan.
Uning aytishicha, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va agentliklarning 2018 yilda qabul qilingan 34 ta qo‘shma qarori davlat tilida emas.
"Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgan 154 ta normativ-huquqiy hujjatning ilovalari davlat tilida tasdiqlanmagan", – deb aytgan Senat raisi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar