17:05 / 06.05.2019
7 166

Mavlom naylasa-da go‘zal aylar

Mavlom naylasa-da go‘zal aylar
Bolaligimdan beri keksa yoshli kishilarga mehr-muhabbatli bo‘lib o‘sganman. Chunki keksalar bilan bog‘liq xotiralarim nihoyatda, go‘zal va unutilmas edi. Ammo 1976 yilda Adapazarida guvohi bo‘lganim bir hodisa, bir qaraganda unchalik yaxshi emasdi.

U kezlarda Universitetda asistent edim. Juma namozi uchun shahar markazidagi "O‘rxon" masjidiga kelib, mashinamni ko‘zimga ilashgan bo‘sh joyga qo‘yib qo‘ydim. Qayta yo‘lga chiqish uchun orqama-orqa yurishga majbur edim.

Namozni ado etib bo‘lgach, o‘ylaganimday bo‘ldi. Va o‘sha kezda keksa kishiga to‘qnashib ketdim. Masjiddan chiqqan jamoat meni “hoy-hoy”lab ogohlantirishmaganida, bu holatni payqamay qolishim mumkin edi. Chunki orqamga qaraganim bilan hech narsa ko‘rmasdim.

Qattiq talosh ichida mashinadan uchib chiqdim. Bir-ikki yosh yigitlar qariyani o‘rnidan turg‘izayotgandi. Keyin keksa otaxonni tahoratxona favvorasi oldiga olib borib yuz-qo‘lini yuvishga yordamlashishdi. Biroz o‘ziga kelgan otaxonni o‘sha atrofdagi o‘rindiqlardan biriga o‘tirg‘izdilar. Yoniga qarab yugurdim va qo‘llarini ushlab:

– Haqingizni halol qiling, bobojon! – dedim. – Sizni turtib, yerga ag‘dargan mashina egasi menman. Ammo Alloh guvohim, orqaga qaragan bo‘lsam ham sizni ko‘rmadim.

Keksa otaxona qo‘rqqaniga qaramay, kulimsiradi. Meni hayratga solgani shu ediki, balki bir asrlik hayot yukining zalvoridanmi, vujudi ikki bukilgan, yerga parallel holatda edi go‘yo. Balki shuning uchun ham ko‘rmay qolgandirman...

Ust-boshini qoqib qo‘yarkanman, xotirjam ohangda:
– Xavotirlanma, yaxshiman, bolam,– dedi otaxon.– Biz eski tuproqlardanmiz, osongina taslim bo‘lmaymiz!

Otaxonni majburlab yaqin atrofdagi dorixonalardan biriga olib bordim va qonagan, shilingan joylarini arttirdim. So‘ng xijolatlik bilan cho‘ntagiga biroz miqdorda pul qo‘ymoqchi bo‘ldim. Pul tutgan qo‘limni bir zumda ikki kafti orasida olib, xijolatlik bilan shunday dedi:
– Alloh sendan rozi bo‘lsin, bolam. Lekin men buncha ko‘p pulni ololmayman.

“Buncha ko‘p” deganidan pulni juda ko‘p deb o‘ylaganini bildim. Ya’ni, bu pulning unga keragi yo‘q, deyolmasdim.Shuning uchun ham qayta-qayta iltimos qilib bergan pullarim orasidan biroz miqdordagisini olib xijolatli ohangda:

– Bu pul endi menikimi?- deya so‘radi.
– Albatta, bobo! – dedim.– Agar qabul qilsangiz juda ham sevinardim!
– Unday bo‘lsa menga shunga bir chipta olib berasanmi?

Bu taklifiga hayron bo‘lganimni ko‘rgan keksa kishi, o‘zini bir necha yoshga qaritgan sarguzashtini gapirib berishga tutindi. Betob nabirasini ko‘rish uchun Istanbulga kelgan, bir kecha qolgandan keyin, ertalab uyiga, Bolu tomonga qaytish uchun yo‘lga chiqqan. Hammasi risoladagidek ketganida juma namozini Boluda ado etardi. Lekin avtobusi Adapazarida yaqin bir joyda buzilib qoladi va namozni qazo qilmaslik uchun biz tomonlargacha keladi. So‘zlarini tugatayotib:

– Birozgina pulim bor edi. Lekin tahorat olayotganimda o‘shaniyam o‘g‘irlashibdi. Namozda boshdan oxir, “Uyga qanday qaytaman? Kimga yolvorib qo‘l ochaman?” deb yig‘ladim.

Negadir bir necha yildan beri bu voqeani qalamga olmagan ekanman. Bugunga nasib qilgna ekan. Ammo o‘sha voqeadan keyin xayrlashish uchun qo‘l yoki ro‘molcha silkiganlarni ko‘rganimda, xuddi haj ziyoratiga borayotgandek sevinib avtobusga chiqqan keksa otaxonni kuzatganim esimga tushadi. Ko‘zida yosh bilan duo qilganlari ham ko‘z o‘ngimda jonlanadi...

Ilk boqishda bizga xush kelmasa-da, Mavlom naylasa ham, go‘zal aylar, to‘g‘rimi?
Zotin, buyuk va marhamatli Robbimiz o‘zi uchun mashaqqat chekkan qaysi bandasini yarim yo‘lda tashlab qo‘yardi?..
Junayd Suavi
Umida Adizova tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mavlom naylasa-da go‘zal aylar