14:07 / 12.05.2019
3 834

Sakkiz ming butparastni musulmon qilgan buyuk zot...

Sakkiz ming butparastni musulmon qilgan buyuk zot...
Foto: «Azon.uz»
«Azon.uz»da «Sakkiz ming butparastni musulmon qilgan zot» haqidagi rivoyat e’lon qilindi. Quyida ushbu rivoyat to‘lig‘igicha e’tiboringizga havola etiladi.

Hazrati Xoja Abdulxoliq 1103 yil G‘ijduvonda tug‘ilib, 1179 yil (ayrim manbalarda 1220) dunyodan o‘tgan. Qabri G‘ijduvon shahrida.

Avliyolar sultoni, qutbi zamon, olimi Rabboniy, buyuk tarbiyachi Abdulxoliq G‘ijduvoniy xojagon tariqatining asoschisi, «Silsilai sharif»dagi o‘ninchi xalqaning piri murshidi hisoblanadi.

Abdulxoliqning otalari Imom Abduljamil katta olim va orif kishi bo‘lgan. Imom Abduljamil asli Rum (hozirgi Turkiya)lik bo‘lib, Imom Molik (713-795) avlodidan. Abdulxoliqning onalari esa podshoh qizi bo‘lgan. Rivoyatlarda, Xizr alayhissalom tavsiyalariga muvofiq Imom Abduljamil G‘ijduvonga keladi va hazrat Abdulxoliq G‘ijduvonda tug‘iladi.

Abdulxoliq G‘ijduvoniy haqlarida Xoja Orif Revgariy, Jomiy, Navoiy, Ali Safiy, Nosiriddin To‘ra, Maxdumi A’zam, Muhammad Boqir va boshqa alloma, avliyolar o‘z kitoblarida ma’lumot berishgan.

Hazrat Abdulxoliq, Yusuf Hamadoniy, Imom Sadriddin, Niyoz Xorazmiy (Boboyi Laqlaqagi)lardan ta’lim olgan.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy Buxoroda zamonasining mashhur allomasi Imom Sadriddindan tafsir ilmini mukammal o‘rganadi.
Abdulxoliq G‘ijduvoniyni ustozi Hazrat Boboyi Laqlaqagi - Xoja Niyoz Xorazmiyning qabrlari Romitan tumanidagi Laqlaqa qishlog‘idadir.

Yigirma ikki yoshlarida Buxoroda tasavvuf olamida mashhur shayx Xoja Yusuf Hamadoniyga uchrashib, tasavvuf ta’limotini egallaydi. Abdullo Barqiy, Hasan Andoqiy, Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy Yusuf Hamadoniyning eng yetuk shogirdlaridan sanaladi. Yusuf Hamadoniy Buxoro shahrining (Xo‘ja Nurobod ko‘chasi) Korxona guzarida yashagan va Barqiy, Andoqiy, Yassaviy va Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabi shogirdlariga ta’lim bergan. Bu tabarruk makonda hozir Yusuf Hamadoniyning ramziy qabrlari bor.

Abdulxoliq G‘ijduvoniy o‘zlarining «Maqomoti Yusuf Hamadoniy» nomli asarlarida ustozlari Shayx Yusuf Hamadoniyning surat va siyratlari, go‘zal axloqlari, yurish-turishlari, ibodati, hayot faoliyati va shogirdlariga munosabatlari xususida atroflicha ma’lumot beradilar. Mazkur asarda Abdulxoliq G‘ijduvoniy o‘z ustozlari Yusuf Hamadoniyga shunday ta’rif beradilar:

«Shayximiz piyoda o‘ttiz ikki marta haj qilgan, hafs qiroati bilan ming marta Qur’onni xatm etgan edilar. Tafsir, hadis, fiqh, usul, furu’ va kalomga doir yetti yuzta kitobni yod olgan, ikki yuz o‘n uch nafar mashoyix bilan suhbat tutganlar. Ko‘p vaqt ro‘zador bo‘lardilar. Sakkiz ming butparastni musulmon qilishga muvaffaq bo‘lgan, tavba qildirib, to‘g‘ri yo‘lga solgan kishilarning sanog‘ini hech kim bilmasdi».

Abdulxoliq G‘ijduvoniyning yozishlaricha, Hazrat Yusuf Hamadoniy etikdo‘zlik va dehqonchilik bilan shug‘ullangan, Haq taolo nima bersa, kambag‘al, yetim-yesir, bemor va serfarzand, muhtoj, yo‘qsil oilalarga tarqatar ekan.

Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy «Maqomati Yusuf Hamadoniy» nomli risolalarida o‘z pirlarining suluk (Xudoga muqarrab bo‘lish yo‘li) haqidagi quyidagi pand-nasihatlarini keltiradi: «Ey Abdulxoliq! Bilingki, Haq yo‘lining yo‘lchiligi, ya’ni suluk ikki qismdir: suluki zohir va suluki botin. Birinchisi, suluki zohir bo‘lib, u har holu korda ilohiy amr va taqiqlarga rioyat etish, imkon doirasida diniy mezonlarni saqlash va nafs orzularidan qochishdir. O‘z a’zolarini havoyu nafsdan saqlab, shariat hududida muhofaza qilishdir.

Ikkinchi qism bo‘lgan suluki botin esa qalbni poklashga harakat qilish va nafsoniy yomon sifatlarni yo‘qotish uchun g‘ayrat sarflashdir. Botiniy tahorat — qalbning Haq zikri bilan go‘yo bo‘lishligi uchun zikrda behad jiddu jahd qilish. "Bu zikr talqini dastlab hazrat Abu Bakr roziyallohu anhuning qalbiga, undan Salmon Forsiy roziyallohu anhuga, undan Ja’fari Sodiq hazratlariga, undan Sulton Boyazid (Bastomiy), undan Shayx Abul Hasan Haraqoniy, undan buyuk shayx Abu Ali Formadiy Tusiy barchalaridan Alloh rizo bo‘lsin alardan so‘ng esa bizga qadar yetib kelgan», – der edilar.

Hazrat Abdulxoliq G‘ijduvoniyning juda ko‘p murid, muhib, shogirdlari bo‘lgan. Ularning eng yetuklari: Xoja Ahmad Siddiq, Xoja Avliyoi Kabir, Xoja Sulaymon Karmaniy, Xoja Orif Revgariydir. Xoja Abdulxoliqning muborak ruhlari Xoja Bahouddin Naqshband hazratlarini tarbiya qilgani uchun u ulug‘ zot Bahouddin Naqshbandning uvaysiy – ma’naviy pirlari hisoblanadilar. Hazrat Bahouddinga zikri xufya (ovoz chiqarmay mahfiy zikr qilish)ni o‘rgatgan ham u zoti sharifdir.

Abdulxoliq G‘ijduvoniyga Alloh taolo ko‘p karomatlar bergan. Mir Alisher Navoiy «Nasoyimul muhabbat» kitobida hazrat Xojai Jahon – Abdulxoliq G‘ijduvoniyga Alloh bergan ulug‘ darajalarini ta’kidlab: «Har vaqt namozda Ka’baga borar erdilar», deb yozadi (A. Navoiy, «Mukammal asar­lar to‘plami», 17 tom. T. — 2001 yil, 253-bet). O‘sha kitobda A. Navoiy Abdulxoliq G‘ijduvoniyga quyidagi ta’rifni ham bergan: «Alarning (ya’ni Abdulxoliqning) ravishi tariqatda hujjatdur. Barcha foruq (haqni botildan ajratuvchilar)ning maqbulidurlar (O‘sha kitob, 254-bet).

Hazrat Abdulxoliq G‘ijduvoniy «Risolai sahobiya», «Maqsadas solikin», «Maslakal orifin», «Maqomati Yusuf Hamadoniy», «Tariqat odobi» nomli risolalar, shuningdek, ruboiy va qit’alar yozgan.
Buxoro «Xoja Ismat» jome masjidi
imom-xatibi Salohiddin Gadoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sakkiz ming butparastni musulmon qilgan buyuk zot...