date
views 7 315

Unutilgan kun

Unutilgan kun
Nazira buvi oshxonaning ayvon qismida kitob o‘qib o‘tirardi. Kelini uy yumushlari bilan ovora. O‘g‘li G‘olibjon esa idishga solingan sarxil mevalarni jo‘mrak ostiga qo‘yib, suvni shaldiratib ochgan, shu yo‘l bilan mevalarni o‘zicha muzlatmoqchi edi.

— Bolam, boyadan beri suvni shaldiratib namuncha ochib qo‘ymasang-a?! Bir marta chaysang ham bo‘ladi-ku, bolajonim?! — dedi buvi bir muddat kitob o‘qishdan to‘xtab.
— Ha, onajonim-a! Suvning pulini ortig‘i bilan to‘lab qo‘ygan bo‘lsam, ertalabgacha shaldirab yotsa yotavermaydimi?! Shu ham e’tiboringizni tortdi-ya! — dedi G‘olibjon suvni shaxt bilan o‘chirar ekan.
— Baribir, suvning uvoli yomon bolam, uvoli yomon! Suvsizlikdan o‘zi asrasin, iloyo!
— E, ona! Undan ko‘ra ­nabirangizning tug‘ilgan kunini qanday nishonlashimizdan gapirmaysizmi? Bir dabdabali qilib o‘tkazaylik hali! Nima dedingiz?
— Bolam, shuni ixchamgina, soddaroq qilib o‘tkazsak bo‘lmaydimi? Xudo xoxlasa, nabiraginam bunaqangi yoshlardan ko‘pini ko‘radi! Ortiqcha dabdabaning nima keragi bor?!
G‘olibjon indamadi. Shu payt telefoni jiringlab, narigi xonaga kirib ketdi.
Oradan ikki kun o‘tib, ushbu xonadonda dabdabali bir ziyofat boshlandi. Tug‘ilgan kunga hamma yig‘ildi: G‘olibjonning do‘stlaridan tortib, ayolining dugonalarigacha. Bir zumda bolaning tug‘ilgan kuni katta bir «gap»ga aylanib ketdi. Erkaklar o‘zi bilan, ayollar o‘zi bilan ovora.
Shu payt tug‘ilgan kun egasi — sakkiz yashar Bahromjon birdan xarxasha qila boshladi. Mehmonlar olib kelgan sovg‘alarga qiyo ham boqmay, ko‘ngli bir dasta atirgul xohlab qoldi.
— O‘g‘lim, sen nima, qiz bolamisan? Nega hadeb atirgul deb g‘ingshiyverasan-a?! — dedi G‘olibjon asabiylashib.
O‘tirganlardan kimdir Bahromjonni tantiqlikda aybladi. Ammo injiq bolakay o‘z hunarini qo‘ymay, battar yig‘layverdi.
Oxiri, G‘olibjon kimgadir qo‘ng‘iroq qilib, bir dasta atirgul topdirib keldi. Otasining qo‘llaridan guldastani olar ekan, Bahromjon yugurib borib, narigi xonada yolg‘iz o‘tirgan Nazira buviga guldastani tutqazdi va buvisining yuzlaridan o‘par ekan, hammaga eshitiladigan qilib dedi:
— O‘tib ketgan tug‘ilgan kuningiz bilan, buvijon! Kechiring, kecha sovg‘am bo‘lmagani uchun sizni tabriklay olmadim! Buvijonim o‘zimni!
Nabirasining jajji qo‘llaridan atirgullarni olar ekan, Nazira buvining ko‘zlarida yosh paydo bo‘ldi...

Sherzod HAYDARBEKOV

Manba: "Oila davrasida"
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Unutilgan kun