16:09 / 24.06.2019
2 821

Olis qishloqlar aholisi muammolariga qanday yechim topildi?

Olis qishloqlar aholisi muammolariga qanday yechim topildi?
Foto: «Xalq so‘zi»
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va xalq qabulxonalari bugun aholining najot manziliga aylangan bo‘lsa, sektor rahbarlari tomonidan hududlar kesimida sayyor qabullarning tashkil etilayotgani odamlarda ishonch paydo qilmoqda. Aholining mushkulini oson qilish maqsadida sayyor qabullar chekka hududlarning o‘zida tashkil qilinayotgani odamlarga yanada qulaylik yaratmoqda.

Qashqadaryoning tog‘li hududlarida yashovchi aholining holidan xabar olish, ularning tashvish va muammolarini o‘rganish maqsadida viloyat hokimi boshchiligidagi sektor rahbarlarining Kitob va Shahrisabz tumanlaridagi Hisor tog‘lari etagida joylashgan qishloqlardagi ommaviy qabullari har tomonlama samarali bo‘ldi.

Shahrisabz tumanining tog‘li Sarchashma, G‘ilon va Ko‘l qishloqlarida o‘tkazilgan sayyor qabulda 2 mingdan ortiq aholi ishtirok etib, 600 dan ortiq murojaat qabul qilindi. 200 dan ortiq murojaat shu yerning o‘zida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha tushuntirish berilib, amaliy natijasi ma’lum qilinishi belgilab olindi. Murojaatlarning aksariyati aholini ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan muammolar, xususan yo‘l, bandlik, ichimlik suv, tibbiy muolajalar olish, maktablardagi shart sharoit va kadrlar ta’minoti bilan bog‘liq masalalardir.

Ommaviy qabulda qishloq aholisini ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan 2 ta muammo aytildi. Sarchashma -Hisorak yo‘lining 12 kilometri nosoz ahvolga kelib, qatnovda katta qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shuningdek, qishda qalin qor yoqqan paytlari berkilib, muammo tug‘diradi, qorni tozalash uchun esa texnikaning yo‘qligi pand bermoqda. Muloqotda ushbu muammoli masala ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

Sarchashma qishlog‘ida 5 mingdan ortiq aholi yashaydi. Ularning 50 foizini yoshlar tashkil etadi. Ammo hududda yoshlar bo‘sh vaqtlarida shug‘ullanishi uchun to‘garaklar, sport maydonchalari yo‘q. Kutubxonalarda tojik tilidagi adabiyotlarning yetishmasligi haqli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Avloqul bobo Yaxshiyevning murojaat qilishicha yaqin o‘rtada dorixona yo‘qligi odamlarni qiynamoqda. Samimiy muloqotlar jarayonida bu masalalarning ijobiy yechimi bo‘yicha chora tadbirlar belgilandi.

Sayyor qabul jarayonida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor fuqarolarga, keksalarga alohida e’tibor qaratildi. 90 yoshli onaxon Nazira Rajabovaga sog‘ligini tiklash uchun Qarshi shahridagi keksalar sanatoriysiga bepul yo‘llanma berildi. Qishlog‘idan nariga chiqmagan onaxon uchun bu kutilmagan sovga bo‘ldi.

Qishloqda birorta ham xotin qizlardan oliy ma’lumotli mutaxassisning yo‘qligi ham tilga olindi. Bu borada viloyat test markazi tomonidan yoshlarga test jarayonlaridagi o‘zgarishlar, yangiliklar va imkoniyatlar xususida ma’lumotlar berildi.

Sarchashma qishlog‘ida yashovchi Ne’matulla Safarov Tojikiston respublikasidagi tibbiyot kollejida o‘qib, ma’lum vaqt qo‘shni davlatda ishlashiga to‘g‘ri keldi. Ammo, 1996 yilda ota yurtiga qaytgan Ne’matullaning ko‘ngli bir chekkasi kemtik bo‘lib yashardi. Bugun uning 23 yillik armoni ushaldi. Prezidentimizning Farmoniga ko‘ra O‘zbekiston respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. Xudi shunday Hamid Sharipov o‘z yurtining to‘laqonli fuqarosi bo‘lishni 27 yil davomida umid bilan kutdi. Uning ham orzu va armonlari ro‘yobga chiqdi. Sayyor qabul davomida har ikkala fuqaroga ham O‘zbekiston respublikasining pasporti tantanali ravishda topshirildi.

Dengiz sathidan 2 ming 300 metr balandlikda joylashgan G‘ilon qishlog‘ida 5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. G‘ilonliklar ham viloyat rahbariga ko‘pdan buyon uylantirib kelayotgan muammolarini aytishdi. Hududdagi 58 maktab o‘qituvchisi Ro‘ziboy Qurbonov kollej binosida yoshlar uchun o‘quv markazi ochish, shuningdek 10-11 sinf o‘quvchilari uchun ishlab chiqarish sexi tashkil etish taklifini bildirdi.

Abdikarim Jumayev qishloqqa avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilsa, aholining uzog‘i yaqin, mushkuli yengil bo‘lishini aytib, murojaat qildi. Bu muammo ham o‘rganilib, hal etish choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Dildan suhbat, samimiy muloqotlar jarayonida tog‘liklarning mahalliy bozor tashkil etish, dorixona, maktabgacha ta’lim muassasasi, yoqilg‘i quyish shoxobchalari qurish bo‘yicha murojaatlari bo‘yicha ayrim masalalar shu yerning o‘zida hal etildi. Bozor, bog‘cha, dorixona qurish uchun tadbirkorlarga yer va imtiyozli kreditlar ajratib beriladigan bo‘ldi.

Aholining yashash tarzi bilan yaqindan tanishish, ularni qiynab kelayotgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topish odamlarning hayotga bo‘lgan ishonchini yanada oshirmoqda, turmush farovonligining yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Tadbirda badiiy jamoalar va voha san’atkorlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
A. Muhammadiyev

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Olis qishloqlar aholisi muammolariga qanday yechim topildi?