14:04 / 20.07.2019
3 302

Savdo avtomatlari orqali tovar sotish: sohani rivojlantirishning huquqiy muammolari

Savdo avtomatlari orqali tovar sotish: sohani rivojlantirishning huquqiy muammolari
Tadbirkorlik faoliyati rivoji innovatsiyalar bilan bog‘liq. Yangi texnika va texnologiyalar tadbirkorlar og‘irini yengil qilib, xaridorlarni yanada ko‘proq jalb etish, ularga yengilliklar yaratish va, albatta, ko‘proq daromad olishga qaratilgan bo‘ladi.
Mana shunday innovatsiyalardan biri savdo avtomatlari (vending avtomatlari)dir.

Savdo avtomatlari quyidagi qulayliklarni beradi:
- savdoda sotuvchi ishtirokini talab qilmagani bois tadbirkorlarning ularga ish haqi uchun to‘laydigan puli tejaladi;
- xaridorlar odatda tovarlar sotib olish uchun do‘konga borishga vaqtni qizg‘anishadi, yo‘l bo‘yiga o‘rnatilgan savdo avtomatlari bu borada juda qulay;
- xaridorlarning sotuvchi xizmat ko‘rsatishini yoki hisob-kitobni amalga oshirishini kutishga ketadigan vaqti tejaladi;
- savdo avtomatlari xaridorlarga kunning yoki tunning istalgan vaqtda mahsulot xarid qilish imkoniyatini beradi.

O‘zining qulayliklari sababli, so‘nggi yillarda vending avtomatlari dunyo mamlakatlarida juda ommalashgan. Masalan, Yaponiyada har 23 kishiga bir vending avtomati to‘g‘ri keladi (umumiy soni 5.6 mlnga yetgan). Natijada Yaponiyada vending avtomatlari orqali olib boriladigan savdo hajmi 60 mlrd AQSh dollarni tashkil etmoqda.

Ushbu faoliyat turining rivojlangan mamlakatlarda ommalashishiga yana bir sabab – bu zarur huquqiy baza mavjudligidir.
Avtomat savdo apparatlaridan foydalangan holda chakana savdoni amalga oshirish faoliyati Yaponiyada Savdo avtomatlari to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinadi. Ushbu Nizomda savdo avtomati tushunchasi, ularni o‘rnatish, xavfsizlik qoidalari, sanitar-gigiyenik talablar, energiya ta’minoti, atrof-muhit muhofazasi kabi masalalar tartibga solingan. Bundan tashqari, ushbu Nizomda savdo avtomatlarining muntazam ravishda sanitariya testidan (bacteria testing) o‘tkazilib turilishi lozimligi haqidagi qoida mavjud.

Ushbu faoliyat turi Ukrainada “Tovarlarni yetkazib berish va savdo ob’ektlaridan tashqarida sotish Qoidalari”, Belorussiyada “Belorussiya Respublikasida savdo va oziq-ovqat sohasini tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonun, Qozog‘iston Respublikasida “Savdo faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonun, AQShda “Aholi salomatligi Kodeksi” (Health Public Code) bilan tartibga solinadi.
AQShning Aholi salomatligi Kodeksida savdo avtomatlaridan foydanish bilan bog‘liq tashkiliy va sanitar-gigiyenik talablargacha belgilab qo‘yilgan.

Yana bir muhim jihat, rivojlangan mamlakatlarda savdo avtomatlarida nazorat-kassa mashinalari qo‘llanilmaydi. Chunki, savdo avtomatlarining o‘zida o‘rnatilgan dasturiy ta’minot va elektron boshqaruv tizimi sotilgan tovarlar va tushgan pulni to‘liq statistikasini yurita oladi.

Bizning qonunchilikda qanday..
O‘zbekistonda ham avtomatdan foydalangan holda tovar sotish sotuvchi ishtirokisiz tovarlar sotish imkonini berishi, avtomatning katta joy egallamasligi sababli chakana savdo faoliyatining bir turi sifatida asta-sekin ko‘payib bormoqda.
Lekin, ushbu faoliyat turi amaldagi qonunchilikda yetarli tartibga solinmagan. Shu bilan birga, ayrim qonun hujjatlari ushbu faoliyat turini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xususan, Fuqarolik kodeksining 430-moddasida avtomatdan foydalangan holda tovar sotish faoliyati chakana savdo faoliyati hisoblanishi e’tirof etilgan. Lekin, ushbu chakana savdo faoliyati batafsil tartibga soluvchi qonun hujjatlarida, shu jumladan, bu sohadagi asosiy hujjat – Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarida ham avtomatdan foydalangan holda tovar sotish faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinmagan.

Xususan, Qoidalarda chakana savdoning savdo ob’ektlari turlari aniq ko‘rsatilgan bo‘lib, ularga quyidagilar tegishlidir: bozor, gipermarket, supermarket, savdo markazi, savdo kompleksi, universam, univermag, minimarket, oziq-ovqatlar do‘koni, ixtisoslashtirilgan do‘konlar, palatkalar, lotoklar, avtodo‘konlar, pavilonlar, kioskalar, laryoklar. Bu ro‘yxatga savdo avtomatlari kiritilmagan.

Bundan tashqari, Qoidalarda savdo ob’ektlari turg‘un va ko‘chma ob’ektlarga bo‘linishi belgilangan bo‘lib, ularning tushunchalari berilgan. Lekin, savdo avtomatlari turg‘un savdo ob’ekti tushunchasiga ham, ko‘chma savdo ob’ektlari tushunchasiga ham to‘g‘ri kelmaydi.
Savdo avtomatining o‘ziga berilgan tushuncha esa amaldagi qonunchilikda umuman mavjud emas.

Oqibatda, soliq va boshqa organlari avtomatdan foydalangan holda tovar sotish faoliyatiga nisbatan turg‘un savdo ob’ektalari uchun belgilangan, lekin savdo avtomatlariga joriy qilish imkoni bo‘lmagan qoidalarning bajarilishini talab qilishga majbur bo‘lishadi.

Masalan, shunday qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 noyabrdagi 306-son qaror bilan tasdiqlangan Aholi bilan pulli hisob-kitoblarni amalga oshirishda fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida nizomda mavjud. Unga ko‘ra, mexanik apparatlar (avtomatlar) vositasida naqd pul mablag‘lari to‘langan holda aholi bilan o‘zaro hisob-kitob qilish ham fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinasi fiskal registratorlar) majburiy qo‘llanilgan holda amalga oshirilishi kerak.

Lekin, bugungi kunda mexanik savdo avtomatlari deyarli qo‘llanilmaydi. Amaliyotda foydalanilayotgan savdo avtomatlarining aksariyati to‘liq avtomatlashirilgan apparatlardir va ularda fiskal registratorlar bo‘lmaydi, xorijdan import qilib o‘rnatish esa aslida zaruriyati yo‘q, lekin katta xarajatlarga olib keladi.

Shuningdek, ushbu qaror bilan tasdiqlangan yuridik va jismoniy shaxslarning o‘z faoliyati xususiyatiga ko‘ra aholi bilan pulli hisob-kitoblarni fiskalxotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llamasdan amalga oshirishi mumkin bo‘lgan ayrim toifalari ro‘yxatiga avtomatdan foydalangan holda tovar sotish faoliyati kiritilmagan. Vaholanki, savdo avtomatlaridan mahsulot sotib olganda nazorat-kassa mashinasidan foydalanish imkoni, va o‘z-o‘zidan, xaridorlarga chek berish imkoni yo‘q.

Savdo avtomatlarining bunday o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinmagani natijasida, avtomat savdo apparatlaridan foydalangan holda chakana savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlar istalgan paytda savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzgan deb topilishi
va javobgarlikka tortilishi mumkin.
Yana bir muammo avtomatdan foydalangan holda tovar sotish faoliyatini amalga oshirish uchun kommunal xizmatlar tarmoqlariga ulanishda bilan bog‘liq.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvargi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarining 22-bandiga ko‘ra tadibirkorlik sub’ektlari boshqa bir shaxsga tegishli elektr tarmog‘i orqli subiste’molchi bo‘lgan holda elektr energiyasidan foydalanishlari mumkin. Lekin, savdo avtomatidan foydalangan holda tovar sotish chakana savdoning bir turi sifatida huquqiy jihatdan belgilanmagani, ko‘p hollarda, ularning elektr energiyasi subiste’molchisi sifatida davlat tashkilotlari tomonidan tan olinmasligiga va elektr energiyasining subiste’molchisi sifatida shartnoma tuzishni rad etilishiga olib kelmoqda.

Natijada, tadbirkorlar o‘rtacha bir 1,5 m2 hajmdagi joyni egallaydigan avtomat savdo apparati uchun hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan mustaqil abonent sifatida alohida shartnoma tuzishga va buning uchun elektr energiyasi tashkilotlarida o‘rnatilgan barcha jarayonlardan o‘tishga majbur bo‘lishmoqda.
Bunday holatlar, albatta, sohaning rivojlanishiga xizmat qilmaydi.

Xulosa
O‘zbekistonda avtomat savdo apparatlaridan foydalangan holda chakana savdoni amalga oshirish faoliyatini rivojlanish uchun zarur huquqiy bazani yaratishimiz lozim. Xususan, savdo avtomatidan foydalanish bilan bog‘liq tashkiliy va sanitar-gigiyenik talablarni, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalarni huquqiy tartibga solish vaqti keldi.

Buning uchun esa tegishli qonun hujjatlariga, jumladan Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 26 noyabrdagi 407-sonli, 2003 yil 13 fevraldagi
75-sonli, 2011 yil 17 noyabrdagi 306-sonli qarorlariga savdo avtomati tushunchasini va undan foydalangan holda tovarlar sotish faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq qoidalarni belgilashni, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq talablarni o‘rnatishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish zarur bo‘ladi.

P.S. Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti ushbu maqolada ko‘tarilgan muammolarni hal qilishga qaratilgan tegishli qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash ishlarini boshladi.

A’zam Madaminov
Adiba Safarova
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti mas’ul xodimlari

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Savdo avtomatlari orqali tovar sotish: sohani rivojlantirishning huquqiy muammolari