10:17 / 01.09.2019
4 551

Munavvar qori qanday shaxs bo‘lgan?

Munavvar qori qanday shaxs bo‘lgan?
Foto: Facebook / Sergey Abashin
Bugun, 31 avgust O‘zbekistonda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlandi. Shu munosabat bilan Shahidlar xotirasi xiyobonida marosim uyushtirilib, unda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

O‘rta Osiyo zamonaviy tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis, rossiyalik olim Sergey Abashin ham ushbu kunni yodga oldi. Eslatib o‘tamiz, Sergey Abashin 2015 yilda O‘zbekistonga kiritilmagan, bunday taqiqning sababi tushuntirilmagan. Shundan buyon rossiyalik olimga qo‘yilgan taqiq tushuntirilmagan ham, olib tashlanmagan ham.

Abashin Toshkent aeroportidan qaytarib yuborilishi Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuniga juda yaqin sanada – 29 avgustga to‘g‘ri kelgani ham o‘ziga xos ramziylik kasb etadi. Taniqli olimning muammosi ijobiy hal bo‘lishiga umid bildirib qolamiz.

Bugun Abashin Facebook’dagi sahifasida Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunini esga olib, jadidchilik harakatining eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri – Munavvar qori Abdurashidxonovning tarjimai holi bilan rus tilli auditoriyani tanishtirdi. Olimning Munavvar qori haqidagi posti juda qisqa, ayni paytda qiziqarli ekanligini aytib o‘tish joiz. Quyida ushbu postning tarjimasini keltiramiz.

Foto: Facebook / Sergey Abashin
Bugun O‘zbekistonda Qatag‘on qurbonlari xotirasini yod etish kuni. Mustaqillik kuni arafasida.
Shu munosabat bilan mintaqa tarixida muhim o‘rin tutgan bir shaxsni yodga olmoqchiman. Bu Munavvar qori Abdurashidxonovdir.

U 1878 yili Toshkentda, mahalliy aslzoda oilada tug‘ilgan (aytishlaricha, eng e’tiborli diniy arboblardan biri, bo‘lajak muftiylar Boboxonovlarning ajdodi Abdumajidxonning o‘zi unga qarindosh bo‘lgan).

Bir necha madrasada o‘qigach, Munavvar qori XX asr boshida musulmoncha ta’lim va dunyoviy bilimlarni uyg‘unlashtirishi lozim bo‘lgan zamonaviy maktabning Toshkentdagi eng faol targ‘ibotchisiga aylanadi. Bu yerda u ochiqchasiga qrimtatar jamoat arbobi Ismoil Gasprinskiydan o‘rnak oladi.

Toshkent kazo-kazolari orasidagi aloqalari tufayli Munavvar qori o‘z maktabini ochishning hamda darsliklar nashr ettirishning uddasidan chiqadi, ya’ni modern neokolonial ta’limning namunali eksperimentini o‘tkazadi. Bu, albatta, o‘sha paytdagi Chor Rossiyasi hukumatining shubhasini uyg‘otadi.

Bir paytning o‘zida u gazeta chiqaradi, teatr uchun peslar yozadi va mahalliy norasmiy siyosiy hayot markazida turadi, ammo bunda o‘zgarishsiz mustamlakachi hukumatdan uzoq turadi, u bilan faol hamkorlik qilishdan qochadi. 1917 yili 39 yoshli Munavvar qori Turkiston muxtoriyatining eng faol siyosiy arboblaridan va tarafdorlaridan biriga aylanadi.

Keyinchalik uning yangi sovet hokimiyati bilan munosabati murakkab tus oladi. Bir tomondan, u baribir bolsheviklar bilan hamkorlik qiladi, dastlab Musulmon byurosi, keyin esa Vaqflar bosh boshqarmasi orqali, va ular orqali o‘z idealidagi musulmon maktabi g‘oyasini ilgari surishga harakat qiladi. 1920 yili Bokudagi Sharq xalqlari s’ezdida qatnashadi; bu s’ezddan orqali bolsheviklar kolonial olamda inqilobni avj oldirishda foydalangan edi. Boshqa tomondan, u muxolif kayfiyatdagi mahalliy elita ichidagi norasmiy muzokaralarga rahbarlik qiladi, sovet maxsus xizmatlari esa unga ishonmay, doimiy kuzatib yuradi.

1926 yili Moskvaga ketadi, shu tariqa, aftidan, uni mahalliy elitadan «yashirish»ga va balki «sovetlashtirish»ga harakat qilishadi, ammo, keyingi voqealar ko‘rsatishicha, bu g‘oya muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanadi. U uyga qaytadi.

1929 yili Munavvar qorini hibsga olishadi, 1931 yilda esa, ommaviy qatag‘onlar boshlanishidan ancha oldin, otib tashlashadi va Moskvadagi Vagankovsk qabristonida dafn etishadi. O‘shanda u 53 yoshida edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Munavvar qori qanday shaxs bo‘lgan?