22:07 / 27.10.2019
3 532

Jigarbandini ming dollarga sotgan ona (Voqeiy hikoya)

Jigarbandini ming dollarga sotgan ona (Voqeiy hikoya)
Keyingi yillarda odam savdosining juda ayanchli va kechirilmas ko‘rinishi – o‘z bolasini sotish holatlariga bot-bot duch kelayapmiz. Mana bu achchiq hayot hikoyasi «qahramoni» ham ana shulardan biri. Bu voqea yoshlikning tor yo‘lida adashganlarga saboq bo‘lsaydi...

Mehriniso Xalilova asli qishloqda tug‘ilib o‘sgan. (Darvoqe aytib qo‘yaylik, ismi-shariflar o‘zgartirilgan, aslida bundaylarning nomini ochiq-oydin yozish kerak edi-yu, afsuski, inson huquqlari va kasb etikasi bunga yo‘l qo‘ymaydi). Ma’lumoti o‘rta. Ikki marta oila qurib, ikki marta ham unga baxt kulib boqmagan, ajralgan. Birinchi turmush o‘rtog‘i Zafar Shavqiyev bilan o‘rtalaridagi uch yoshli o‘g‘li Azizjonni sotib, boy bo‘lmoqchi bo‘lgan bu ona – aslida "ona" degan nomga nomunosib ayol.

O‘zboshimchalik qilib, ota-ona roziligini olmasdan qurilgan oilasi barbod bo‘lgach, qo‘lida yosh bolasi bilan ona uyiga qaytgan qiz bir muddat ota-onasi bilan yashaydi. Taqdir sinovlari, hayot tashvishlarini aql bilan yengish, yechish o‘rniga bolasini olib, Toshkent shahriga ishlash uchun ketishga qaror qiladi. Bir muddat Quyliq massividagi firmalardan birida oshpaz bo‘lib ishlaydi.Yosh bola bilan yashash va ishlashning qiyinchiliklarini tasavvur qilish qiyin emas. Xullas, kunlarning birida u ota-onasini ko‘rishga qishlog‘iga qaytadi, na kasbi, na kori bo‘lmagan beqaror qiz oradan hech vaqt o‘tmay yana Toshkentga ketish taraddudini ko‘radi.

Tuman markaziga kelib, yo‘lovchi mashinalar bilan ketmoqchi bo‘lib turganda, eski tanishi Mohirani uchratib qoldi. Mohira ona-bolalarni yaqin atrofdagi o‘z uyiga taklif qildi va uyga kelgach, o‘z rejalarini, kutilmagan takliflarini ayta boshladi. U Mehrinisoga bolasini farzandi yo‘q tanishlaridan biriga farzand ko‘rguncha vaqtincha berib turish taklifini bildiradi.

Mehriniso rozi bo‘lmaganiga qaramasdan tanishi bilan uni uchrashtirishga harakat qiladi. Holi-joniga qo‘ymagach, ular Navoiy shahriga yo‘l olishadi. Karmana tumanida er-xotin Sodiqovlar ularni kafeda kutib oladi. Nonushtadan so‘ng ular maqsadga ko‘chadi.

Xullas, ularning uyi, sharoitlari yaxshiligini ko‘rgach, ayol bolasini ularga berishga rozi bo‘ladi. “Savdo” shu qadar tez bitdiki, bolaga “xaridor”lar farzandfurush onaga kelishilgan 100 AQSh dollari va 8 million so‘mni bergandan so‘ng ularga boladan kechganligi to‘g‘risida tilxat yozib berganini bilmay qoladi.

Shu bilan odam savdosi «drama»sining bu mash’um pardasi yopildi. Ammo parda ortida turgan huquq-tartibot idoralari xodimlari bolasini sotib daromad ko‘rmoqchi bo‘lgan ayolning kelgusida chet ellarga borib ishlashdek balandparvoz orzu-umidlariga chek qo‘ydi. Qishning qahrli kunlarida M. Xalilova temir panjara ortiga, nimalar bo‘layotganligini bilmay to‘rt tomonga jovdirayotgan begunoh bolakay esa Karmana tuman tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limiga olib ketildi.

Oila- baxt qasri. U buzilsa vayronaga aylanadi, deymiz. Mehriniso Xalilova va Zafar Shavqiyevlarning “sevgi-muhabbatga asoslangan” oilasi nega tezda barbod bo‘ldi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Asl sabab-oilasi bor erkakka shar’iy nikoh bilan turmushga chiqish oqibati bo‘lsa, o‘z oilasi, bolalari bo‘la turib, “yangi hayot” boshlagan mas’uliyatsiz erkakning nayrangi, munofiqligi.

Shu o‘rinda professor Elyor Karimovning fikrlari yodga tushdi. “Qizlarning kollej va litseylarni bitiriboq turmushga chiqib ketishi, oliy ma’lumotga ega bo‘la olmayotganligi holatlari ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmayotganligiga sabab bo‘lmoqda”.
Mehrinisoni sudning qora kursisiga yetaklagan sabablarga yana bir bor e’tibor beraylik. Uning birinchi xatosi ota-onasining yuziga oyoq qo‘yib, oilasi bor kishiga ikkinchi xotin bo‘lishi, to‘ydan oldin homilador bo‘lib, ota-onasiga isnod keltirishi bo‘lsa, oilani o‘yinchoq deb hayotga yengil qaragani, farzandining kelajagini barbod qilgani, hali uch yoshga to‘lmagan bolani taqdir yo‘lida yolg‘izlikka mubtalo etgani kechirib bo‘lmas navbatdagi xatosidir.

Atrofdagilar, yaqinlarining uni o‘z holiga tashlab qo‘yganligiyu, noto‘g‘ri yo‘llardan qaytarmaganligida ham gap ko‘p.

INSONPARVARLIKKA ARZIRMIKAN?..

Pul evaziga o‘z bolasidan voz kechish to‘g‘risida o‘z qo‘li bilan tilxat yozgan onani hech qachon, hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Nahotki qo‘llarini sizga cho‘zib turgan, sizsiz yo‘lini yo‘qotib qo‘yadigan, ko‘ziga qarasangiz olam yorishib ketadigan, mehrining tafti yuragingizni isitib turadigan jondan aziz mittigina insondan voz kechish shunchalar oson bo‘lsa?!

Farzandfurushligi uchun sudning qora kursisiga o‘tirgan o‘ttiz yoshli ayol qanday jazoga loyiq deysizmi? Ko‘pchilikning javobi bitta – oliy jazoga! Ammo qonunlarimiz shunchalar insonparvarki... M.Xalilovani Xatirchi tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tomonidan berilgan kafolat xati temir panjara ortidan qutqarib qoldi. U sud zalidan ozod qilindi. Unga to‘rt yilga shartli ravishda ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Sotib yuborgan bolasi ham qaytarib berildi.

Xo‘sh, u bunday insonparvarlikka arzirmikan, degan savolga javob berish qiyin. Yillar o‘tib, Azizjon bu “savdolar” haqida eshitsa, onasidan so‘rab qolsa, uning savollariga javob berishga Mehrinisoning kuchi yetarmikan, vijdoni, yuzi chidarmikin? Bilmadik...

Marusa HOSILOVA

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jigarbandini ming dollarga sotgan ona (Voqeiy hikoya)