Xitoy fuqarosi Jimin Qian Londonda sud qarori bilan firibgarlik va noqonuniy kriptovalyuta saqlashda aybdor deb topildi. Unga qarshi ish dunyodagi eng yirik kriptovalyuta musodarasiga aloqador bo‘lib, qiymati 5 milliard funtdan (6,3 milliard dollar) oshadi.
Qian 2014–2017-yillarda 128 mingdan ortiq odamni aldab, ularning pullarini bitkoinga aylantirib yashirgan. Keyinchalik u soxta hujjatlar bilan Buyuk Britaniyaga qochib kelib, bu mablag‘larni ko‘chmas mulkka kiritib “yuvishga” uringan.
Politsiya tergovi yetti yil davom etgan va xalqaro hamkorlikda olib borilgan. Qian bilan birga ishlagan yana bir xitoylik ayol o‘tgan yili olti yilga qamalgan.
Britaniya politsiyasi jami 61 ming bitkoinni musodara qildi. Mutasaddilar kriptovalyutalar jinoyatchilar tomonidan noqonuniy mablag‘larni yashirishda tobora ko‘proq ishlatilayotganini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!