date
views 2 789

«AOKAdan katta farqi bor» — Komil Allamjonov yangi fond faoliyati haqida

«AOKAdan katta farqi bor» — Komil Allamjonov yangi fond faoliyati haqida
Komil Allamjonov jamoat fondi nimalar bilan shug‘ullanishi, fondning kelajakdagi maqsadlari va keyingi bosqichda nimalar rejalashtirilgani to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

OAV va blogerlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov fondning taqdimot marosimida nutq so‘zladi. U dastlab o‘zining avvalgi ish joyi - Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA)dagi faoliyati to‘g‘risida gapirib, tizim o‘zidan keyingi rahbarlar tomonidan to‘g‘ri va sifatli davom ettirilishiga umid bildirdi.

«Bugungi anjumanimizda sizlar bilan men odatiy davlat idorasi rahbari sifatida emas, balki endilikda jamoat tashkiloti vakili sifatida uchrashib turganimdan bag‘oyatda xursandman.

Men o‘z hayotimga nazar tashlasam, uning asosiy qismi bevosita matbuot, jurnalistika va media sohasi bilan bog‘langan. Taqdir menga bu sohaning eng quyi bo‘g‘inidan eng yuqori darajasigacha faoliyat yuritish imkonini berdi va tabiiyki, menda bugun so‘z erkinligi va matbuot sohasiga nisbatan o‘z qarashlarim, o‘z fikrim va takliflarim bor.

Yillar davomida taqdir meni matbuot va matbuot bilan bog‘liq turli sohalarda sinovdan o‘tkazdi. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Davr» informatsion dasturining rejissyor yordamchiligidan boshlab, to ko‘rsatuv va loyihalar muallifigacha, shu bilan birga turli vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlarida oddiy xodimlikdan to rahbarlikkacha bo‘lgan lavozimlarda ishlashga to‘g‘ri keldi.

Davlat idoralaridan ketgan paytimda ham boshqa sohalar bilan bir qatorda media sohasiga tegishli turli loyihalarga rahbarlik qildim. Undan keyingi bosqich, ya’ni Prezident matbuot kotibligidan to bugungi kungacha bo‘lgan faoliyatimdan ushbu zalda o‘tirgan juda ko‘pchilikning yaxshi xabari bor.

O‘tgan davr mobaynida men jurnalistika sohasining barcha qirralarini yaxshi o‘rgandim. Jurnalistlar faoliyatiga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan yoki bo‘lmasa to‘g‘anoq bo‘layotgan barcha holatlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. So‘z erkinligini ta’minlash retsepti nimalardan iboratligini faoliyatim davomida yaxshi tushunib yetdim, deya olaman.

Bugun matbuot duch kelayotgan turli muammolar, bosimlar yoki tahdidlarga guvoh bo‘lmoqdaman. Shu bilan birga, davlat idorasi rahbari sifatida qirg‘oqning narigi tomonidagi vaziyatni ham yaxshi o‘rgandim.

Shunga amin bo‘ldimki, jurnalist yoki blogerlar o‘z vaqtida va sifatli ma’lumot ololmasdan qiynalsa, davlat organi rahbarlari ortiqcha gapirib qo‘yishdan qo‘rqqan yoki matbuotga nisbatan sovuqqonlik bilan faoliyat yuritib kelgan.

Men shuni tushundimki, ochiqlik, so‘z erkinligi – bu bir kunlik yoki siyosiy irodaning o‘zi bilangina erishib bo‘ladigan jarayon emas. Bu o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib ham qolmaydi.

Agentlikda o‘tgan rahbarlik faoliyatim davomida jurnalist va blogerlar uchun kerak bo‘lgan barcha ekomuhitni yarata oldik va o‘tgan bir yil davomida agentlik tomonidan matbuotni haqiqiy to‘rtinchi hokimiyat darajasiga olib chiqish mumkin bo‘lgan tizim yaratildi, deb hisoblayman. Vazirlik va idoralarning matbuotga bo‘lgan qarashlari ham tubdan o‘zgarib, tan olib aytish kerakki, amaldorlar matbuot bilan hisoblashib, ish ko‘radigan bo‘ldi.

Endi ushbu jarayon va yaratilgan tizim mendan keyingi rahbarlar tomonidan to‘g‘ri va sifatli davom ettirilishi juda muhim», dedi Komil Allamjonov.

U yangi jamoat fondining Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan farqlari haqida ham so‘zladi.
«Shu o‘rinda bir narsaga izoh bermoqchimiz. Internetda AOKA go‘yoki Fond kabi bo‘lib qolarkan, hamma funksiyalari Fondga o‘tib ketyapti yoki bir xil bo‘lib qolyapti degan ayrim fikrlar ham bildirildi.

Shuning uchun sizlarga tushuntirish berib o‘tmoqchimiz. AOKA bilan Fond o‘rtasidagi katta farq bor. Agentlik axborot makonini monitoring va tahlil kilib, davlat organlarining ochiqligini o‘rganib, yagona davlat axborot siyosatini ishlab chiqadi, amalga oshiradi, boshqaruvchi sifatida qonun va normalar buzilmasligini kuzatadi va payti bilan takomillashtiradi.

Fond esa axborot sohasida turli loyihalarni ishlab chiqadi, hayotga tatbiq etadi, buning uchun pul topadi, jurnalist va blogerlarni o‘qitadi, malakalarini oshiradi. Shu bilan birga, loyihalarni amalga oshirayotganda, Fond soha qonunlari va normalari real hayotga mosligi yoki mos emasligi yoki yetarli emasligi, kamchiliklarini aniqlashtirib, takomillashtirish uchun o‘z tadqiqotlarini olib boradi va o‘zi axborot sohasi ishtirokchisi sifatida turli tashabbuslar bilan chiqadi. Ya’ni Fond AOKAga axborot qonunchiligini to‘g‘irlash bo‘yicha hayotiy tekshirilgan taklif bera oladi.

Shuning uchun, AOKAsiz Fondning ishi samarali bo‘lolmaydi. Shuningdek, Fond jurnalist va blogerlarning manfaatlarini himoya qilib, birinchi murojaat qiladigan joyi ham AOKA bo‘ladi.

AOKA bu – jurnalist va blogerlar uchun yulni ochib beradigan, ularni himoya qiladigan davlat organi bo‘lsa, Fond butun jurnalist va blogerlar ovozlarining, muammolarining yig‘indisi, ularning dardini AOKA va boshqa tegishli idoralarga yetkazadigan joy bo‘ladi.

Shu izohning o‘zi yetarli deb o‘ylaymiz.

Bizning kelajakdagi maqsad va keyingi bosqich bu - bizdagi davlat idoralarida egallangan bor bilim va tajriba so‘z erkinligi amalda joriy etilishiga qaratishdir. Lekin bu ham o‘z navbatida oson kechmasligi ma’lum», deydi Komil Allamjonov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «AOKAdan katta farqi bor» — Komil Allamjonov yangi fond faoliyati haqida