
Notariuslar tomonidan yuritib kelingan 15tadan ortiq reyestr kitoblari, daftar va jurnallar bekor qilingani ortidan 300-400 mln so‘m iqtisod qilingan, deb ma’lum qildi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov.
«Elektron tizim joriy etilishi ortidan butun adliya vazirligi tizimida 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ iqtisod bo‘ldi. Bu – juda katta mablag‘. Xalqning puli to‘g‘risida gap ketyapti. Davlat tizimida ishlayotganlarning birortasi o‘zimning pulim deb gapirishga haqqi yo‘q. Xalqning pulini ishlatyapmiz. Notariatdan kelayotgan daromadlar ham xalqning puli. Shu sababli xarajatlarimizni iqtisod qilish – oldimizda turgan eng katta masala.
2019 yil 1 yanvardan notariatning faol modeli, bitimlarni tasdiqlashda eksterritoriallik prinsipi joriy etilgan bo‘lib, natijada notarial harakat uchun sarflanayotgan vaqt teng yarmiga qisqartirildi. Har yiliga 100 mln so‘mdan iqtisod qilinadigan bo‘ldi. Elektron ijro va nazorat tizimiga o‘tdik. Qog‘ozsiz ishlayapmiz hozir, hamma ishimiz elektron ravishda bo‘lyapti. «E-notarius.uz» axborot portali ishga tushirildi. Notarial idoralarda optik tolali aloqa tarmog‘i o‘rnatildi.
Notariuslarning bekor qilingan reyestr kitoblari arzon narsamas, shuning o‘zidan 300-400 milliongacha xarajatlarni iqtisod qiladigan bo‘ldik. Reyestr kitoblarining o‘rniga notarial harakatlar barmoq izlarini skaner qilishga o‘tdik», – deydi u.
Davletov xususiy notariuslar faoliyat boshlagach, sohada nimalar o‘zgarishi haqida ham to‘xtaldi.
«[Xususiy notarial idoralarga notariuslarni] tanlab olish o‘zgarmaydi. Bir xil tizim bo‘ladi. [Notariuslarga qo‘yiladigan talablar] shundayligicha qoladi. Xususiy notariuslar [manfaati] nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, ularning yo‘qotadigan narsasi ko‘payadi. Chunki bugungi kunda notariuslarning aksariyati intizomiy javobgarlikka tortamiz desak, juda ko‘p marta mehnatga layoqatsizlik ta’tiliga chiqib olishadi. «Bez soderjaniye» degan narsamiz bor. Bularning hammasi davlatga zarar. To‘g‘ri, issiq jon, hamma kasal bo‘ladi, lekin «bolnichniy» ochtirganlarning hammasi kasal bo‘lgani uchungina ta’til olayotgani yo‘q-da. [Xususiy notariuslar ish boshlasa,] shu holatlar yo‘q bo‘ladi. Ertaga biz ularga intizomiy jazo qo‘llaymiz, deb orqasidan yugurib yurmaymiz.
Xususiy notariuslar elektron tizimga ulangan bo‘ladi, litsenzion talabni bajarmagan holda ularni tizimdan uzib qo‘yamiz. Bu degani u hech qanday notarial harakatni amalga oshirolmaydi. Ya’ni unga mijoz kelmaydi, natijada qancha daromaddan quruq qoladi. Bugungi kunda davlatga tushayotgan pul ertaga xususiy notariuslarning o‘ziga tushadi. Bir kun ishlamasa odamlar u yerga kelmaydi. Natijada raqobat yuzaga keladi, notariuslarning muomalasi o‘zgaradi», deydi vazir.
Uning ta’kidlashicha, notarial harakatlar uchun to‘lovlarni avtomatik hisoblash hamda SMS xabarnoma tizimi joriy qilingan bo‘lib, bu notariat sohasidagi korrupsiya holatining kamayishiga katta yordam bergan.
«Biz notariuslar faoliyatini nazorat qilishga qancha harakat qildik. Hamma narsani qilib ko‘rdik. Ishga kelish-ketishini barmoq izi orqali nazorat qilishni joriy qildik, SMSlarni yo‘lga qo‘ydik, kvitansiyani notariuslarning o‘zlari yozolmaydigan qildik, hozir hammasini tizim yaratib beryapti.
Notariat sohasidagi muammolarga fundamental yechim topish uchun sohada raqobat bo‘lishi kerak. Shuning uchun xususiy notariuslar tizimiga o‘tilyapti. 2020 yilning oxirigacha sohada katta o‘zgarish bo‘ladi», deya ta’kidlaydi Ruslanbek Davletov. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar