date

O‘zbekiston amputantlari Kosta-Rikadagi Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi

O‘zbekiston amputantlari Kosta-Rikadagi Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi

O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi Jahon chempionati–2026 saralash bosqichini shiddat bilan yakunladi. Terma jamoamiz bugungi hal qiluvchi bahsda Yamanga qarshi maydonga tushdi va raqib darvozasiga javobsiz 13 ta to‘p kiritib, yorqin g‘alabaga erishdi, deb xabar berdi O‘zbekiston amputantlar assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

O‘yin boshidanoq O‘zbekiston futbolchilari ustunlikni qo‘lga oldi. Birinchi bo‘limdayoq bir necha gol urgan jamoa o‘z o‘yinini to‘liq nazorat ostida ushladi. Har bir futbolchi o‘zaro tushunish va jamoaviy uyin orqali maydondagi ustunlikni saqlab qoldi. Yirik hisobdagi bu g‘alaba nafaqat muxlislarni xursand qildi, balki jamoa uchun tarixiy natija sifatida qayd etildi.

Shu natija bilan O‘zbekiston amputantlar termasi saralash bosqichida 9 ochko jamg‘arib, keyingi yil Kosta-Rikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu natija jamoamizning xalqaro darajadagi nufuzini yanada oshirdi va amputantlar futbolidagi rivojlanish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionatida 24 terma jamoa ishtirok etadi. Musobaqa Kosta-Rikaning bir nechta shaharlarida 31-iyuldan 6-avgustga qadar bo‘lib o‘tadi. Unda jahonning eng kuchli amputant jamoalari g‘oliblik uchun bellashadi.

O‘zbekiston terma jamoasi uchun bu yo‘llanma so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli ish natijasi hisoblanadi. Assotsiatsiya va murabbiylar shtabi tomonidan jismoniy tayyorgarlik, taktik mashg‘ulotlar hamda sportchi salomatligiga e’tibor kuchaytirilgani o‘z samarasini berdi.

Murabbiylar jamoasi bu g‘alabani jamoaviy mehnat va birdamlik natijasi deb baholadi:

“Bizning yigitlar fidoyilik bilan harakat qilishdi. Bu natija butun O‘zbekiston amputantlar sporti uchun yangi bosqichni anglatadi”, — deydi jamoa bosh murabbiyi.

O‘zbekiston amputantlar termasi so‘nggi yillarda mintaqadagi yetakchi jamoalardan biriga aylandi. Ular nafaqat maydondagi mahoratlari, balki jonkuyarlik va mehnatsevarligi bilan ham e’tirof etilmoqda.

Kosta-Rikada bo‘ladigan musobaqagacha jamoa xalqaro yig‘inlar va bir qator nazorat uchrashuvlari o‘tkazishi rejalashtirilgan. Maqsad — terma jamoani jahon birinchiligida munosib ishtirok etishga tayyorlash va amputantlar futbolida O‘zbekiston bayrog‘ini yana bir bor yuksakda namoyon etish.

Bu g‘alaba mamlakatimizda imkoniyati cheklangan sportchilar uchun ham katta ilhom manbai bo‘ldi. O‘zbekiston amputantlar termasi bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilganda, har qanday to‘siqni yengish mumkinligini amalda isbotladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston amputantlari Kosta-Rikadagi Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi