date

O‘zbekiston U-19 chempionati Osiyoda yilning eng yaxshisi deb topildi

O‘zbekiston U-19 chempionati Osiyoda yilning eng yaxshisi deb topildi

Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda o‘tkazilayotgan Grassroot konferensiyasi arafasida Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) tomonidan AFC Special Elite Youth Football Awards 2025 marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu nufuzli tadbirda O‘zbekiston Professional futbol ligasi (PFL) tomonidan tashkil etib kelinayotgan U-19 chempionati yilning eng yaxshi yoshlar ligasi sifatida tan olindi, deb xabar berdi PFL matbuot xizmati.

Marosimda mukofotni OFK bosh kotibi o‘rinbosari Shin Man Gil tantanali ravishda Liganing musobaqalarni tashkil etish bo‘limi bosh mutaxassisi va U-19 chempionati menejeri Qudratbek Madraimovga topshirdi. Sovrinni topshirish chog‘ida ayniqsa bir jihatga urg‘u berildi — bugun Jahon chempionatida ishtirok etayotgan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi safidagi ko‘plab futbolchilar aynan shu musobaqa orqali shakllangan.

Bu AFC tomonidan yoshlar futboli sohasidagi eng yuqori e’tiroflardan biri bo‘lib, uni qo‘lga kiritish uchun bir qator mezonlar asosida baholash o‘tkazildi. Ular qatorida musobaqa tashkilotchiligi, yil davomida o‘tkazilgan uchrashuvlar soni, infratuzilma darajasi, hakamlik sifati, murabbiylar malakasi va eng muhimi — so‘nggi yillarda chempionatdan yetishib chiqqan professional futbolchilar soni kabi ko‘rsatkichlar bo‘ldi.

Yuqoridagi mezonlar bo‘yicha O‘zbekiston U-19 chempionati Osiyoda tengsiz deb topildi. Ta’kidlanishicha, bu musobaqa nafaqat futbolchilarni rivojlantirish, balki mamlakatda zamonaviy futbol tizimini yaratishda ham katta ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga, marosimda ta’kidlandi — so‘nggi ikki yil mobaynida bu sovrin Yaponiyaning turli yosh toifasidagi ligalariga nasib etgan edi. Ammo 2025-yilda bu e’tirof ilk bor O‘zbekistonga yo‘l oldi. Bu nafaqat yoshlar musobaqasiga, balki butun milliy futbol tizimiga bo‘lgan ishonch va hurmat ramzi sifatida baholandi.

Ayni kunlarda U-19 chempionatining pley-off bosqichi Toshkentda qizg‘in davom etmoqda. Uchrashuvlar “Jar” stadionining zaxira maydonida o‘tkazilayotgan bo‘lsa, final bahsi stadionning asosiy maydonida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa PFLning zamonaviy ko‘chma televizion stansiyasi orqali Liganing rasmiy YouTube sahifasida jonli efirda namoyish etilmoqda.

Futbol ekspertlari fikricha, bu g‘alaba nafaqat sport yutug‘i, balki O‘zbekistondagi yoshlar futboli tizimining samaradorligini ham tasdiqlaydi. Mamlakatda so‘nggi yillarda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, mutaxassislar malakasining oshishi va loyihalarning tizimli yo‘lga qo‘yilishi natijasida bugungi kunda yurtimiz futbolchiligi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

O‘zbekiston PFL va U-19 chempionatining bu muvaffaqiyati nafaqat yoshlar murabbiylari, balki minglab yosh futbolchilar uchun ham ilhom manbai bo‘ldi. Ular uchun bu mukofot — mehnatning, intizomning va vatanga sadoqatning eng yuqori bahosi sifatida yodda qoladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Agar kod o‘qilmasa, yangilash uchun rasmga bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston U-19 chempionati Osiyoda yilning eng yaxshisi deb topildi