date
views 5 305

Pulning rivojlanish bosqichlari: arpadan to kriptovalyutagacha

Pulning rivojlanish bosqichlari: arpadan to kriptovalyutagacha
Pul kashf etilguniga qadar odamlar (ya’ni turli jamiyat vakillari) mahsulotga mahsulot ayirboshlash usuli (barter)dan foydalanishgan va bu jamiyatdagi o‘zaro almashinuvga asoslangan savdoning eng birinchi va sodda shakli hisoblanadi. Lekin ikki tomonning istak va ehtiyojlar bir-biriga mos kelmasa, bu savdo usuli ish bermaydi. Pul ana shu cheklovni yengib o‘tish maqsadida muomilaga kiritilgan.

Avvaliga odamlar ayirboshlash uchun bozorda xaridorgir bo‘lgan arpa, kakao donlari, makkajo‘xori, guruch va shunga o‘xshash boshqa oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanishgan. Keyinchalik savdoga oltin va kumush to‘lov birligi («bimetallizm») sifatida kirib kelgan va keng tarqalgan. Odatda ushbu ikki metall tangalar shaklida quyilgan. Oltin ha, kumush ham uzoq muddat muomalada bo‘la olgani, ixcham va kamroq miqdorga osongina taqsimlanish xususiyatiga ega bo‘lganligi uchun jamiyatda juda ommalashgan.

Shu hususiyatlari sabab, asrlar davomida oltin qiymat jamg‘aruvchi sifatida boylikni saqlashning qulay vositasi ham hisoblangan. Oltin miqdori cheklangan bo‘lib tabiiy ravishda qimmat, kumush esa oltindan arzon va miqdori ko‘p bo‘lgani uchun «likvid» (ya’ni doimiy ravishda sotiluvchi va sotib olinuvchi, ya’ni qisqa muddatda ko‘p marta qo‘ldan qo‘lga o‘tuvchi) pul birligi sanalgan va odatda kundalik savdo uchun foydalanilgan.

Qiymati va hajmi sabab ko‘pchilik foydalanuvchilar oltin tangalarini saqlashda zargarlarga ishonishgan, chunki eng xavfsiz saqlash tizimi zargarlarda bo‘lgan. Shunday qilib, bu xavfsiz joylar «pul omborlari»ga aylangan. Oltindan foydanuvchilar o‘rtasidagi o‘tkazmalarni osonlashtirish maqsadida zargarlar tomonidan oltin tilhatlari muomalaga kiritilgan. Vaqt o‘tishi bilan jamiyatda zargarlar tomonidan taqdim qilingan oltin guvohnomalar (sertifikatlar) oltin kabi qiymatga ega deya tan olingan. Shunday qilib, ushbu “ramziy pullar” pul rivojlanishining ikkinchi bosqichi sifatida namoyon bo‘lgan.

Daromadlarini oshirish maqsadida zargarlar ularga saqlashga berilgan va vaqtincha foydalanilmayotgan oltinlarni odamlarga qarzga berishni boshlashgan va ular (ya’ni zargarlar) asta sekin omonatchilar va qarzdorlar o‘rtasidagi vositachiga aylanishgan. Zargarlar qarzdorlardan foiz undirishar va o‘z omonatchilariga oltinlarini saqlashda davom etganliklari uchun kamroq foiz (omonat foizi) to‘lashardi.

Har yili oltinning ozgina qismigina (hisob-kitoblarga ko‘ra, 15 foizga yaqini) omonatchilar tarafidan qaytarib olingan, katta qismi esa omborxonalarda saqlanishda davom etgan. Zargarlar esa yanada ko‘proq daromad olish maqsadida, o‘zlarida saqlanayotgan oltin miqdoridan ko‘ra ko‘proq miqdordagi oltin uchun qarz tilhatlari shaklidagi pattalar (kvitansiyalar) berishni boshlashgan. Buni, qog‘oz va kredit pullar yaratishning ilk namunasi deyish mumkin.

Qog‘oz va kredit pullari… keling, bu so‘zlarning ta’rifini (ma’no-mohiyatini) ko‘rib chiqaylik.

Iqtisodiyotning qon tomiri hisoblanuvchi pul, doimiy muhokamalarning dolzarb mavzusi bo‘lib kelgan. Charxpalak suvsiz ishlamagani kabi iqtisodiyot ham pulsiz ishlamaydi. Pul deganda mahsulot va xizmatlari uchun to‘lov vositasi sifatida qabul qilingan narsa tushuniladi. Bugungi kunga kelib qog‘oz pullar butun dunyoda keng tarqalgan to‘lov vositasiga aylangan.

Pulning eng muhim hisoblanuvchi uchta asosiy vazifasini tushunib olishga harakat qilamiz:
  • ayirboshlash (almashuv) vositasi (bu vazifasi mavjud bo‘lmaganida barcha operatsiyalar barter ko‘rinishida o‘tkazilardi);
  • qiymat jamg‘aruvchi (ya’ni boshqa ko‘plab aktivlar singari u ham vaqt o‘tishi bilan o‘z qiymatini saqlab turadi, biroq pul boshqa aktivlarga qaraganda ko‘proq likvidlikka ega);
  • qiymat o‘lchovi (barcha mahsulot va xizmatlarning qiymati pulda aks etadi. U mahsulot va xizmatlarning pulda aks etishida umumiy muvofiqlashtiruvchi birlik bo‘lib xizmat qiladi).

Pulning bugungi kundagi holatga yetgunicha bo‘lgan rivojlanish / taraqqiyot bosqichlari (evolyutsiyasi):
  • mahsulot (ko‘rinishidagi) bosqichi: pul, qachonlardir mo‘yna, arpa, guruch va keyinchalik oltin va kumush kabi qimmatli mahsulot/buyumlar ko‘rinishida mavjud bo‘lgan;
  • savdo mahsuloti pullari bosqichi: pul, bu bosqichda qog‘oz pullarga aylangan, biroq bu pullar oltin bilan ta’minlangan va haqiqatan ham ularni istalgan vaqtda oltinga almashtirib olish mumkin bo‘lgan;
  • qog‘oz pul bosqichi: qog‘oz va elektron pullar hamma joyda tarqalgan, biroq bu pullar haddan tashqari qadsizlanib ketmasligi uchun ularni o‘ta ko‘p miqdorda bosib chiqarmaslik haqidagi hukumat va’dasidan tashqari hech narsa bilan mustahkamlanmagan;
  • virtual pul va kriptovalyutalar – hozirgi kunda paydo bo‘lib, shakllanib borayotgan ushbu bosqich, pul doim ham bir shakl va ko‘rinishda bo‘lmasligini ko‘rsatadi va bu jarayon aynan siz va bizning ko‘z o‘ngimizda yuz berayotganligi e’tiborlidir.

Qog‘oz pullar bu – ichki qiymatga ega bo‘lmagan (bu muhim!) har qanday pul birligi (valyuta). U faqatgina hukumatning bosib chiqaralayotgan (qog‘oz) pul birligi qonuniy to‘lov vositasi ekani haqidagi hujjat/bayonoti bilan ta’minlangan bo‘ladi va uning (pulning) qiymati ushbu hukumatga bo‘lgan ishonchga asoslanadi. Pul birligining qadri yo‘qolmasligi uchun hukumat uni qalbakilashtirilishidan himoya qilishi va bosib chiqarilgan pul hajmini nazorat qilishi va mas’uliyat bilan boshqarishi lozim.

Qog‘oz pullar bosib chiqarish bo‘yicha nazorat, hamda qisman zahira to‘plash bilan bog‘liq bank amaliyotlari asosan ushbu vakolatga ega bo‘lgan markaziy banklar tomonidan amalga oshiriladi.

Har qanday iqtisodiyotdagi pullarning katta qismi banklar tomonidan bank omonatlari ko‘rinishida yaratilishini o‘qib hayron qolsangiz kerak. Gap shundaki, banklar har safar kredit berganida yangi pullar hosil bo‘ladi.
2014 yilning mart oyida Angliya banki “Zamonaviy iqtsodiyotda pullarning yaratilishi” nomli hisobotini chiqardi. Unda quyidagi fikr bayon etilgan: “Har safar, yirik tijorat banklari yangi kredit (qarz) berganida bank omonatlari ko‘rinishidagi pullarni yaratadi”.

Agar hukumat ko‘proq pul bosib chiqarishga qaror qilsa, iqtisodiyotda pul ko‘payadi. Bunda mahsulotning bozordagi qiymati o‘zgarmaydi, ammo pul birligining xarid qobiliyati pasayadi, ya’ni bozordagi o‘sha-o‘sha mahsulot uchun ko‘proq pul to‘lash kerak bo‘ladi, bu esa pulning qadrsizlanishi (inflyatsiya)ni keltirib chiqaradi.

Oddiy iqtisodiy sharoitda pul hajmi mahsulot ishlab chiqarishga qaraganda tezroq o‘sganida pul qadrsizlanadi, ammo bu biroz sodda tasavvur. Pul hajmi asosan yangi qarzlar paydo bo‘lishi hisobiga o‘sadi, bu esa oxir oqibat aktivlarning narxi pufak kabi shishishiga olib boradi.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi Vengriyada yuz bergan kuchli pul qadrsizlanishini misli ko‘rilmagan giperinflyatsiya deyish mumkin. O‘shanda (1946 yilning iyul oyi) 41,900,000,000,000,000% pul qadrsizlanish ko‘rsatkichi qayd etilgan, bu esa narxlar har 15,3 soatda ikki baravar oshgan degani (istasangiz, Zimbabvedagi 500 milliard foizlik haddan tashqari kuchli inflyatsiya haqida ham o‘qishingiz mumkin).

Agar qog‘oz pul birliklari hech qanday qadrga va ichki qiymatga ega bo‘lmasa, unda nima uchun ular butun dunyoda qabul qilingan? Qog‘oz pul birliklari hali-hanuz asosiy ikki sabab bilan muomalada qolmoqda:
- pulning qiymati uni muomalaga chiqaruvchi davlat (emitent)ga bo‘lgan ishonchgagina bog‘liq, bu esa davlatdan biror bir qo‘shimcha xarajat yoki majburiyat talab qilmaydi;
- qog‘oz pullarni muomalaga chiqarish oson va qulay.

Mobil va elektron pullar
21 asrga kelib pulning ikki ilg‘or ko‘rinishi ommalashdi: mobil to‘lovlar va kriptavalyutalar. Mobil to‘lovlar orqali odatda smartfon yoki planshetdagi ilovalar orqali mahsulot va xizmatlar uchun pul to‘lash yoki boshqa odamlarga pul o‘tkazmalarini osonlik bilan amalga oshirish mumkin. Dunyoda Apple Pay, AliPay kabi xizmatlar, O‘zbekistonda esa PayMe, Click kabi mobil to‘lov ilovalari tadbirkor va xaridorlar o‘rtasidagi muhim bo‘g‘inga aylanib bormoqda.

Elektron pullar kompyuterlarda yozilgan raqamlardir. Dunyodagi eng yirik pul amaliyotlari shu raqamlarni bir hisobdan boshqa bir hisobga ko‘chirish orqali amalga oshiriladi.

Kriptovalyuta
Virtual valyutalar orasida eng mashhuri 2009 yilda Satoshi Nakamoto taxallusli odam yaratgan deya hisoblanadigan Bitkoindir. Kriptovalyutalar jismoniy shaklga ega emas. Moliyachi mutaxassislar, kriptovalyutalarni quyidagi jihatlariga ko‘ra boshqa pullardan afzal deb hisoblashadi:
- ular bilan turli amaliyotlarni bajarish arzonroq;
- xavfsizlik va maxfiylikni ta’minlash osonroq;
- moliyaviy mustaqillik talablariga javob beradi;
- amaliyotlarni tezroq o‘tkazish mumkin;
- xalqaro to‘lovlarni amalga oshirish yengilroq (davlatlararo to‘lovlar tez va arzonroq amalga oshiriladi);
- davlatlar emissiya qilgan milliy valyutalardan farqli ravishda markazlashmagan holda ishlaydi.

Xulosa o‘rnida
Qadimgi mutafakkirlar Ptolomey modeli deb ataluvchi kosmologik modelni ishlab chiqishgan. Unga ko‘ra, oy, quyosh, yulduzlar va sayyoralar muallaq turuvchi Yer atrofida aylanadi (ya’ni Yer osmon markazidir). Bu ta’limot yanglish bo‘lib chiqishiga qaramay, ishlab chiqilgan model mavsumlar, sayyoralarning harakatlanishi va holatini belgilash (hisoblash)ning ishonchli usuli bo‘lib qolmoqda. Ammo vaqt o‘tishi bilan yangi model (usul)lar paydo bo‘ldi va ular insoniyatga yanada ko‘proq imkoniyat taqdim etdi va hatto (ilgari imkonsizdek ko‘ringan) Oyga ham yetib borishga imkon berdi.

Ptolomey modeli bilan bo‘lgani kabi pulni moddiy mahsulotlar o‘rtasidagi ayirboshlash (olish/sotish) vositasi emas, balki uni o‘zini mahsulotga aylantirgan zamonaviy moliya tizimi albatta mukammal tizim emas. Chunki bu tizim turli ijtimoiy-iqtisodiy va hatto atrof-muhit bilan bog‘liq muammolar sababchisidir (qimmatbaho qog‘ozlar bozori, ko‘chmas mulk bozori va boshqa turdagi bozorlardagi spekulyativ o‘yinlar natijasida yuzaga keluvchi moliyaviy inqirozlar, ularning ketidan keluvchi depressiyalar kabi). Biroq hozircha bu jahonda qabul qilingan va ishlab turgan tizimdir, va biz bundan yaxshiroq tizimni joriy qilmagunimizcha undan foydalanib turishimizga to‘g‘ri keladi.

Manba: islommoliyasi.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Pulning rivojlanish bosqichlari: arpadan to kriptovalyutagacha