date
views 2 934

Johillikning oxiri bormikan?!

Johillikning oxiri bormikan?!
Nabira bobosidan «Ilgari internet, telegram, istagram, feysbuk, uyali telefonlarsiz qanday yashagansiz?» deb so‘rasa, bobosi «Sen mehr-oqibat, qadr-qiymat, ibo-hayo qahatga uchrayotgan paytda yashayotganing singari» deya javob beribdi.

Bobo bilan nabirasi o‘rtasida shunday savol-javob haqiqatan ham bo‘lib o‘tganmi-yo‘qmi, hozir bu ahamiyatsiz. Ammo nima bo‘lganda ham bobo javobida achchiq haqiqatni oshkor qilmoqda. E’tirof etish kerak, har hafta ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ba’zi xabarlarni o‘qigach boboning qaysidir ma’noda haq ekanini tan olasan, eting seskanadi, beixtiyor yoqa ushlaysan!

Bu ne bedodlikki, poytaxtdan oqib o‘tuvchi anhordan chaqaloq topilsa!..
O‘zbekistonlik ayol yer osti o‘tish yo‘liga yangi tug‘ilgan go‘dagini tashlab ketsa!..
Surxondaryo viloyatida bir ayol sakkiz yashar bolasini ikki million so‘mga sotayotganda ushlansa!..

Kuni kecha bir tadbirda imom-xatib «Ayrim nomard erlarning xotiniga qo‘l ko‘tarishi haqida eshitar edik, endi esa erining joniga qasd qiladigan xotinlar paydo bo‘libdi» deya yozg‘irib qoldi. Darhaqiqat, bir necha oy ilgari Toshkentning Kamolon mahallasida yangi kelin qarindoshi bilan til biriktirib, erini bo‘g‘ib o‘ldirgani ancha shov-shuv bo‘lgan edi. Buni qarangki, qotillarga sud jazo bergani OAV orqali e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay turib, endi Andijon shahrida yashovchi ayol turmush o‘rtog‘ini sintetik ip bilan bo‘g‘ib o‘ldirgani va murdasini uyidagi hojatxonaga tashlab yuborgani haqida xabar tarqalib turibdi…

Bu kabi johilliklarga qo‘l urayotganlar odam bolasimikan, degan o‘yga boradi kishi. Shu bilan birga, ularni hayvonga qiyoslashga ham vijdon qiynaladi. Bunday deyishimizga esa asos bor. Aytmoqchimizki, bunday kimsalar mehr ko‘rsatishning ayrim jihatlarini hayvonlardan o‘rgansalar arziydi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topdik — it axlatga tashlab ketilgan go‘dakni topib, egasiga keltirib berdi va uni o‘limdan saqlab qoldi!..

Boshqa bir it tumshug‘i bilan yer kavlab o‘lgan bolasini ko‘mib qo‘ydi!..

Xorazmlik hamkasbim o‘zi guvoh bo‘lgan bir voqeani aytib berganda esa ona mehrining naqadar buyukligiga yana bir bora ishonch hosil qildim. Uning hikoya qilishicha mahallasidagi xonadonda it bolalabdi. Kuchuk boladan bittasini qo‘shni ko‘chada yashovchi bir odam olib ketibdi. Buni qarangki, ona it har kuni erta bilan bolasini olib ketgan xonadonga kelib, uy egalari darvozani ochguncha kutib turarkan. Darvoza ochilishi bilan to‘g‘ri bolasini oldiga borib, uni emizib bo‘lgach, ortiga qaytar ekan. “Kuchuk bola o‘zini tutib olguncha ona it ikki hovli o‘rtasida kuniga bir necha marta qatnagan edi”, deya so‘zini yakunladi hamkasbim…

Xalqimizga xos andisha-yu iffat, hayo-iboga boshqa millatlar havas qilsa arziydi deya og‘iz ko‘pirtiramiz. Shunday bo‘lgani holda ko‘cha-ko‘yda o‘spirin yigit-qizlarning salom-aligi-yu gap-so‘zini hech kuzatganmisiz? Gohida ularning og‘zidan shunaqangi gaplar chiqadiki, hatto tiliga erk beradigan erkaklar ham lol bo‘lib qoladi. Yoki shundoqqina yo‘lning ustida, ish yo o‘qishga otlangan yo‘lovchilarga ham parvo qilmay quchoqlashib turgan yoshgina «sevishganlar» haqida nima deyish mumkin?!

O‘rni kelganda, garchi ko‘p bora qayd etilgan bo‘lsa-da, yana bir bora Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanini esga olamiz. Ushbu asar asosida suratga olingan badiiy filmni ko‘rmagan tomoshabin topilmasa kerak. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, filmda Yusufbek hoji bilan Kumushning ko‘rishishi quyidagicha tasvirga olingan: Kumush salom bergach, qaynotasi alik olib, uning peshonasidan o‘padi.

Endi aynan shu holat asarda qanday tasvirlanganiga ahamiyat bering-a: …Kumush uyalib zo‘rg‘ag‘ina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinig‘a kelib bo‘yin egdi. Hoji qo‘li bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning mang­layig‘a tegizib olg‘an o‘z qo‘lini o‘pdi…

Mana sizga milliy tarbiyamizning, odob-axloqning haqiqiy namunasi. Unda behayolik bugungi yoshlarimizga qayerdan ilasha qoldi ekan?! Buning sababi nimada?

Ta’kidlash lozim, so‘nggi paytlarda ko‘pchiligimiz, ayniqsa, yoshlar internetga mukkasidan ketib, hayotini usiz tasavvur eta olmay qoldi. Shunday bo‘lgach, televizor ko‘rish, gazeta-jurnal yoxud kitob varaqlashning nima qizig‘i qoladi?! So‘nggi paytlarda televideniye orqali ayrim ko‘rsatuvlarda notinch oilalar, ota-onaning tarbiyadagi o‘rni, yigit bilan qiz munosabatlari haqida mushohada yuritilmoqda. Gazetalarda ham shu mavzudagi maqolalar chop etilayapti. Ammo hozirgina qayd etganimizdek, bugungi yoshlar na televizor ko‘radi, na gazeta o‘qiydi.

Guvohi bo‘layapmiz, farzandini taqdir hukmiga tashlab ketayotganlarning aksariyati o‘tkinchi sevgi-yu nomard kim­salarning aldoviga uchganlardir. Biroq, kishini o‘ylantiradigan jihati, kezi kelganda ota-onasiga ham dashnom berishga yetadigan aqllari shu yerga kelganda oqsab qolmoqda. «Sevib qoldim. Sensiz yashay olmayman» deya og‘iz ko‘pirtirayotganlar bugun unga, ertaga bosh­qasiga muhabbat izhor qilayotganini, «ishi» bitgach esa shu zahoti g‘oyib bo‘lishini anglab yetishmayapti. Oqibatini ko‘rib turibmiz…

Hammasi oiladagi tarbiyaga borib taqaladi. Birgina misol: ekinning ko‘ngildagidek hosil berishi urug‘ning toza bo‘lishiga bog‘liq bo‘lgani kabi farzandning kim bo‘lib voyaga yetishida ota-onaning o‘rni beqiyos. Qolaversa, «Onasini ko‘rib qizini ol» degan maqol ham bekorga aytilmagan. Shunday ekan, ayniqsa qiz bolaning tarbiyasiga alohida ahamiyat berishimiz ham qarz, ham farzdir. Afsus­ki, ayrim onalar buni unutib qo‘ymoqda.

Nahotki, payti kelsa nafas olishidan ham undagi o‘zgarishni sezadigan ona qizining qorni qappayib qolganini bilmasa?!. Bu bedodliklarda otalarning ham o‘ziga yarasha aybi bor. Ba’zi otalar oilasida so‘zini o‘tkaza olmay qolayotgani ham, afsuski, achchiq haqiqat! Payti kelganda nafaqat o‘g‘il, balki qizi ham otalik siyohi qolmagan kimsani nazariga ilmaydi.

Afsuski, so‘nggi paytlarda ota-onalarning o‘zlari ham tarbiyaga muhtojligi ayon bo‘lmoqda. Jumladan, 22 fevral kuni Bosh prokuraturada Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashning kengaytirilgan yi­g‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakatdagi jinoyatchilik tahlil qilinib, xususan, qotillik jinoyati oilada, aksariyat hollarda oddiy maishiy munosabatlar zamirida kelib chiqqani, qarindosh urug‘lar yoki qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar to‘liq bartaraf etilmayotgani, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishdagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu jinoyatlarning 28 foizi esa er-xotin, aka-uka, ota-o‘g‘illar o‘rtasida yuz berganining alohida qayd etilgani ham ayrim oilalar johillikka yuz tutganini ko‘rsatib turibdi.

Bir tomondan qaraganda, ota-ona bo‘lish osondek. Ammo Alloh ota-onalik baxtini berish bilan birga, farzandni omonatga berganini unutib qo‘yish yaramaydi. Bu haqda buyuk vatandoshimiz Imom G‘azzoliyning shunday fikrlari bor: «Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir.

U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o‘rgatilsa, shu bilan o‘sadi va dunyo-yu oxiratda saodatga erishadi. Uning savobiga ota-­onasi ham, har bir muallimu ustozlari ham sherik bo‘ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, oxir-oqibat halok bo‘ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo‘lganlarning gardaniga tushadi».

Shunday ekan, hurmatli ota-onalar, imkon borida johillikdan uzoqlashaylik-da, omonatimizga aslo xiyonat qilmaylik!

G‘ofurjon ALIMOV

Manba: Huquq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Johillikning oxiri bormikan?!