date
views 6 623

Yashil oltin yoki 10 avlodni boqadigan daraxt

Yashil oltin yoki 10 avlodni boqadigan daraxt
Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi yashillik saltanati 10 ming gektardan ziyod. Keng hudud Sirdaryo sohillarigacha tutashib ketgan. Xo‘jalik a’zolari tabiiy muvozanatni ta’minlovchi o‘rmonlarni asrash bilan birga, yurtimizni ko‘kalamzorlashtirishda keng qo‘llanayotgan kashtan, yapon soforasi, Qrim qarag‘ayi va boshqa turdagi noyob manzarali daraxtlarni agrotexnika talablari asosida parvarishlashyapti. Nihollar tabiiy iqlim sharoitiga moslashib olgach esa shahar va tumanlarimizga ko‘rk bag‘ishlashi uchun ekilyapti.

Maxsus ekin maydonlarida parvarishi yo‘lga qo‘yilgan 130 turdagi shifobaxsh o‘simliklar rivoji ilmiy izlanuvchilar guruhi nazoratida. Shu bilan birga xo‘jalikning 8 ta uchastkasidagi 50 gektardan ortiq maydonda 40 turdagi dorivor hamda darmondorilarga boy mevali daraxtlar nihollari parvarishlanadi. Oshqovoq, achchiq bodom, jiyda, na’matak, moychechak, kashnich, ukrop, rayhon va boshqa turdagi o‘simliklar parvarishi xo‘jalikka yaxshigina daromad keltiradi.

Yashil tabiat fidoyilarining pista yetishtirish borasidagi tajribasi ham o‘ziga xos. Bugungi kunda 15 gektar yerda pistazor barpo etilib, xo‘jalik mutaxassislari pista ko‘chatini toshloq yerlarda parvarishlashga ixtisoslashtirishyapti. Yangi tajriba asosida ushbu nihollar baravj rivojlanmoqda.

— Bugungi kunda xandon pista jahonning ko‘plab mamlakatlarida muhim qishloq xo‘jaligi ekini hisoblanadi, — deydi Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligi rahbari Mansurxo‘ja Xo‘jayev. — Jahon bo‘yicha yiliga 550 ming tonna pista yetishtirilmoqda. Mamlakatimiz xandon pista yetishtiruvchi yetakchi ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatida 13-o‘rinni egallaydi. Bunday noyob mevani tayyorlashning mamlakatimizdagi yillik miqdori 200 tonnani tashkil qilmoqda. O‘zbekiston o‘zining qulay sharoitlari tufayli jahonda xandon pista ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi o‘nlikka kirib olishi mumkin. Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud. Faqat hamma gap ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanishda qolmoqda.

Yuqori sifatli ta’m tufayli jahon bozorida xandon pista grek yong‘og‘i va bodomga qaraganda 3-4 marta qimmatroq baholanadi. Jahon bozoriga xandon pistani asosiy yetkazib beruvchi davlatlarda uni “yashil oltin” deb ataydilar.

– Bir necha yil avval pistani sanoat usulida yetishtirish maqsadida ko‘pni ko‘rgan omilkor bog‘bonlar bilan maslahatlashdim, – deydi Mansurxo‘ja Xo‘jayev. –Mutaxassislar ham “Bu dashtlardagi tuproq sharoiti pista yetishtirish talablariga javob bermaydi”, deb xulosa berdilar. Shunga qaramay Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligining Beshariq bo‘limi xodimlari sinov tariqasida “Shoberdi”, “Asad” dashtlariga urug‘ qadashdi. Natija kutilganidek bo‘lmadi. Biz bo‘sh kelmadik, pistachilik rivojlangan davlatlardan biriga borib, u yerdagi tajribani o‘rganib qaytdim. Ma’lum bo‘lishicha, pistani avval alohida holda undirib, ko‘chat holiga yetkazgachgina, toshloq yerlarga o‘tqazish yaxshi samara berar ekan. Buning uchun qog‘oz tuvaklardan foydalandik.

– Xandon pista ham parvarishga, mehrga muhtoj, –deydi “Shoberdi” bo‘limi o‘rmonbegi Ergashali Jo‘liyev. – Bir yildan oshdi Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligida o‘stirilayotgan pista daraxtlari hosilga kirdi. Xandon pista plantatsiyalarimiz to‘liq kuchga kirganda ulardan olinadigan daromad no‘xatga qaraganda 28 marta, poliz ekinlariga qaraganda 9 marta, bug‘doyga nisbatan esa 50 marta ortiq bo‘ladi.

Xandon pista qurg‘oqchilikka o‘ta chidamli o‘simlik. Suv quyishni talab qilmaydi. Yengil sug‘orish ishlari ko‘chat o‘tqazilgan ilk davrdagina zarur.

Aholi pistani kech mevalaydi, deb unchalik qiziqish bildirmaydi. To‘g‘ri kechroq mevaga kirishi bor gap lekin, mevalaganidan so‘ng uning meva berish davriyligi 10 avlodgacha yetadi.

Xandon pista yetishtirish – O‘zbekistonning qurg‘oqchil tog‘oldi maydonlaridan, dasht yerlaridan foydalanishning iqtisodiy jihatdan eng foydali usuli bo‘lib qolmoqda. Bu kamunum yerlardan imkon qadar samarali foydalanish zarur. O‘zbekiston xandon pista yetishtirish uchun eng qulay joy. Hozir diyorimizda pistaning “Tog‘ malikasi”, “Orzu”, “Albina”, “Sharq marvaridi” kabi 20 dan ortiq navlari mavjud.

Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligida naslchilik pistachilik maydonlari tashkil etilgan. Bu yerda yuqori hosilli, mahalliy sharoitga mos sara pista navlarini yaratish va ko‘paytirish borasida izlanishlar olib borilmoqda. O‘rmonchilar ko‘plab miqdorda xandon pista ko‘chatlari yetishtirib fermerlarga va tomorqachilarga yetkazib berishyapti.

– Xandon pista parvarishlashning o‘ziga xos xususiyatlari bor, – deydi o‘rmon xo‘jaligi mutaxassisi Muhammadjon Qambarov. –Buni sohibkorlar albatta hisobga olishlari zarur. Xandon pista ko‘chati faqat bir joyda – dastlab ekilgan yerda ko‘karadi. Uni boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazilganda qurib qoladi. O‘rmonchilarimiz pista ko‘chatlarini payvandlashda ham uning nozik jihatlariga alohida e’tibor qaratmoqdalar.

Beshariqning Asad va Shoberdi dashtlarida paydo bo‘lgan dastlabki yirik pistazorlar nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki respublikamizning boshqa hududlarida ham ana shunday bog‘lar yaratilishiga turtki bo‘ladi.

Elyorjon EHSONOV

Manba: Xalq so‘zi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yashil oltin yoki 10 avlodni boqadigan daraxt