04:00 / 09.05.2020
4 042

Xalq nima dardda-yu, kimlar nafsi g‘amida?

Xalq nima dardda-yu, kimlar nafsi g‘amida?
O‘g‘li bilan kelini avtohalokatda olamdan o‘tgach, Jamila xola ikki nabirasi bilan yolg‘iz qoldi. O‘rtamiyona yashayotgan ayol oxirgi paytlarda biroz qiynaldi. Nabiralari bog‘chaga borganda o‘zi qo‘ni-qo‘shnilarning tomorqa yumushlariga yordam berib topgan pulini ro‘zg‘orga ishlatardi. Koronavirus tufayli hamma uyda.

Bolalarga qarayman deb Jamila xola ham uydan chiqolmay qoldi. Yaxshiyam ikki uy narida bolalikda birga o‘sgan dugonasi bor. Kunora issiq-sovug‘idan xabar olib turadi. Uch kun avval qopdagi oxirgi undan xamir qorigan Jamila xola tunov kuni mahalla raisiga un kerakligini aytgandi. Mana uch kun o‘tibdiki, bu murojaat bo‘yicha hech kim xabar olgani yo‘q.

Yakshanba kuni soat 16:30 larda eshik qoqib kelgan Jamila xola mahallada un sotilayotganini, uni sotib olishga esa puli yo‘qligini aytib, qarz so‘radi. Ikki kun oldin maoshimni olgandim. Shunday paytda xolaga qarz emas, un olib berishni ma’qul topdim.

Mahalla idorasi yoniga tumonat odam yig‘ilgan. Unning narxini so‘rashga ham hojat yo‘q. Un ortilgan yuk mashinasining peshtoqiga «Kambag‘al, boquvchisini yo‘qotganlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun bir qop un 160 ming so‘m» deb yozib qo‘yilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari har yoqdan pul izlash bilan, puli borlar esa un olish bilan ovora. O‘sha kuni bir qop un olgan Jamila xola ham, nabiralari ham juda xursand bo‘lishdi.

Endi o‘ylab ko‘ring: o‘zi kambag‘al, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila bo‘lsa. Ularda shunday vaqtda 160 ming so‘m pul bo‘ladimi? O‘zi nega boshqa mahallalarda bir qop un 135 ming so‘mdan sotilayotgan bir vaqtda bizning mahallada 160 ming? Aslida 135 ming so‘mdan sotilishi kerak emasmidi?! Balki bizning mahallamizga kelguncha tadbirkorning xarajatlari ko‘payib ketgandir. Ammo… Nima bo‘lganda ham hozirgi sharoitda tadbirkorlarimiz biroz foydadan kechib, xalqqa qayishib, odamlarning og‘iri yengil qilsa bo‘lardi. Bu kunlar ham o‘tar-ketar, qiyinchiliklarni irodamiz, matonatimiz, bir-birimizga bo‘lgan mehrimiz bilan yengamiz albatta.

Ertalab ishga ketayotganimda mahalla idorasi yonida oqsoqolning yoqasidan tutgancha baqirayotgan tadbirkorning vajohatidan ot hurkardi.
– Menga qarang, sizga kecha bergan pulingizdan 400 ming kam chiqdi deyapman. Aytgan foydangizni olganingiz yetmagandek, mening foydamdan ham olib qolgansiz. Qanaqa odamsiz o‘zi? Shunchalik ham ochko‘z bo‘lasizmi? Qaytarib bering deyman, kamini qaytarib bering.

Rangi dokaday oqarib ketgan oqsoqol esa «Iltimos, menga yordam beringlar. Aslida unni 160 mingdan sotgan tadbirkorning o‘zi. Mahsulotni sotishiga yordam berganim uchun aybini menga to‘nkamoqchi bo‘layapti. Unni sotishda faqat yordam berdim xolos. Hech qanday foyda ko‘rganim yo‘q. Bilasizlar, men hech qachon yolg‘on gapirmayman. Birovning haqqini yemayman» degancha atrofdagilardan najot kutardi.

– Siz qanaqa noinsof odamsiz?! Hamma ikki kundan buyon un kelishini kutayapti. Ularga qanchadan desangiz oladi. Men ham siz bilan baravar yurganimni ham hisoblang-da. Hammaga un kerak, hozir qancha narx qo‘ysangiz ham olishadi. Menga ham foyda qolsin, bemalol 160 mingdan sotavering degan o‘zingiz-ku. Endi suvdan quruq chiqish uchun hamma aybni menga yuklayapsizmi?! Unday qilolmaysiz. Bunga yo‘l qo‘ymayman.

Ma’lum bo‘lishicha, bir qop unni 124 250 so‘mdan sotib olgan tadbirkor aslida fuqarolarga 135 mingdan sotishi kerak bo‘lgan. To‘rt tonna unni mahallamizga olib kelgan tadbirkor rais bilan kelishib, 160 mingdan sotishga erishgan. Yana bir mahalla oqsoqoli esa mahsulotni mahallasida sotmasligi evaziga tadbirkordan 200 ming so‘m olganiga nima deysiz. Xalq ishongan oqsoqollardan yana biri esa muhtoj oilalar qolib, o‘ziga to‘q oilalarga un va boshqa oziq-ovqatlar yetkazib berilishi uchun xizmat qilgan…

Eh, sanay desangiz, ildiz otgan muammo, yechimini kutayotgan masalalar yuzaga chiqib kelaveradi, kelaveradi…

Karantin davrida ichki bozorda oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlashga jalb etilganidan g‘araz maqsadda foydalangan tumanimizdagi boshqa bir mahalla raisiga chora ko‘rildi. Sho‘rchi tumani «Qoraariq» MFYning raisi S.G‘. kambag‘al, ehtiyojmand hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yetkazib berilayotgan 140 ming so‘mlik unni «Bek-Jamshid» oilaviy korxonasi rahbari J.B. bilan kelishib 155 ming so‘mdan sotishni yo‘lga qo‘ygan.

Buning evaziga har qop undan 5 ming so‘mdan xizmat haqi olishga ko‘ndirib, xizmat mavqeidan foydalanib odamlarni aldab, unga talabgor sifatida ro‘yxatga olingan oilalarga narxning qimmatligi to‘g‘risida asossiz ma’lumot yetkazgan. 17 aprel kuni un sotishga jalb qilingan savdo tashkiloti birja savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olgan 60 qop unni sotgan. Oqibatda prokuratura mahalla raisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, dastlabki tergovni olib borish uchun tuman IIBga yuborgan.

El boshiga ish tushgan shu kunlarda elning ko‘ziga cho‘p suqayotgan bunday oqsoqolu tadbirkorlarni kim deb atash mumkin?

Nigina SHOYEVA

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xalq nima dardda-yu, kimlar nafsi g‘amida?