00:30 / 13.06.2020
3 654

Qiblamiz Saudiyada, ammo Saudiya qiblamiz emas! (ikkinchi maqola)

Qiblamiz Saudiyada, ammo Saudiya qiblamiz emas! (ikkinchi maqola)
Bundan bir necha yil oldin asli qo‘qonlik, hozirda Madinada yashaydigan, Madina haramini belgilash hay’atida bevosita ish olib borgan olim, doktor Abdulaziz qori aka bir kuni shogirdlarini aylantirib yurib, Madinadagi ana shunday tarixiy joylarni tanishtirar ekan, «Bu joylarni bizga ustozlarimiz tanitgan, ammo manavilar bu osorlarning hammasini yo‘q qilishdi», deb xafa bo‘lgani bejiz bo‘lmagan.

Afsuski, Saudiya hukumati va rahbariyati tarafidan yo‘q qilingan bu kabi islomiy yodgorliklar, osori atiqalar son-sanoqsiz. Bu narsalar aslida faqat ularning emas, balki butun Islom ummatning ma’naviy mulki edi. Shuning uchun ham Malayziya rasmiylari islomiy yodgorliklarni himoya qilishga boshqalarda ham imkon bo‘lsin deb, Ikki Haramdagi osorlarni saqlash uchun ularni mustaqil hudud qilish taklifini ham ilgari surgan.

Zotan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam butun bashariyatga payg‘ambar, u zotning ashoblari butun ummatga ustoz ekanlar, ularning yodgorliklari musulmon ummatining merosi hisoblanadi. Bu merosni yo‘q qilib, ummatning tarixini poymol qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu ish kechirilmas, unutilmas og‘ir jinoyat aslida. Ammo buzuq dunyoqarash, buzuq aqiyda bu jinoyatlarni «oqlab», olqishlab bermoqda.

Bu aqiydani yaxshiroq o‘rgansangiz, shunaqangi qoq-quruq, suvsiz, bo‘ysiz bir «din»ki, u Islom ummati asrlar osha bilgan din emas, qandaydir boshqacha, qotib qolgan, shafqatsiz, vijdonsiz, tuyg‘usiz bir aqiydadir. Shuning uchun bu mafkura qayerga kirsa, o‘sha yerda ixtilof, janjal, adovatu nafrat urchiydi, hammayoq vayron bo‘ladi. Ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, raddiya berganlarga esa ixtilof chiqarmaslik, birlikka intilishni tavsiya qilishadi. Bu aqiyda necha yildirki, islomiy uyg‘onish va taraqqiyotning kushandasi bo‘lib kelmoqda.

Ba’zi kishilar qaysi fahm, qaysi vijdon bilan Haram hududlarida qilingan bu vayrongarchiliklarini oqlamoqchi bo‘lishadi, hayronsan. Undan ham o‘tib tushib, bittasi o‘zicha «Sahihi Muslim»dan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yashagan uy Aqil va Tolibga o‘tib ketgani haqidagi xabarni dalil qilib, bu uy u zotga tegishli emas, demoqchi bo‘libdi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uyi bo‘lmagan joyda Xadija roziyallohu anho va Abu Bakr roziyallohu anhuning uyi haqida gapirish esa bo‘rttirish bo‘larmish. Dalillarni qarang!

Fahmu farosat qayerda qoldi, birodar? Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning merosini talashyapmizmiki, uyning kimga mulk bo‘lgani haqida so‘zlansa! Bizga shu joyda u zot alayhissalomning yashab o‘tganlari muhim, uning tarixiy qiymati, Habibimizdan yodgorlik ekani qadrli. Mana shu jihatdan ummat uni asrlar osha buzmay asrab kelgan edi, bo‘lmasa, ular ming yil yil oldin, o‘sha siz aytayotgan hadis rivoyat qilingan davrdayoq uni buzib yuborgan bo‘lar edi.

Shuni ham tushuntirish kerakmi? Odamlarning saviyasi shunchalar pasayib, yuzakilashib ketganki, o‘sha beo‘xshov dalillarni ulashib, unga «yoqdi» tugmasini bosib yotishibdi. Hay baraka topkurlar, hadis keltirishning o‘zi so‘zni quvvatlamaydi, balki uning dalolati to‘g‘ri bo‘lishi ham kerak.

Yana bittasi aytadiki, go‘yo Islomda ashyolarning e’tibori yo‘q, shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning ahllaridan qolgan yodgorliklarning hech qanday ahamiyati yo‘q emish, chunki Islomda suratga emas, faqat ma’noga e’tibor berilgan emish. Kim aytdi buni sizga? Islomda suratga ham, ma’noga ham o‘ziga yarasha e’tibor berilgan. Chunki surat va ma’no o‘rtasida hamisha bog‘liqlik bo‘ladi.

Alloh Qur’onda Maqomi Ibrohimni namozgoh qilishni buyurgan va o‘sha tosh hozirgacha Ka’ba yonida saqlab kelinadi. Xo‘sh, ibodat faqat O‘ziga bo‘lsa, O‘zining Bayti turgan bo‘lsa, bu maqomning nima ahamiyati bor? Bunda nimadir hikmat, ma’no borki, Alloh shu joyda namoz o‘qishni buyurdi. Balki Alloh bu bilan haq dinni o‘rgatgan, Haqqa xizmat qilgan kishilarning yodgorliklarini asrashni, ularni qadrlashni o‘rgatgandir? Hajdagi ko‘plab amallar va joylarda ayni shu ma’no bor emasmi?

Siz «Bular endi oyat-hadis bilan sobit bo‘lgan narsalar, undan boshqasini saqlash bid’at-da», deyishingiz mumkin. Lekin siz aytgan shu gapni sahobalar, ulardan keyingi tobe’inlar bilmaganmiki, ular yodgorliklarni saqlab, tabarruk qilib kelishibdi, hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Axir siz salafi solihlarga ergashishni da’vo qilib, hammaning boshini urmay yorasiz-ku doim? To‘g‘ri, Kitobu Sunnatda fazilati qaydlangan joylarga boshqa hech bir narsa tenglasha olmaydi, ularning muborakligi vahiy bilan sobit bo‘lgan. Biroq, shundan xulosa olib, islomiy yodgorliklarni asrasa, buning nima yomon joyi bor? Buni man qilishga qanday dalil bor?

Bir narsa desa, «Umar roziyallohu anhu Hajarul asvadga: «Sen oddiy toshsan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘pgani uchungina seni o‘pyapman», degan. U kishi ostida Rizvon bay’ati qilingan daraxtni kestirib yuborgan», deb gap boshlashadi. To‘g‘ri, u kishi shunday qilgan, ammo bu istisno ravishdagi choralar bo‘lib, hamma narsada qo‘llanmagan. Bo‘lmasa, u kishi nega hamma yodgorliklarni, osorlarni buzdirib, hozirgilardek tekislab yubormagan? Yo‘q, aksincha, u kishi ham aslida yodgorliklarni asragan.

Umar roziyallohu anhu Falastinni fath qilgach, Masjidul Aqsoga borganda u yerda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam me’rojga chiqqanlarida oyoqlarini qo‘ygan tosh oldiga namozgoh qildilar. Keyinroq 68-72 hijriy sanalarda Abdulmalik ibn Marvon aynan shu joyga hozirgi «Masjidus-saxra» (Xarsang masjidi) degan namozgohni bino qildi. Xo‘sh, ular nega aynan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam me’rojga chiqishda bosgan shu toshning yonini namozgoh uchun tanlashdi? Shu joy musulmonlarga Rasullaridan yodgorlik bo‘lgani uchun emasmi?

Holbuki, bu toshni yahudiylar qibla sanashar edi. Nega uni yahudiylarning qiblasi ekan deb yoki «endi musulmonlar Nabiyning qadami tekkan toshni ziyorat qilib, mushrik bo‘lib ketishadi» deb, parchalab, yo‘q qilib tashlashmadi? Aksincha, u joyga masjid qurishdi va o‘sha toshni masjidning bag‘rida saqlab qolishdi. Bu ishlar sahobalarning hayotlik chog‘larida sodir bo‘lgan, ziyoratda g‘uluvga ketgan kishilar o‘sha paytda ham topilgan. Lekin salaflar besh-to‘rtta ahmoqni deb, islomiy osorlarni vayron qilmagan, balki bu yodgorliklarning dindagi o‘rni, xizmati katta ekanini yaxshi anglashgan. O‘sha xarsang tosh hozir ham o‘sha bo‘yi turibdi.

Falastin bilan bir tanishing, borib ko‘ring yoki videolarini tomosha qiling, u yerda avvalgi payg‘ambarlarning qadamjolari, mehroblari, qabrlari va boshqa yodgorliklari qanday saqlab qolinganini bir ko‘ring. Nega Umar roziyallohu anhu u joyni fath qilganda salaflarga ergashish da’vosidagi janoblarga o‘xshab, o‘sha yodgorliklarni tekislab, yer bilan yakson qilib tashlamadilar? Nega ulardan keyingi 1200 yil shu yerda hukmronlik qilgan musulmonlar bu osori atiqalarni asrab-avaylab keldilar?

Xo‘sh, shu bilan falastinliklar mushrik bo‘lib yoki xurofotchi bo‘lib ketdimi? Tarix guvoh, musulmon ummati boshqa payg‘ambarlarning merosxo‘ri sifatida ularning ham yodgorliklarini asrab kelgan. Hatto Ibrohim alayhissalom va u kishining oila-a’zolarining maqbaralari masjid bag‘rida hanuz saqlab kelinmoqda. Ammo hech kim bu holatni inkor qilmagan. Bizning Makkamiz va Madinamizda ham ana shunday tabarruk yodgorliklar yaqinlargacha saqlab kelingan edi, ammo manavi toifa ularning hammasini yo‘q qildi.

Islomda ashyolarning qadri yo‘q, deb bong urayotganlar Ummu Salama roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mo‘yi muboraklarini bir idishga solib, unga suv quyib, o‘sha suvni bemorlarga berib yurganlarini va bundan ko‘p odam shifo topganini bilisharmikin? Ular Asmo roziyallohu anho Nabiyyimizning burdalarini asrab, uni tabarruk qilib, saqlab yurganini eshitganmikin?

Xo‘sh, Ummu Salama roziyallohu anho yoki Asmo roziyallohu anho ham bid’atchi, johila bo‘lganmi? Yoki ular Islomni sizlarchalik tushunib yetmaganmi? Yoki dinning ma’no-mazmunini anglamagan ashyoparast odamlar bo‘lishganmi? Yo‘q, ular Islomni faqat suratan emas, balki ruhi bilan, uning his-tuyg‘ularga boy go‘zalliklari bilan anglagan zotlar edi...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qiblamiz Saudiyada, ammo Saudiya qiblamiz emas! (ikkinchi maqola)