11:35 / 18.06.2020
2 779

Doctonning cevgi doctoni

Doctonning cevgi doctoni
Yoshlik – umrning bahori. Bu davrda odam nimalarni orzu qilmaydi deysiz. «O‘n sakkizga kirmagan kim bor?..» deganlariday, navqiron davrga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar, she’ru g‘azallar ko‘p.

Bu paytda qilmishining oqibatini o‘ylash, mulohaza qilish yoki kimdandir fikr so‘rash yoshlar uchun yot. Ularga nasihat umuman yoqmaydi. O‘z so‘zini ma’qullatishga urinadi. Albatta, yoshlarning hammasi shunday degan fikrdan yiroqmiz. Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaydi.

Doston (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bir necha yil avval mahallasida Munira va Zuhra bilan bir begona qizni uchratdi. Yosh yigitning ko‘nglida notanish suluvga nisbatan iliqlik paydo bo‘ldi. Vaqtni boy bermay ertasi kuni Munirani yo‘qladi.

– Kechagi qiz kim edi?
– Ha, Dildorani so‘rayapsanmi? Tog‘amni qizi bo‘ladi.
– Tanishtirib qo‘ymaysanmi?
– Yuragingdan urdimi?
– Shunday desa ham bo‘ladi.
– Mayli, ertaga uyiga boraman. Gap­laringni yetkazaman. Agar rozi bo‘lsa uchrashtiraman.

Doston Dildora bilan uchrashuvni uzoq kutmadi. Ertasi kuniyoq uchrashishdi.
Damni g‘animat bilib Doston qizdan telefon raqamini so‘radi. Dildoraga ham yigit ma’qul keldi shekilli, telefon raqamini berdi.

Shundan keyin bu ikki yoshning eng chiroyli damlari boshlandi. Ular har kuni ko‘rishishga urinar, mobodo ko‘risholmasa telefonda suhbatlashardi.
Shu o‘rinda Dildoraning kunda-kunora uchrashuvga chiqishiga qarshilik qiladigan yaqinlari yo‘qmi degan savol tug‘iladi.

Dildoraning otasi boshqa viloyatda edi, akalari esa shahardagi uyida turishardi. Ko‘pincha Dildora uyda onasi bilan qolardi. Ba’zan onasi akalaridan xabar olishga ketgan paytlari Munira bilan Zuhra Dildoraning uyiga kelib yotishar edi.

Tinimsiz suhbatlar, uchrashuvlar bora-bora yigit va qizni bir-biriga ipsiz bog‘ladi.
Shirin damlar, yoqimli taassurotlar qoldiradigan onlarimiz juda tez o‘tganday bo‘lsa, anduhga boy damlarning bir lahzasi soatday tuyuladi.

Doston bilan Dildoraning uchrashib yurganiga ham ikki yil bo‘ldi.
Bir kuni Doston sovchi yubormoqchi ekanini, ota-onasi rozi bo‘lsa uylanishini aytdi.

– Hozir vaqti emas. Otamsiz to‘y qilmaymiz, – dedi Dildora yig‘lamsirab. Shundagina otasi tuhmatga uchrab qamalib qolgani, hozir ham qamoqda ekanini aytdi. Yigit qizning otasi qaytishini kutib, keyinroq sovchi jo‘natishga rozi bo‘ldi.

Dildora universitet talabasi bo‘ldi. Qiz darsdan tashqari vaqtini Doston bilan o‘tkazardi. U bilan istirohat bog‘larini kezar, kinoga tushar, bozor aylanardi.
Doston unga mashina boshqarishni o‘rgatdi. Dam olish maskanlaridan tashqari ziyoratgohlar ham ularning diqqatidan chetda qolmasdi.

Oradan yillar o‘tib Dildoraning otasi uyga qaytdi. Doston yana sovchi yubormoqchi bo‘ldi. Bu gal ham qiz uni fikridan qaytardi. Oilasi moddiy jihatdan qiyin ahvolda ekanligi, to‘y qilishga sharoiti yo‘qligini yashirib o‘tirmadi.

Qiz Dostondan hech sir yashirmasdi, o‘rtalaridagi munosabat ham samimiy edi. Doston uni tushundi va yana kutishga qaror qildi. Yana yil o‘tdi.

Nihoyat, yigitning orziqib kutgan kunlari keldi. Oilasidagilar Dildorani so‘rab bordi. Afsuski, Dostonning yillab kutgani sarob bo‘lib chiqdi. Bir necha marta borgan sovchilar kayfiyatsiz qaytaverdi.

– Nimaga sovchilarga yo‘q deyishdi? – Doston jig‘ibiyron bo‘lib Dildoradan so‘radi.
– Sababini onamdan so‘rang, men bilmayman, – dedi Dildora.

Ularning o‘rtasidagi munosabatlardan qizning onasi yaxshi xabardor edi. Chunki o‘rtadagi olti yillik munosabatni yashirib bo‘lmas, ularning yaqinligini butun qarindosh-urug‘lar, yor-do‘stlar bilardi. Doston ayol bilan gaplashdi.

– Akalari norozi bo‘lishayapti.
– Nimaga qarshilik qilayapti? Mendan yo oilamdan kamchilik topdimi?
– Yo‘q, bunday xayolga bormang, hech kimdan kam joyingiz yo‘q, – dedi ayol. – O‘g‘illarim bilan gaplashib ko‘ray, rozi bo‘lsa keyin sovchilarni jo‘natasiz.

Shundan so‘ng sovchilikka qatnayverib charchagan ota-onasi, Dostonga «u qizni senga bermaydilar baribir» de­yishdi.
Dildora bilan uchrashib, ota-onasining qarorini aytdi.
– Sabr qilib turing, uydagilarni o‘zim ko‘ndiraman, – dedi Dildora yig‘lab.

Doston undan voz kecholmadi. Ota-­onasining gapi yerda qolsa-da, «shundan boshqasiga uylanmayman» deb turib oldi.
Oradan ikki haftalar o‘tib, Dildora Xurshid degan yigit qo‘ng‘iroq qilayotganini aytdi.

Doston u bilan ko‘rishdi.
– Nimaga Dildoraga telefon qilayapsan?
– Unga uylanmoqchiman.
– U senga tegmaydi. U mening qizim, ancha yildan beri gaplashib yuramiz, – dedi Doston. Gaplariga ishonmagan Xurshidga Dildora bilan birga tushgan rasmlarini ko‘rsatdi.

Shundan so‘ng Xurshid oradan chiqdi.

Yoz kelib darslari tugagan Dildora qishloqqa qaytdi. Qishloqda doimgidek bir necha marta uchrashishdi, orzu-havaslarga berilib, to‘yni kuz oylarida o‘tkazishni kelishib olishdi. Shunday kunlarda qizdan hech xabar bo‘lmay ketdi. Qo‘ng‘iroqlari, xabarlari javobsiz qolavergan Doston tunda Dildorning uyiga borib chaqirib oldi.

– Tinchlikmi, telefon ham qilmaysan?
– Akalarim sizga qarshi, – dedi qiz. – Men ularga aytolmayman, otamdan ham qo‘rqaman.

Shu payt Dildoraning onasi hovliga chiqdi. Yigit garajga yashirindi. Biroq ayol sezib qoldi. Shunda Dildora onasiga Doston kelganini aytdi.
– Chiq garajdan, nimaga kelding? – dedi ona.
– Sizlar nega qarshilik qilayapsiz? Agar bermasangiz baribir Dildorani olib qochib ketaman, – dedi Doston qat’iy.

Shu payt qizni ko‘tarib, olib ketmoqchi bo‘ldi. Ayol unga yaxshi gapirib uyiga jo‘natib yubordi.
Keyingi kun qizning onasi Dostonning buvisi oldiga kelib, undan shikoyat qilib ketdi.

Shuncha yildan beri oilasidagilarning qarshiligiga qaramay, undan voz kechmagan Dildorada oxirgi paytlar o‘zgarish bo‘lganini yigit sezdi. Undagi bu o‘zgarishlarni o‘zicha taxmin qilib ko‘rdi. Ammo hech nimani tushonolmay g‘azabi kelardi.

Ko‘p o‘tmay Xurshid yana sovchi yuborganini eshitib, u bilan ko‘rishdi:
– O‘rtamizdagi munosabatlarni bilarding-ku, nimaga yana sovchi yubording?
– Menga farqi yo‘q. Munosabatlaringiz meni qiziqtirmaydi, – dedi u.

Shundan keyin Doston Dildora bilan ko‘rishishga, bog‘lanishga rosa harakat qildi. Lekin ko‘risholmadi, gaplasholmadi ham. O‘z yog‘iga o‘zi qovurilib, hech qayoqqa sig‘may yurdi.

Bir kuni tushlik qilib, ishga ketayotgan Doston yo‘l-yo‘lakay bozorga kirib chiqdi. Shu payt yo‘l chetidagi yo‘lakda Dildora bilan Xurshidni ko‘rib qoldi. Rashk o‘ti a’zoi badanini kuydirdi. O‘zini kamsitilganday, masxaralanganday his qildi. Xurshidni jiddiy qo‘rqitib qo‘yish uchun mashinasidagi pichoqni olib, ularga yaqinlashdi.

Unga Xurshid peshvoz chiqdi.
– Bu bola bilan nima qilib yuribsan? – baqirdi u qizga. – Qoch, gapim bor shu qizda, – dedi oldini to‘sayotgan Xurshidga.
– Mening xotinimda qanaqa gaping bo‘lishi mumkin? – dedi Xurshid.

Doston bu gapdan aqlu hushini yo‘qotdi.
– Qanaqasiga sening xotining? Bu mening sevgan qizim, olti yildan beri gaplashib yuraman.
– Hali eshitmadingmi, xabaring yo‘qmi? Endi Dildora mening xotinim. Biz unashtirildik!

Doston bu gapdan yonib ketdi.
– Hali to‘y bo‘lmasdan qanday xotining bo‘ladi? Bu bola nima deyapti, g‘ururing qani, vijdoning bormi? – baqirdi Dildoraga.
– Xurshid aka, buning hali xabari yo‘q shekilli? – dedi Dildora bepisand.

Uning hech nima bo‘lmagandek turishi Dostonga og‘ir botdi.
– Unashtirildik, yaqinda to‘y, – tasdiqladi Xurshid ham.
– Hech qanday to‘y bo‘lmaydi, – dedi Doston tishini g‘ijirlatib. Endi u shok holatiga tushib bo‘lgandi.
– Nimaga bo‘lmas ekan, to‘y bo‘ladi, – deya yigit va qiz bepisand yo‘lida davom etdi.

Shunda Dostondagi alam, qahr, rashk, iztirob qaynab chiqdi, u o‘zini boshqarolmay qoldi: Xurshidni boshiga bir urib yiqitdi. Keyin o‘zi sevib shuncha yil ardoqlagan qizga bo‘lgan muhabbati bir lahzada nafratga aylandi. Qizni tutib olib pichoq sanchaverdi… Qizni himoya qilmoqchi bo‘lgan Xurshidga tashlandi, uni ham jarohatladi. Katta ko‘chada birdan qiy-chuv bo‘lib ketdi. Odamlar Dostonni mahkam ushlab olishdi. Dildora shu yerning o‘zida vafot etdi.

Navbatdagi sevgi dostoni shunday fojia bilan yakun topdi. Bu voqeada kimlardir o‘zini ayblar, lekin endi afsusdan foyda yo‘q. Doston xato qilganini panjara ortida uzoq o‘ylab ko‘radi, pushaymon qiladi. Bir lahzalik jahl hayotini ostin-ustin qilib yuborganiga baho beradi. Ota-onalar ham farzandlar tarbiyasidagi bo‘shliqni endi ko‘ra bosh­lashadi. Lekin endi juda kech…

Sud hukmi bilan Doston 21 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ehtimollar ko‘p, xulosa qilish o‘zingizdan.

Dilshod Shermatov,
Bosh prokuratura boshqarma AMIB
katta tergovchisi

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Doctonning cevgi doctoni