date

Oʻzbekiston va Koreya mehnat sohasida yangi kelishuvga erishdi

Oʻzbekiston va Koreya mehnat sohasida yangi kelishuvga erishdi

Oʻzbekiston fuqarolari uchun Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini qayta tiklash boʻyicha muhim qadam tashlandi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev boshchiligidagi delegatsiya Koreyaning Gyeongsangnam-do provinsiyasi gubernatori Pak Vansu bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda tomonlar E-8 turdagi mavsumiy ishchi vizasi orqali Toshkent viloyati aholisini Koreya qishloq xoʻjaligida ish bilan ta’minlash masalasida kelishuvga erishdi. Yangi dasturga koʻra, ishchilar Hapchon, Chongnyang okruglari hamda Miryang shahrida 8 oylik (5+3) muddat davomida mehnat faoliyatini amalga oshiradi.

Shu munosabat bilan Migratsiya agentligi va Gyeongsangnam-do provinsiyasi oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida mavsumiy ishchi kuchini jalb qilish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bu kelishuv ilgari olib borilgan diplomatik muzokaralarning amaliy bosqichiga aylandi.

Koreya Adliya vazirligi talabiga koʻra, bunday kelishuvlarda ishchi yuboruvchi va qabul qiluvchi hududlar aniq koʻrsatilishi shart. Shu bois pilot dastur doirasida Toshkent viloyati fuqarolari tanlab olinadi va ular Koreyaning uchta hududiga yoʻnaltiriladi.

Pilot loyihaning ilk bosqichida ishchi kuchiga boʻlgan talabnoma olinib, 2026 yildan boshlab oʻzbek ishchilarining intizomi va ish samaradorligiga qarab, hamkorlik doirasini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, 2021 yilda Oʻzbekiston E-8 vizasi orqali Koreyaga ishchi yuborgan ilk davlat boʻlgan edi. Oʻshanda 420 nafar fuqaro pilot dasturda ishtirok etgan, ammo ayrim ishchilar shartnoma tugagach ham vatanga qaytmagani uchun viza dasturi vaqtincha toʻxtatilgandi.

Soʻnggi yillarda ikki mamlakatning tegishli vazirliklari olib borgan muzokaralar natijasida Koreya hukumati ushbu dasturdan yana foydalanishni qayta tiklashga qaror qildi. Bu oʻz navbatida, minglab fuqarolar uchun yangi mehnat imkoniyatlarini yaratishi kutilmoqda.

Migratsiya agentligi fuqarolardan mehnat shartnomalari va Koreya qonunlariga qat’iy amal qilishni, belgilangan muddatda vatanga qaytishni soʻradi. Rasmiylar ta’kidlashicha, bu talablar kelgusida boshqa ishchilar uchun ham yangi imkoniyatlar ochilishi yoki, aksincha, cheklanishiga ta’sir koʻrsatadi.

Ma’lumotlarga koʻra, joriy yil noyabr–dekabr oylarida Koreya hududlaridan boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha talabnomalar qabul qilinib, nomzodlar saralanadi. Shu orqali oʻzbekistonliklar uchun xalqaro mehnat bozorida yangi sahifa ochiladi — qonuniy, xavfsiz va daromadli ish muhiti yaratiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekiston va Koreya mehnat sohasida yangi kelishuvga erishdi