2025 yilning dastlabki 9 oyi davomida Toshkent shahriga dunyoning turli nuqtalaridan 3,9 million nafar xorijiy mehmon tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich poytaxtning mintaqaviy turizm markazi sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqladi. Shu bilan birga, 5,6 million mahalliy sayyoh ham Toshkentning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilgan.
Turizm bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p mehmonlar Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkiyadan kelgan. Bu mamlakatlardan keluvchilar soni yilning ilk choragiga nisbatan sezilarli oshgan. Mutasaddilar fikricha, bunday o‘sish vizasiz rejim, qulay aviqatnovlar va poytaxtdagi yangi turizm obyektlari faoliyati bilan izohlanadi.
Har bir sayyoh Toshkentda o‘rtacha 300 AQSh dollari miqdorida sarf qilmoqda. Asosiy xarajatlar savdo, dam olish va xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa, shopping-turizm va gastronomik yo‘nalishlar so‘nggi oylar ichida katta talabga ega bo‘lgan.
Poytaxtdagi mehmonxona sektori ham shiddat bilan rivojlanmoqda. Hozirda Toshkentda 1132 ta mehmon joylari faoliyat ko‘rsatmoqda, ular umumiy hisobda 54,5 mingdan ortiq o‘rinni tashkil etadi. Bu raqam so‘nggi ikki yil ichida 20 foizga o‘sgani qayd etilgan. Yangi otellar bilan bir qatorda, butik-mehmonxonalar va oilaviy hostellar soni ham ko‘paymoqda.
Sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan tumanlar sifatida Mirobod, Shayxontohur va Chilonzor qayd etilgan. Bu hududlardagi zamonaviy infratuzilma va transport qulayliklari tashrif buyuruvchilar uchun katta afzallik yaratmoqda.
Eng mashhur joylar qatorida Hastimom majmuasi, Chorsu bozori, Tashkent City, Magic City va Seoul Mun kabi dam olish maskanlari tilga olingan. Ushbu joylar nafaqat sayyohlar, balki poytaxtliklarning ham sevimli manziliga aylangan.
Turizm idoralari ma’lumoticha, mehmonlarning Toshkentda qolish muddati o‘rtacha 2,5–4 kunni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan biroz uzaygan bo‘lib, poytaxtdagi xizmatlar sifatining oshganidan dalolat beradi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, hozirgi tendensiya saqlansa, 2026 yilda Toshkentga keluvchi sayyohlar soni 6 milliondan oshishi mumkin. Shu maqsadda shaharda yangi yo‘nalishlar, turizm festivallari va xalqaro tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Toshkent hozirda Markaziy Osiyodagi eng faol rivojlanayotgan turizm markazlaridan biriga aylanib bormoqda — zamonaviy infratuzilma, boy madaniy muhit va mehmondo‘stlik bu shaharga kelgan har bir insonning xotirasida chuqur iz qoldirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!