date
views 2 517

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar soddalashtirilgan tartibda yuritiladi

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar soddalashtirilgan tartibda yuritiladi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan 24.06.2020 yildagi “Huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 407-son qaror qabul qilindi.

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar yurituvini raqamlashtirish maqsadida hujjat bilan IIV, Adliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida yagona elektron ish yurituv" loyihasini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Norma’ning yozishicha, loyiha doirasida quyidagilar nazarda tutilgan:
- ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni qo‘zg‘atish, ko‘rib chiqish va bayonnoma tuzishga vakolatli organlar, sudlar va Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining elektron axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini integratsiyalashtirish;
- ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish yuritishda foydalaniladigan protsessual hujjatlarning yagona elektron bazasini shakllantirish;
- ortiqcha bosqichlarni bekor qilish va muddatlarni qisqartirish orqali ish yuritish tartibini soddalashtirish;
- avtomatlashtirilgan daktiloskopik taqqoslash tizimi, shaxsni identifikatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi hamda biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilish.

Loyihani amalga oshirish bo‘yicha Idoralararo komissiyaga bir oy muddatda loyihani 2021 yil 1 yanvarga qadar Toshkent shahri hududida amalga oshirish bo‘yicha ish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.

Soddalashtirilgan tartibga binoan poytaxt hududida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibi planshet kompyuter yordamida amalga oshiriladi, huquqbuzarning shaxsi IIV ma’lumotlar bazasidan biometrik pasport yoki yuz tuzilishini rasmga olib, shuningdek barmoq izlarini tushirish orqali aniqlanadi.

Huquqbuzar tayinlangan jarimani “Elektron hukumat”ning yagona billing tizimi orqali to‘lashi mumkin.

To‘lov to‘g‘risidagi ma’lumot elektron bazaga bayonnoma topshirilgan sanadan e’tiboran 15 kun ichida kelib tushmagan taqdirda, ish avtomatik tarzda umumiy asoslarda ko‘rib chiqish uchun tegishli vakolatli organlarga jo‘natiladi.

Quyidagi holatlarda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar soddalashtirilgan tartibda yuritilmaydi:
- huquqbuzar uni rad etsa;
- jarima jazosidan boshqa turdagi sanksiyalar qo‘llanilsa;
- huquqbuzar chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lsa;
- zarar ko‘rgan taraf zararni undirishni talab qilsa va boshqalar.

IIVga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 yanvarga qadar avtomatlashtirilgan multibiometrik identifikatsiya qilish tizimi uchun 40 mln nafar shaxsning anketa ma’lumotlari, tashqi yuz qiyofasi va qo‘l izlari ma’lumotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan dasturiy ta’minot va server qurilmalarini hamda "Pasport-viza" avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasi uchun server qurilmalarini xarid qilish topshirildi.

Loyihani Toshkent shahrida amalga oshirish tajribasini inobatga olgan holda Idoralararo komissiya 2021 yil 1 noyabrga qadar loyihani mamlakatimizning boshqa hududlarida qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi lozim.

Hujjat 25.06.2020 yildan kuchga kirdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar soddalashtirilgan tartibda yuritiladi