date

Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish rejasini ma’qulladi

Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish rejasini ma’qulladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 sentyabr kuni aholi va agrar sohani ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini samarali tashkil etishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot yo‘nalishlarini belgilashda aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, yashash sharoiti hamda farovonlik darajasi, shuningdek qishloq xo‘jaligi holati aniq ma’lumotlar orqali baholanishi juda katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois ro‘yxatga olish jarayonlari asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Eslatish joiz, mamlakatimizda umummilliy ro‘yxatdan o‘tkazish so‘nggi marta 1989 yilda o‘tkazilgan edi. Keyingi yillarda bu yo‘nalishda muhim islohotlar amalga oshirildi. Xususan, «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida» qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, aholi har 10 yilda, qishloq xo‘jaligi esa kamida har 5 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilishi belgilandi.

2021 yilda aholi, 2022 yilda esa agrar sohada sinov ro‘yxati o‘tkazilgandi. Biroq to‘liq qamrovli tadbirni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar va xalqaro tajribani o‘rganish ma’lum vaqt talab etgani uchun jarayon keyinga qoldirilgandi.

Taklifda Jahon banki, YUNFPA va FAO ko‘magida ishlab chiqilgan yangi usul taqdim etildi. Unga ko‘ra, aholi va qishloq xo‘jaligini hisobga olish ishlari 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladi. Dastlabki 17 kun internet orqali, keyingi bir oy «mahalla yettiligi» yordamida uyma-uy yurib amalga oshiriladi.

Bu yo‘l bilan xarajatlar ancha qisqarib, taxminan 1,3 trillion so‘m tejalishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, jarayonlar oddiy va shaffof yo‘lga qo‘yiladi. Savollar soni avvalgi 328 tadan 71 taga qisqartirildi.

Natijada, Yevropa statistiklar konferensiyasi tavsiyalariga asosan, mamlakat aholisi (38 milliondan ortiq) tuzilishi, migratsiya jarayonlari, oilaviy holati, daromad manbalari va faoliyat turlari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Agrar sohada esa yer maydonlaridan foydalanish holati, chorva va parranda soni haqida aniq ma’lumotlar yig‘iladi. Bu esa qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan 25,6 trillion so‘mlik mablag‘, shu jumladan 2,2 trillion so‘m budjet resurslari samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Jarayonlarni samarali tashkil etish uchun «mahalla yettiligi» maxsus o‘quv dasturlari asosida tayyorlanib, rag‘batlantiriladi. Loyiha Jahon banki ko‘magida moliyalashtiriladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilib, aholi ogohlantiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taqdim etilgan rejani ma’qullab, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini tizimli, sifatli va samarali amalga oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish rejasini ma’qulladi