date

Pep Gvardiola Rodrigoga qiziqmoqda, «Siti» yirik taklifga tayyor

Pep Gvardiola Rodrigoga qiziqmoqda, «Siti» yirik taklifga tayyor

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola jamoaning tarkibini yanada kuchaytirish haqida jiddiy o‘ylamoqda. Ispan mutaxassisi ayni paytda Yevropaning eng iqtidorli yosh hujumchilaridan biri – «Real Madrid» futbolchisi Rodrigoga qiziqishda davom etmoqda.

Estadio Deportivo tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Gvardiola Rodrigoni o‘zining taktik sxemalariga to‘liq mos keladigan, bir necha pozitsiyada birdek o‘ynay oladigan universal hujumchi sifatida ko‘rmoqda. Shu boisdan ham u braziliyalik forvardni tarkibga qo‘shish orqali hujum chizig‘ini yanada samarali qilish niyatida.

Manba ta’kidlashicha, «Real» klubi muzokaralarga faqat katta taklif bo‘lsa kirishishga tayyor. Madridliklar hujumchi uchun kamida 80 million yevrodan boshlanadigan narx qo‘ygan. Bunday miqdor esa moliyaviy jihatdan mustahkam klub hisoblangan «Manchester Siti» uchun jiddiy to‘siq tug‘dirmaydi.

Shu bilan birga, Rodrigoning shaxsiy rejalari ham masalaga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar futbolchi mavsumning birinchi yarmida yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasa, u qishki transfer oynasida jamoasini o‘zgartirish variantlarini ko‘rib chiqishi ehtimoldan xoli emas.

Shu tariqa, Gvardiola va «Siti» rahbariyati Rodrigo atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Yanvar oyi transfer bozorida Madrid va Manchester klublari o‘rtasida katta kelishuv ro‘y berishi ehtimoli tobora ortayotir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Pep Gvardiola Rodrigoga qiziqmoqda, «Siti» yirik taklifga tayyor