«Nottinghem Forest»ning bosh murabbiyi Anje Postekoglu jamoadagi ilk mavsumidayoq kubok yoki chempionlikka erishish haqidagi ehtimollarga to‘xtaldi. Avstraliyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, unga shunday talab qo‘yilishi mumkinligini u inkor etmaydi.
«Kar’eramda birinchi mavsumimdayoq sovrinlarga erishgan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Masalan, «Seltik»da debyut mavsumimdayoq oltin dublga ega chiqqanman. Shu bois, «Forest» bilan ham buni takrorlashim mumkin, deb o‘ylayman.
Ehtimol, ikkinchi mavsumda ham bu yerda qolish uchun mendan g‘alaba va kuboklar talab qilinar. Men buni to‘liq qabul qilaman. Chunki faoliyatim davomida doim sovrinlar uchun kurashib kelganman va bu yerda ham qo‘limdan kelganicha harakat qilaman», — dedi Postekoglu.
Uning fikricha, jamoadagi vazifalar va klub rahbariyati qo‘ygan maqsadlar aniq: «Har bir klub muvaffaqiyatni istaydi, ammo bu yerdagi yo‘nalish va prezidentning qo‘lga kiritgan tashabbuslari amalda ham ko‘rinib turibdi. Sharoitlar esa men uchun juda qulay va ideal», — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Ma’lumot uchun, avstraliyalik 60 yoshli mutaxassis «Nottinghem Forest» bilan 2027 yil yoziga qadar shartnoma tuzgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!