NASA va London Imperial kolleji olimlari Mars yuzasida hayotning ilk ko‘rinishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan izlarni aniqlashdi. Tadqiqotchilar Yezero krateridagi jinslarni o‘rganib, ularning tarkibida organik moddalar va Yerdagi biokimyoviy jarayonlarga o‘xshash reaksiyalar izlari mavjudligini ko‘rsatuvchi ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Bu haqdagi ilmiy maqola nufuzli Nature jurnalida chop etildi.
Olimlar Bright Angel nomi bilan mashhur bo‘lgan yorqin hududdagi toshlarni tahlil qilishdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu jinslar tinch suv muhitida — ko‘l yoki qirg‘oqda shakllangan cho‘kindi qatlamlaridan iborat ekan. Ularning ichida temir-fosfat va temir-sulfid bilan boyitilgan mayda tuzilmalar topildi. Mutaxassislar bu tuzilmalar organik uglerod bilan reaksiya natijasida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda. Yerda bunday jarayonlar ko‘pincha mikroorganizmlar faoliyatiga bog‘liq bo‘ladi.
“Bu kashfiyot katta ahamiyatga ega. Biz o‘rgangan namunalar Marsda biologik jarayonlar bo‘lganini ko‘rsatuvchi eng kuchli dalillardan biri hisoblanadi”, — dedi London Imperial kolleji professori Sanjiv Gupta.
Ma’lumki, 2021 yildan beri Yezero kraterida faoliyat yuritayotgan Perseverance marsoxodi Bright Angel hududidan namunalar olgan va ularni maxsus kapsulada saqlamoqda. Bu namunalar 2030-yillarda Yerga qaytarilishi kutilmoqda.
Britaniya kosmik agentligi vakili Mettyu Kuk ham natijalarni yuqori baholadi: “Olingan ma’lumotlar Marsda mikrob hayoti uchun sharoit bo‘lganini ko‘rsatuvchi eng ishonchli asoslardan biridir. Garchi yakuniy xulosa chiqarishda ehtiyotkorlik talab etilsa-da, bu kashfiyot insoniyatni asosiy savol — “Biz koinotda yolg‘izmizmi?” degan muammoni hal etishga yana bir qadam yaqinlashtiradi”.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!