Superliganing 21-turidan o‘rin olgan «Mash’al» – «Sho‘rtan» (2:1) uchrashuvidan keyin «Mash’al» klubi bosh murabbiyi Otabek Narzullayev matbuot anjumanida ishtirok etib, bellashuv haqidagi fikrlarini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, bu o‘yin mavsumning eng hal qiluvchi bahslaridan biri bo‘lgan:
«Uchrashuv biz uchun katta ahamiyatga ega edi. Bir vaqtning o‘zida derbi maqomi ham borligi bilan yanada qiziqarli bo‘ldi. G‘alaba bilan butun Muborak ahlini tabriklayman», — dedi murabbiy.
Narzullayev o‘yinda ikki xil «Mash’al»ni ko‘rish mumkin bo‘lganini ham ta’kidladi:
«Futbolda turli holatlar bo‘lishi tabiiy. Birinchi taym 2:0 hisobida oldinga chiqib, biroz oromga berilib qo‘ydik. Bu holatni avval «Dinamo»ga qarshi uchrashuvda ham ko‘rgandik. O‘sha paytda ustunlikka ega bo‘lib ham g‘alabani qo‘ldan boy bergandik. Shu sabab bugun diqqatni yo‘qotmaslikka harakat qildik», — deya qo‘shimcha qildi u.
Raqib haqida so‘z yuritar ekan, murabbiy g‘uzorliklarni maqtadi:
«Sho‘rtan» safida ham iste’dodli yoshlar bor. Ular ham maydonda yaxshi harakat qilishdi. Turnir jadvalida pastki o‘rinlarda bo‘lishlari hech narsani anglatmaydi. Maydonga tushgan har qanday jamoa xato qiladi».
Murabbiy Xumoyun Murtazoyevning holatiga ham to‘xtaldi:
«So‘g‘diyona bilan o‘rtoqlik bahsida Xumoyun Murtazoyev, Sardor Abduraimov va Dmitriy Yashin yengil jarohat olgani uchun ularni o‘sha paytda asrab qolgandik. Bugun esa ularning holati yaxshi va jamoaga yordam berishga tayyor», — dedi Narzullayev.
Hakamlik borasida esa u juda ijobiy fikr bildirdi:
«2016–2017 yillarda safarda o‘ynaganda hakamlikdan cho‘chirdik. Hozir esa vaziyat tubdan o‘zgardi. Jamoangiz kuchli bo‘lsa, uyda ham, safarda ham g‘alaba qozonishi mumkin. Hozir hakamlik yangi bosqichga ko‘tarilgan, qolaversa VAR tizimi bor».
Murabbiy o‘z stadionida o‘ynamagan jamoa ko‘proq qiyinchilikka duch kelishini ham aytdi:
«Menimcha, agar biz uchrashuvlarni Muborakda o‘tkazib kelganimizda, ochkolarimiz ancha ko‘proq bo‘lardi. Chunki uy maydonida devorlar ham yordam beradi, deyishadi. Bu haqiqat. Futbolchilar ham o‘zlarini boshqacha his qilishadi. To‘g‘ri, stadion bilan bog‘liq ayrim muammolar bor, ammo ular vaqt o‘tib hal etilishiga ishonchim komil», — deya so‘zini yakunladi Narzullayev.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!