00:30 / 24.10.2020
4 851

Kitob - ilm va hikmat manbai

Kitob - ilm va hikmat manbai
O‘zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman.
(Maksim Gorkiy)

Darhaqiqat, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muxammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz ham kitob o‘qish bilan zehnlarini charxlab, komil inson bo‘lishgan. Zero, kitob o‘qish nafaqat savodxonlik va ta’lim imkoniyatlarini oshirish imkoniyatiga ega, balki insonning ichki dunyosini go‘zallashtirib, uning sayqallanishiga xizmat qiladi. Shuning uchun ham erta yoshdan kitobga oshno bo‘lish, xususan badiiy adabiyot mutolaa qilish insonning yetuk va komil shaxs bo‘lib yetishishida katta xizmat qiladi.

Olimlarning fikriga ko‘ra, bolalar uchun ovoz chiqarib o‘qish erta bolalik davrida qobiliyatlarni rivojlantirishning kalitidir. Amerika Qo‘shma Shtatlari Pediatriya Akademiyasining bayonotlarining birida, ota-onalar farzandlari tug‘ilganidan boshlab, ularning chaqaloqlari uchun ovoz chiqarib o‘qish zarur deb e’tirof aytadilar. Nafaqat, dunyoviy olimlar, balki diniy ilm izlanuvchilari ham mazkur fikrni ilgari suradilar. Biroq, bu borada kam ta’minlangan oila farzandlarining imkoniyatlari cheklanganlik holatlari kuzatiladi.

Shu tufayli davlatimiz tomonidan mazkur muammoga yechim topish maqsadida, bunday oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish va bolalar savodxonligini erta rivojlantirishga qaratilgan chor-tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan. Bunda maktablar, mahallalar va mahalliy xokimiyatlar xizmatlaridan keng foydalaniladi. Xususan, Sharq ziyokori, Hilol nashr, O‘zbekiston, Sharq kabi nashriyotlar va matbaa korxonalari tomonidan kitob ko‘rgazmalari tashkil qilinmoqda.

Bundan tashqari, sahovatpesha insonlarning ko‘magi tufayli bir qancha oilalar kitoblar bilan ta’minlanib kelmoqdalar. Kuzatuvlar va tahlillar natijalari bu sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar borligi va ularning keng miqyosda hal etilishi uchun jamoatchilik ishtiroki zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, aholining o‘quv-uslubiy, texnik adabiyotlar, adabiy-badiiy, o‘quv va ilmiy-ommabop kitoblarga bo‘lgan talabini qondirish, bugungi kunda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq muhim masalalarga yechim topish iste’mol madaniyatini oshirish borasida dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, yetmish yildan buyon har yili oktabr oyida Germaniyaning Frankfurt shahrida «Frankfurt Buchmesse» xalqaro kitob ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. «Frankfurt Buchmesse» xalqaro kitob anjumanida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi delegatsiyasi ham qatnashib kelmoqda. «Frankfurt Buchmesse» xalqaro kitob ko‘rgazmasi orqali O‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy sohada erishgan yutuqlarini namoyish etish, sohaga oid salohiyatni boshqa mamlakatlarga ko‘rsatish, milliy adabiyotimizni dunyo xalqlari orasida keng targ‘ib etish imkoni tug‘ildi.

2019 yilning 2-4 oktabr kunlarida esa O‘zekspomarkazda O‘zbekistonda ilk bor “Tashkent Book Fest” xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro ko‘rgazma-yarmarka ochilish marosimida mas’ul vakillar, O‘zbekistondagi elchixona va xorijiy kompaniyalar vakolatxonalari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mas’ul vakillari, ijodkorlar, jurnalistlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro ko‘rgazma-yarmarka nafaqat kitoblar namoyishi, balki soha xodimlari va ishtirokchilar uchun o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bir so‘z bilan aytganda, yangi texnika va texnologiyalarni, yangicha yondashuvlarni joriy etishda yana bir muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Xulosa qilib aytganda, yurtimizda kitob va kitobxonlikni yo‘lga qo‘yish, sohadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va aholi orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishda izchil va say’-harakatlar amalga oshirilmoqda. Fikrimcha, bu borada nafaqat hukumatimizning tegishli soha vakillari, balki har bir shaxs o‘z hissasini imkon darajasida qo‘shishi maqsadga muvofiqdir.

Zulfiya Po‘latova,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali
Umumta’lim fanlar
kafedrasi katta o‘qituvchisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kitob - ilm va hikmat manbai