16:20 / 03.11.2020
6 379

Xodimning tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi qanday?

Xodimning tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodesi (keyingi o‘rinlarda Kodeks)ga muvofiq xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham, ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqlidir. Ogohlantirish muddati tugagandan so‘ng xodim ishni to‘xtatishga haqli, ish beruvchi esa, xodimga mehnat daftarchasini berishi va u bilan hisob-kitob qilishi shartligi belgilangan.

Mehnat kodeksi mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilish to‘g‘risidagi ogohlantirish muddatini uzaytirish imkoniyatiga yo‘l quymaydi va bu muddatga kiritilmaydigan biror bir davrlarni nazarda tutmaydi.

Xodim ariza bergan kundan keyingi kundan boshlab o‘tgan hamma vaqt, bu davrda xodim o‘z mehnat majburiyatlarini bajargan-bajarmagani yoki ishda bo‘lgan-bo‘lmaganligidan qatiy nazar ogohlantirish muddatiga kiradi. Shuningdk xodimni ishda bo‘lmasligi uzrli ( ta’tilda bo‘lishi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik) yoki uzrsiz sabablar bilan yuz berganligi ham ahamiyatga ega emas.

Shuningdek, qonunda belgilangan (ikki xafta) yoki taraflarning kelishuviga binoan qiqartirilgan ogohlantirish muddati tugagunicha xodim ishni o‘zicha tark etishi yoki shu davrda uning uzrsiz sabablar bilan ishda bo‘lmasligi xodim tomonidan mehnat munosabatlarini buzilishi hisoblanadi. Bu holda ish beruvchi xodimga nisbatan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 100-moddasi ikkinchi qismining 3 yoki 4-bandlari bo‘yicha bekor qilishgacha bo‘lgan intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqlidir.

Biroq xodimga nisbatan u yoki bu intizomiy jazo faqat qonunda belgilangan (ikki xakfta) yoki taraflarning kelishuviga ko‘ra xodim tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi qisqartirilgan ogohlantirish muddati tugagunigacha qo‘llanishi mumkin.
Xodimning ishda yuqligi berilgan arizaga binoan u bilan mehnat shartnomasi bekor qilishiga to‘sqinlik qilmaydi. Bunda xodim ishda yuqligiga sabab bo‘lgan holatlar (vaqtincha mehnat layoqatsizligi, xodimning ta’tilda bo‘lishi va xokozalar) ahamiyatga ega emas.

Masalan xodimga 2 maydan 30 maygacha ta’til berilgan bo‘lsa, 4 mayda esa u mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ariza bersa, unda ikki xafta o‘tgandan keyin, 16 mayda (agar taraflar bundan oldinroq muddatni shartlashmagan bo‘lsa) ish beruvchi xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi kerak. Buning uchun xodimni ta’tildan chaqirib olishga hojat yuq.

Agar xodim ish vaqtida kasal bo‘lib qolsa ( shu jumladan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan kun ham ) vaqtincha mehnat layoqatsizligi bo‘yicha nafaqani u bilan mehnat shartnomani bekor qilingandan keyin ham mehnat qobiliyati tiklangungacha yoki nogironlik belgilangungacha umumiy tartibda to‘lash davom ettiriladi.

Kodeks 99-moddasining uchinchi qismiga asosan xodim ogohlantirish muddati davomida (shu jumladan, oxirgi ish kuni ham) mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi arizasini qaytarib olishga haqlidir. Bunda taraflar mehnatga oid munosabatlarni qonunda belgilangan ikki haftalik ogohlantirish muddati o‘tkuniga qadar birmuncha oldinroq sanadan boshlab bekor qilish to‘g‘risida shartlashib olgan bo‘lsalar, u holda xodim o‘zi bergan arizani faqat taraflar kelishib olgan ogohlantrish muddati tugagungacha qaytarib olish mumkin.

Masalan 1 avgustda xodim o‘zi bilan mehnat sharnomasini ikki xaftadan keyin emas, balki ilgariroq, aytaylik 8 avgustdan bekor qilishni so‘rab ariza berdi, bunga ish beruvchi rozi bo‘ldi. Mazkur holda o‘z arizasini uni bergan kundan boshlab to shartnoma bo‘yicha ishni tugatadigan kungacha, ya’ni 8 avgustgacha butun ogohlantirish muddati mobaynida qaytarib olishga haqlidir.

Xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi arizani qonunda belgilangan (ikki xaftalik) yoki taraflarning kelishuviga binoan qisqartirilgan ogohlantirish muddati tugagunigacha qaytarib olishni rad etish g‘ayriqonuniy hioblanadi.

Shuningdek, mehnat shartnomasini bekor qilish tartibiga rasman rioya qilingan holda ham, ish beruvchi xodimni tegishli ariza berishga majburlaganligi aniqlansa, unda mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan hisoblanadi. Bunday holatda xodim sud tomonidan ishga qayta tiklanishi mumkin. Ishga tiklash to‘g‘risidagi nizoni qarab chiqishda sudlar xodimning ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ariza berishga majbur qilganligi xususidagi da’volari to‘g‘riligini tekshirib chiqadi.

Ish beruvchining tegishli buyruqlari, tekshirish dalolatnomalari, yig‘ilish bayonnomalari, xodimning uni ishdan ketishga majbur qilgan haqiqiy sabablar ko‘rsatib yozilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘rsidagi arizasi, guvohlarning ko‘rsatmalari va shu kabilar bu da’volari tasdiqlovchi dalillar bo‘lishi mumkin.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, amaldagi mehnat qonunchiligiga asosan xodimning tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari alohida norma bilan belgilab qo‘yilgan. Shunday bo‘lsada, ushbu asoslarni qo‘llashda amaliyotda ayrim muammoli holatlarning vujudga kelayotganligi hech kimga sir emas.

Ayniqsa ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida mehnat shartnomasi bekor qilinishida deyarli 80% ortiqroq holatlarda xodimning o‘z xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish deb rasmiylashtiriladi. Aslida ish beruvchining xohishiga ko‘ra bo‘lishi mumkin yoki taraflarga bog‘liq bo‘lmagan hollarda ham bo‘lishi mumkin. Bu esa qonun normalarini to‘g‘ri talqin qilinmasligi deb aytishimiz mumkin.

Dilfuza Abdullayeva,
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan
filiali Xususiy-xuquqiy fanlar kafedrasi mudiri v.b.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xodimning tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi qanday?