date

Jizzaxdagi bog‘chada 1,5 yoshli qizaloq fojeali tarzda halok bo‘ldi

Jizzaxdagi bog‘chada 1,5 yoshli qizaloq fojeali tarzda halok bo‘ldi

Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi xususiy bog‘chada sodir bo‘lgan fojea jamoatchilikni larzaga soldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1,5 yoshli qizaloq bog‘cha hovlisidagi basseynga cho‘kib, hayotdan ko‘z yumgan.

Hodisa 24-oktyabr kuni “Mehrli yulduz” nomli xususiy bog‘chada yuz bergan. Marhumaning onasi Feride Hamroqulova 2024-yil 5-may kuni tug‘ilgan qizchasining hayotini asrab qolishning iloji bo‘lmaganini aytdi.

“Qizim suvda cho‘kib halok bo‘ldi. Hozircha hech bir huquqni muhofaza qiluvchi idora biz bilan bog‘lanmadi. Holat yuzasidan biror izoh berilmayapti, ishni yopishga harakat qilayotganlardek”, – dedi marhumaning onasi.

Ma’lum bo‘lishicha, ona Qozog‘iston fuqarosi bo‘lib, Jizzax viloyatiga kelin bo‘lib tushgan.

Bog‘cha tarbiyachisi ham voqea kunini qo‘rqinch bilan esladi: “Bu ovqatlanish vaqtida sodir bo‘ldi. Qizcha yonimda edi, bolalarga oyoq kiyim kiygizguncha g‘oyib bo‘libdi. Basseynga borib qarasam, suvda turibdi. Uni olib, ko‘kragini bosdik, yordam ko‘rsatdik. Keyin rahbarning o‘g‘li bilan shifoxonaga yetkazdik. Guruhimda 26 bola bor, o‘sha kuni 23 nafari kelgandi, yakka o‘zim edim”, – deydi u.

Ma’lum qilinishicha, qizaloq mazkur bog‘chaga faqat 3-oktyabrdan qatnay boshlagan.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ma’lumoticha, voqea yuzasidan 27-oktyabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov Jinoyat kodeksining 116-moddasi — “Kasb yuzasidan o‘z xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaslik” bandi bo‘yicha olib borilmoqda.

Hozirda dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Ekspertlar ta’kidlashicha, bu kabi holatlar ta’lim muassasalarida xavfsizlik choralarini kuchaytirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jizzaxdagi bog‘chada 1,5 yoshli qizaloq fojeali tarzda halok bo‘ldi