
Londonning mashhur klubi “Arsenal” muxlislarini yana bir tarixiy natija bilan quvontirdi. Mikel Arteta boshqaruvidagi jamoa oktyabr oyini birorta gol o‘tkazmasdan yakunlab, Angliya futboli tarixida kamdan kam kuzatilgan rekordga ega chiqdi.
Liga Kubogi 1/8 finalida “to‘pchilar” “Brayton” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘l oldi. Bu g‘alaba nafaqat jamoaning navbatdagi zafari, balki oktyabr oyi uchun muhim statistik yutuq ham bo‘ldi — “Arsenal” oy davomidagi 6 ta o‘yinning birortasida ham darvozasidan to‘p o‘tkazmadi.
Angliya yuqori divizionidagi hech bir jamoa bu kabi natijaga erishmagan. Odatda, mavsumning o‘rtalaridagi jadal grafik va turli musobaqalardagi yuklama sabab klublar barqaror himoyani saqlab qololmaydi. Biroq “Arsenal” so‘nggi olti o‘yinda ham raqiblarini golsiz qoldira oldi.
Mikel Arteta shogirdlari nafaqat himoyada ishonchli, balki hujumda ham samarali o‘yin ko‘rsatmoqda. Oy davomida jamoa barcha musobaqalarda g‘alaba qozondi — bu, o‘z navbatida, jamoa ruhiyatini yanada ko‘tardi.
E’tiborga molik jihati — “Arsenal” so‘nggi marta 28 sentyabr kuni gol o‘tkazgan. O‘sha paytda APL doirasida “Nyukasl” hujumchisi Nik Voltemade “to‘pchilar” darvozasini ishg‘ol etgandi. Shundan beri 540 daqiqadan ortiq vaqt mobaynida londonliklar darvozasi daxlsiz saqlanmoqda.
Murabbiy Arteta o‘yindan so‘ng shogirdlarining intizom va barqarorlikni saqlashini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, jamoa himoyadagi harakatni jamoaviy falsafaning asosiy qismi sifatida ko‘radi. «Bunday natijalar oson kelmaydi. Har bir o‘yinchi o‘z vazifasini sidqidildan bajarmoqda, aynan shu sabab biz rekordga erishdik», — dedi u.
Shu tariqa, “Arsenal” oktyabr oyini mag‘lubiyatsiz va golsiz yakunlab, Angliya futbolida yangi standart o‘rnatdi. Ko‘pchilik mutaxassislar bu natijani Mikel Arteta olib kelgan intizomli tizimning samarasi deb baholamoqda. Endi jamoa noyabr oyida ham shu ritmni saqlab qolish va chempionlik poygasida o‘z mavqeini mustahkamlash niyatida.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!