
«Liverpul» Liga Kubogining chorak finaliga chiqolmay, «Kristal Pelas»ga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Mersisayd jamoasi uchun bu oxirgi haftalardagi navbatdagi noxush natija bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng bosh murabbiy Arne Slot ommaviy axborot vositalari bilan suhbatda jamoa holati va mag‘lubiyat sabablariga oydinlik kiritdi.
Slotning aytishicha, jamoada so‘nggi haftalarda fizik va psixologik charchoq juda yuqori. «Aslida, turli bahonalarni topish mumkin, lekin bu natijalarni oqlaydigan jiddiy sabab yo‘q. So‘nggi olti o‘yinning beshtasida yutqazdik — bu “Liverpul” uchun qabul qilib bo‘lmas ko‘rsatkich», — dedi murabbiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa so‘nggi paytlarda juda qisqa muddat ichida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazgan. «Oxirgi haftalarda har uch kunda bir o‘yin o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, Yevropadagi og‘ir bahslardan keyin futbolchilarning tiklanishi qiyin bo‘ldi», — dedi Slot.
Murabbiy, shuningdek, jamoa tarkibida jarohatlar soni ko‘payganini ham ta’kidladi. «Bugungi bahsda qaysi futbolchilarni maydonga tushirganimni ko‘rdingiz. Men o‘tgan haftada ko‘p o‘ynagan asosiy tarkib a’zolariga dam berishni ma’qul ko‘rdim. Bu qaror to‘g‘ri bo‘ldi, chunki keyingi hafta biz uchun juda muhim bo‘ladi», — dedi u.
Slot ta’kidlashicha, «Liverpul» doim Liga Kubogida akademiya tarbiyalanuvchilariga imkoniyat berishni odat qilgan. «Bu musobaqa doimo yoshlar uchun sinov maydoni bo‘lib kelgan. Biz ham bu an’anadan chekinmadik. Lekin yosh futbolchilarga tajriba kerak, bu esa vaqt talab qiladi», — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Uning fikricha, «Liverpul»ning hozirgi tarkibi hali yetarlicha barqaror emas: «Hozirgi jamoamiz odamlar tasavvur qilgandek qudratli emas. Biz bu haqda real fikrda bo‘lishimiz kerak. Maqsadimiz — jamoaviy o‘yinni yana tiklash va asosiy futbolchilarni sog‘lom holda saqlash».
Slotning bu bayonoti muxlislar orasida turlicha fikrlarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik uning ochiq va xolis chiqishini yuqori baholadi, ayrimlar esa jamoaning so‘nggi natijalari uchun bahonalar yetarli emasligini ta’kidlashdi.
Endilikda «Liverpul» o‘z diqqatini Angliya Premer-ligasi va Yevropa musobaqalaridagi bahslarga qaratadi. Arne Slotning aytishicha, jamoa keyingi haftadagi o‘yinlarga to‘liq kuch bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda va mag‘lubiyatlar silsilasini to‘xtatishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!