Xitoy vaksinasi Toshkentga olib kelindi. «Kun.uz»ning xabar berishicha, bu haqda koronavirusga qarshi vaksina sinovining uchinchi bosqichini O‘zbekistonda o‘tkazishni tashkil etish borasida 7 noyabr kuni o‘tkazilgan uchrashuvda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, besh ming kishiga yetadigan vaksina Xitoydan Toshkentga olib kelingan. Vaksinalar maxsus sharoitlarda saqlanmoqda. Ko‘ngillilar jamoasi shakllantirilganidan so‘ng har bir oilaviy poliklinikada imkoniyatdan kelib, chiqib ma’lum sondagi ko‘ngillilar bo‘yicha sinov ishlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi faza sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha xitoylik hamkorlarning to‘rt nafari O‘zbekistonga tashrif buyurgani, yana 5 nafar xitoylik mutaxassislar kelishi kutilayotgani bildirilgan. Ular 4 oy davomida sinovlarni o‘tkazish jarayonida vazirlik bilan birga ish olib boradi.
«Xitoyliklar birinchi galda sinov o‘tkaziladigan oilaviy poliklinikalar va ulardagi shart-sharoitlar bilan qiziqishdi. Ikkinchisi, hamkorlarimiz har bir oilaviy poliklinikadan o‘ntadan shifokor va hamshira tanlab olib, ular bilan suhbat o‘tkazishmoqchi. Keyingi haftadan shifokorlarimizga treninglar o‘tkaziladi», — deydi vazir.
Shuningdek, sinovlar viloyatlarda ham o‘tkazilishi haqidagi savolga javob berildi. «Yo‘q. Bu hozir tadqiqot bo‘lgani uchun faqat Toshkent shahrida o‘tkazamiz. Buning o‘ziga yarasha qulayliklari bo‘lishi kerak. Monitoring jarayonini samarali tashkil qila olishimiz juda muhim hisoblanadi», — deb ta’kidladi Ibrohim Abdurahmonov.
Eslatib o‘tamiz, 21 oktabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlarini O‘zbekistonda tashkil etish masalasi bo‘yicha Xitoy fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti va Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.
Unga ko‘ra, sinov 18 va undan katta yoshdagi besh mingga yaqin ko‘ngillilarda o‘tkaziladi va sinov boshlanishidan oldin Xitoy vakillari emlash shartlarini tushuntirish uchun bir nechta treninglar tashkillashtiradi.
Agar ko‘ngillilar orasida biror kishida asoratlar yoki nojo‘ya ta’sir kuzatilsa, o‘sha ko‘ngilli shaxs bepul davolanadi. Shuningdek, ko‘ngillilar ishtiroki uchun pul mablag‘i berilishi ham mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Prezident Mirziyoyev Moskva paradidagi ishtirokidan so‘ng Toshkentga qaytdi
OAV: Markaziy Osiyo davlatlari dronlar bilan qurollanmoqda
BMT Isroilni xalqaro huquqning barcha normalarini buzganlikda aybladi
O‘zbekistonda Vengriya va Yevropa kompaniyalari uchun maxsus iqtisodiy zona ishga tushiriladi
Nazarboyevning kuyovi Londondagi qasrini 43,4 mln dollarga sotdi
Putin taktik yadro quroli bilan mashg‘ulot o‘tkazishni buyurdi. Bu nimani anglatadi?
Trampning maxfiy hujjatlar bo‘yicha sud jarayoni keyinga qoldirildi
Turk dunyosining umumiy alifbosi 2026 yilgacha shakllanishi mumkin