23:00 / 02.01.2021
6 641

XVI–XVII asrlar – Yevropada uyg‘onish davri

XVI–XVII asrlar – Yevropada uyg‘onish davri
J.M. Sharko shogirdi J.Babinskiy bilan isterik bemor holatini vrachlarga havola qilmoqda.
Ushbu ma’lumotlar professor Zarifboy Ibodullayevning «Tibbiyot psixologiyasi» darsligidan olindi va zamin.uz da ilk bor chop etilmoqda.

Tibbiyot psixologiyasi, tom ma’noda olganda, bemor psixologiyasini o‘rganuvchi fandir. Qadimgi davr adabiyotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tibbiyot, falsafa va psixologiya fanlari chambarchas bog‘lanib ketganligining guvohi bo‘lamiz. Miloddan ilgari yashab o‘tgan deyarli barcha faylasuflar tibbiyot va psixologiyaga oid o‘z fikrlarini yozib qoldirishgan, chunki ular ruhiy kuchlar manbaini inson miyasi bilan bog‘lashgan.

Qadimgi Sharqda ilm-fan va tibbiyot gurkiragan bo‘lsa, Yevropa mamlakatlarida fanda turg‘unlik hukmron edi. Yevropa fanidagi turg‘unlik ayniqsa, V–XV asrlarga to‘g‘ri kelgan (deyarli ming yil). XVI asrdan boshlab, Yevropada aniq fanlar rivojlana boshladi va tibbiyotda ham buyuk kashfiyotlar qilindi. Shuning uchun ham XVI–XVII asrlar Yevropada Uyg‘onish davri deb ataladi. Bu davrda biologiya va fiziologiya sohasida buyuk olimlar yetishib chiqdi (A. Vezaliy (1514–1564), V. Xarvey (1578–1657) va boshqalar). A. Vezaliy (1543) bosh miyani ochib o‘rganib, o‘zining dastlabki xulosalarini chop etadi va «Ruhiy jarayonlar miya suyuqliklari bo‘ylab oqadi», degan fikrni ilgari suradi.

Miya haqidagi qarashlar o‘zgarishiga va umuman olganda, psixologiya va fiziologiya fani rivojlanishiga fransuz mutafakkiri Rene Dekart (1596–1650) kashfiyotlari katta turtki bo‘ldi. U organizm bilan muhit orasidagi reflektor munosabatlarni o‘rgandi va ruhiy faoliyatning fiziologik asoslarini isbotlashga intildi. Dekart «Yurak qon-tomir faoliyati mexanika qonunlariga bo‘ysungan holda boshqarilib turadi», degan fikrni o‘rtaga tashladi.

Hayvonlar xulq-atvori, odamning harakat faoliyati reflektor tarzda, mushaklar harakati esa tashqi ruhiy ta’sirlarsiz, ya’ni asab tolalari orqali boshqarilib turishi, organizmda kechadigan fiziologik jarayonlar ruhga bog‘liq emasligini o‘z tajribalarida isbotlab berdi. Dekart sezgi va hissiyotning qanday yuzaga kelishini tushuntirib, «Ongli ruhni» tanadan chiqarib tashlab bo‘lmaydi va u faqat odamga taalluqlidir», deydi. Shunday qilib, Dekart sezgi a’zolarining ta’sirlanishi va mushaklarning javob reaksiyasi orasidagi bog‘liqlikni o‘rganib, reflektor yoy haqidagi ta’limotga asos soldi.

Chexiyalik atoqli olim, fiziolog I. Proxozka (1749–1820) Dekart ta’limotiga asoslangan holda fanga «refleks» (aks ettirish) degan tushunchani kiritdi. I. Proxozka reflektor yoy tuzilishini ta’riflab bergan. U oliy nerv faoliyati va ruhiy faoliyat reflektor tarzda boshqarilishini yanada chuqur o‘rgandi. Afsuski, o‘sha paytdagi ilm-fanning rivojlanish darajasi reflekslar haqidagi ta’limotni tadqiqotlar asosida to‘la isbotlab berishga qodir emas edi. Bosh miya faoliyatini reflektor mexanizmlarga bog‘lab tushuntirib berish imkoniyatlari yo‘q edi. Shuning uchun ruhiy faoliyat asab tizimining fiziologik faoliyatidan ayro holda o‘rganildi. Buning natijasida odam organizmida tana va ruh bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan narsalar, deb hisoblandi.

Avstriyalik vrach va anatom Frans Gall (1758–1828) odam miyasi tuzilishini o‘rganib, bosh miyaning frenologik xaritasini yaratdi. U birinchilardan bo‘lib bosh miya katta yarim sharining kulrang va oq moddasini bir-biriga bog‘liq bo‘lgan alohida tuzilmalar degan g‘oyaga asoslandi. F. Gall bosh miya po‘stlog‘ida 40 ga yaqin ruhiy funksiya markazini joylashtirdi va ularning faoliyatini bosh miya pushtalari (bo‘rtiklari) bilan bog‘ladi.

Olim harakat, ko‘ruv, eshituv va sezgi markazlari bilan birgalikda miyada xotira, tafakkur, sevgi, kamtarlik, donolik, ayyorlik markazlarini ham joylashtirdi. Uning fikricha, yuqori qobiliyatli odamlarning miyasidagi bo‘rtiklar kuchli rivojlangan va, aksincha, kimning tafakkuri past bo‘lsa, uning miyasi silliq bo‘ladi.

XIX asrning o‘rtalarida psixologiya rivojlanishiga bu sohadagi katta o‘zgarishlar sabab bo‘ldi. Bu davrda gipnoz haqida ta’limot yaratildi va Mesmer uning asoschisi hisoblanadi. Gipnoz tushunchasini 1843 yili angliyalik jarroh Jeyms Bred taklif qilgan. Mesmer gipnozda kuzatiladigan hodisalarni «magnetizm» bilan bog‘lagan.

Nevrologiya fani asoschisi bo‘lgan fransiyalik olim J.M. Sharko (1825–1893) inson ruhiyati bilan juda qiziqqan. Sharko dunyoqarashi juda keng olim bo‘lib, nafaqat nevrologiya va psixologiya, balki falsafa, adabiyot, musiqa va rassomchilik bilan ham qiziqqan. Sharko o‘z kitoblariga o‘zi rasmlar chizgan. Uning mashhurligi Yevropada shu darajaga borib yetadiki, unga hatto “Nevrologiya Napoleoni” deb taxallus berishadi. Sharko Yevropa qirollari va qirolichalarining shaxsiy vrachi bo‘lgan. O‘sha paytlari nevrologiya sohasini tanlagan yoshlar orasida “Kim Sharko ma’ruzalarini eshitmagan ekan, demak, u nevrolog emas” degan iboralar keng tarqalgan.

Nafaqat Yevropa, balki boshqa davlatlardan ham nevrologlar bir marotaba bo‘lsa-da, Sharkoning ma’ruzalarida ishtirok etish uchun Fransiyaga intilishgan. Sharko psixologiyaga shu qadar qiziqqanki, qanday nevrologik kasallik bo‘lmasin, ularni davolashda psixologik ta’sir qilish usullarini targ‘ib qilgan va qo‘llagan.

Sharko og‘ir ataksiya holatida yotgan bemorga psixologik ta’sir qilib, turgizib yuborgan. Sharko asab va ruhiyat borasida ko‘p ilmiy asarlar yaratgan. Isteriyaning har bir klinik ko‘rinishi va ushbu belgilarning organik simptomlardan farqini juda mukammal ifodalab bergan.

U juda kuchli gipnozchi ham bo‘lgan. Sharko gipnoz negizida fiziologik jarayonlar yotadi, deb yozgan. Gipnoz bilan mashhur nevrologlar va psixiatrlar shug‘ullanishgan. Ulardan J.Sharko, Benedikt, Forel, Levenfeld, Mopassan, S.S. Korsakov, Mebius va V.M. Bexterevlar nomi mutaxassislarga yaxshi ma’lum. Z. Freyd gipnoz texnikasini o‘rganish uchun Parijga, Sharko yoniga keladi. Sharko ma’ruzalaridan ilhomlangan Freyd shunday deb yozgan edi: “Menga hech kim Sharko darajasida ta’sir ko‘rsata olmagan. U inson miyasiga oid g‘oyalari bilan meni shu qadar o‘ziga rom qilar ediki, bunday inson oldida doim qolib ketishga meni rozi edim”.

Psixologiya tarixida o‘chmas iz qoldirgan yana bir siymo – bu Zigmund Freyd (1856–1939). Z. Freyd aslida nevrolog bo‘lgan va keyinchalik o‘z ishlari bilan psixoanaliz asoschisi sifatida nom qozongan. U 1856 yili 6 mayda Avstriya imperiyasiga qarashli Frayburg shahrida dunyoga keladi. 1860 yili Freydlar oilasi Venaga ko‘chib o‘tishadi va Z. Freyd umrining oxirigacha Avstriyada yashab ijod qiladi. Fizika, biologiya, tarix va falsafaga o‘ch bo‘lgan Z. Freyd doimo tabiatda bo‘ladigan hodisalarning o‘zini o‘rganibgina qolmasdan, ularning sabablarini izladi.
Z. Freyd katta bir maktab yaratdi va buning natijasida fanda freydizm yo‘nalishi paydo bo‘ldi. Bu haqda kitobning «ongsizlik» qismida batafsil ma’lumot beramiz. Uning dastlabki safdoshlari va shogirdlari Alfred Adler (1870–1937) va Karl Gustav Yung (1875–1961) bo‘lgan. Ular nevrotik shaxs shakllanishiga oid o‘z nazariyalarini ilgari surishdi. A. Adler fanda individual psixologiya g‘oyasini ko‘tarib chiqqan bo‘lsa, K.G. Yung o‘z e’tiborini analitik psixologiyaga qaratdi.

Tibbiyot psixologiyasi bilan birgalikda klinik psixologiya ham rivojlanib bordi.

Shunday qilib, ming yillik tarixga ega miya va ruhiyat orasidagi bilim keyinchalik “Tibbiyot psixologiyasi” fani rivojlanishiga turtki bo‘ldi. O‘sha davrlarda parallel tarzda “Klinik psixologiya” yo‘nalishi ham paydo bo‘ldi. Hanuzgacha dunyo olimlari orasida tibbiy psixologiya bilan klinik psixologiyaning maqsad va vazifalari haqida bahs-munozaralar davom etmoqda. Chunki bu ikkala yo‘nalishning o‘xshash tomonlari juda ko‘p. Endi klinik psixologiya tarixiga murojaat qilsak. Bu fan aslida tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan olimlar tomonidan yaratildi. Ular umumiy psixologlar edi.

AQSH va Yevropalik olimlar klinik psixologiya yaratilishi tarixini XIX asrning so‘nggi yillari bilan bog‘lashadi. 1896 yili Germaniyaning Leypsig shahrida o‘qib qaytgan amerikalik psixolog Laytner Uitmer Pensilvaniya shtatida dunyoda birinchi bo‘lib “Psixologik klinika” ochadi.
Ha, klinik psixologiya emas, psixologik klinika.

L. Uitmer bu yerda xulq-atvori og‘ir bolalar psixodiagnostikasi va psixokorreksiyasi bilan shug‘ullanadi. XX asr boshiga kelib AQSHning bir qator universitetlarida psixologik klinikalar faoliyat ko‘rsata boshlaydi va klinik psixologlar tibbiy gospitallarga ishga olinadi.

XX asr boshlarida bu yo‘nalish davomchilari Yevropada ham paydo bo‘ladi va ular aynan klinikalarda psixologik yordam tizimini yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanishadi. Umumiy psixologlardan farqli o‘laroq, klinikalarda faoliyat ko‘rsatuvchi psixologlarni “Klinik psixolog” deb atash taklifi o‘rtaga tashlanadi. Biroq o‘sha davrning atoqli nemis psixiatrlari Emil Krepelin va uning shogirdi Ernst Krechmer bunday yondashuvni qo‘llab-quvvatlashmaydi. Ular umumiy psixologlarning klinik psixolog qiyofasida tibbiyotga kirib kelishiga e’tiroz bildirganlar.

Emil Krepelin (1856–1926) klinik psixiatriya va patopsixologiya yo‘nalishida yirik olim bo‘lib, nafaqat bir qator ruhiy kasalliklar, balki turli xil nevrologik va psixopatologik sindromlarga ham nom bergan, ularning klinikasini yozib sistemalashtirgan.
Alsxaymer kasalligi, oligofreniya, dismorfofobiya kabi tibbiy terminlarni fanga u kiritgan. E. Krepelin psixiatriya amaliyotida psixologik usullarni keng qo‘llagan va barcha psixiatrlarni psixologiya ilmini ham chuqur egallashga chorlagan.

Ernst Krechmer – tibbiyot psixologiyasi asoschisi
Emil Krepelin da’vatlari e’tiborsiz qolmadi. Uning shogirdi psixiatr Ernst Krechmer (1888–1964) tibbiyot psixologiyasini rivojlantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.
Olim 1922 yili “Tibbiyot psixologiyasi” darsligini chop qildiradi va shu sanani tarixchilar tibbiyot psixologiyasiga asos solingan yil deb hisoblashadi.

E. Krechmerni ko‘pchiligimiz psixiatr va tibbiy psixolog sifatida bilamiz. Biroq u Birinchi jahon urushi davrida harbiy gospitalda “Nevrologiya klinikasi”ni tashkil qiladi va uni o‘zi boshqaradi. Nevrologiya sohasidagi ishlari yuksak baholangan 38 yoshli E. Krechmer 1926 yili Marburg universitetining nevrologiya va psixiatriya kafedrasiga ishga qabul qilinadi. Olim uzoq yillar (1946–1959 yy) mobaynida Tyubingem universitetida nevrologiya klinikasini boshqaradi. Biz o‘sha davr olimlari hayotiga bir nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘zga ko‘ringan yirik olimlar, ya’ni J.M. Sharko, Z.Freyd, E. Krechmer, P.Fleksig, V.M. Bexterevlar nevrologiya, psixiatriya va psixologiya sohasida faoliyat olib borishgan, ko‘plab asarlar yozishgan. Tom ma’noda olganda, miya va ruhiyatni bir-biridan ayro deb bilishmagan va ular asab va ruhiyat borasida yirik asarlar yaratishgan.

E. Krechmer klassik tibbiyotchilar ta’kidlaganidek “Har bir vrach psixolog bo‘lishi kerak” degan tashabbusni o‘rtaga tashlaydi va uni barcha soha vrachlariga o‘qitish zarurligini o‘z ma’ruzalarida va yozgan asarlarida doim uqtiradi. E. Krechmerning maqsadi tibbiyot psixologiyasini boshqa soha vrachlariga ham yaqinlashtirish edi. Uning “Tibbiyot psixologiyasi” darsligi juda ko‘p tillarga tarjima qilinadi va birin-ketin “Tibbiy psixologiya” kafedralari tashkil etiladi.

Biroq umumiy psixologlar tomonidan parallel tarzda tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan universitetlarda “Klinik psixologiya” kafedralari ham tashkil etiladi va keyinchalik shu nomli fakultetlar ochiladi. Shunday qilib, boshqa universitetlarda klinik psixolog, tibbiyot universitetlarida esa tibbiy psixolog tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi va bu holat hanuzgacha davom etmoqda. Psixiatrlarning qattiq qarshiligiga uchragan klinik psixologlar o‘z nigohlarini somatik klinikalarga qaratishadi. Tan olish lozimki, tibbiy psixologiyaga qaraganda klinik psixologiya jadalroq rivojlandi va bunda umumiy psixologlarning hissasi katta.

Davomi bor...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » XVI–XVII asrlar – Yevropada uyg‘onish davri