09:39 / 06.01.2021
2 658

O‘zbekistonda «Samosud» uchun qanday jazolar bor?

O‘zbekistonda «Samosud» uchun qanday jazolar bor?
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda «samosud» holati aks etgan videotasvirlar ko‘payib, mazkur mavzular «trend»ga chiqmoqda.

Navoiyda fuqaroni bo‘yin va qo‘l qismlarini arqon bilan bog‘lagan holatda traktor tirkamasida majburiy ravishda olib ketayotganligi, Farg‘onada ikki nafar qizlar singlisini ranjitgani uchun uchinchi qizni «samosud» qilgani va hokazolar.

Kuni kecha esa ijtimoiy tarmoqlarda «Aytishlaricha, samosud qilinayotgan fuqaro yo‘ldagi qoidabuzar haydovchilarni suratga olib, GAIga jo‘natgan» degan «tamg‘a» bilan videolavha tarqaldi. Andijonda sodir bo‘lgani aytilgan mazkur voqeada bir gala odamning fuqaroni mashina yukxonasiga solib qo‘yib so‘roqqa tutayotgani, haqoratlayotgani aks etgan.

Keyinchalik Andijon viloyati IIB axborot xizmatining ushbu holat yuzasidan ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, fuqaro bozorga mevalar narx-navosini bilish uchun kelib, bozorni fotosuratga olayotgan vaqtida bir necha fuqarolar uni boshqa maqsadda suratga olayotganlikda gumonlab, jamoat joyida turli uyatli so‘zlar bilan haqorat qilishgan.

Bir necha fuqarolar harakatlarida huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi bois, huquqbuzarlarning har biriga BHMning 3 baravari miqdorida jarima jazosi belgilandi.

Hozir gap faqatgina bu voqe haqida emas.

Biz qanday jamiyatda yashashni istaymiz o‘zi? Bir tomondan qonunlar ishlamasligi, jamoatchilik nazorati passivligi, adolatsizliklar ko‘pligidan noliymiz, qonun ustuvor jamiyat biz uchun utopiyadek tutamiz o‘zimizni.

Ikkinchi tomondan jamoatchilik nazoratiga ham chiday olmay qolamiz, huquqbuzarlik haqida xabar qilgan fuqaroga yovqarash qilamiz, darrov uni «sud qilib», hukmni ham chiqaramiz-qo‘yamiz. Inson huquqlari, erkinliklarini oyoqosti qilamiz. Kuchli davlat kuchli fuqarolik jamiyati orqali bunyod bo‘lishini tan olgimiz kelmaydi.

Xo‘sh, «Samosud» o‘zi nima, u uchun qonunchiligimizda qanday jazo bor?
Mutaxassislar izohiga ko‘ra, «o‘zicha sudlash» (samosud) bu huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etgan yoki huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxs haqida tegishli davlat organiga xabar bermay, uni o‘zboshimchalik bilan qonunga xilof ravishda jazolash hisoblanadi.

Shuni hech bir fuqaro unutmasligi kerakki, Konstitutsiyaning 26-moddasiga ko‘ra, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Ya’ni, tegishli sudning qarorisiz birovni aybdor hisoblash ham, jazolash ham mumkin emas.

«O‘zicha sudlash (samosud), ya’ni qonun tili bilan aytganda «o‘zboshimchalik» Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 200-moddasiga muvofiq, o‘zboshimchalik, ya’ni o‘zining haqiqiy yoki nazarda tutilgan huquqini fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlariga, davlat manfaatlari yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yoki ziyon keltirmagan holda o‘zboshimchalik bilan amalga oshirsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa-bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi, Jinoyat kodeksining 229-moddasiga ko‘ra, o‘zboshimchalik, ya’ni haqiqiy yoki faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirish fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilab o‘tilgan», deydi Adliya vazirligi mas’ul xodimi Zafar Rahmonov.

Shuningdek, samosud qilish natijasida o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazganlik uchun ham qonunchilikda javobgarlik belgilangan.

«Ya’ni Jinoyat kodeksining 103-moddasiga ko‘ra shaxsni qo‘rqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishiga suiqasd qilish darajasiga yetkazish, uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, o‘zicha sudlash (samosud) oqibatida qasddan odam o‘ldirish jinoyati sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi, javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirsa Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining «l»-bandi ya’ni bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish, o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi belgilangan
», dedi Z.Rahmonov.

Xulosa o‘rnida aytganda, huquqiy-demokratik davlatda har qanday nizolar sud orqali, qonunchilikda belgilangan tartiblar orqali hal etilishi kerak. «Bog‘lab qo‘yish», «mashina yukxonasiga qamash», omma oldida sazoyi qilish bilan emas. Huquqingiz, sha’ningiz toptaldimi, boshqalar huquqini ham toptamasdan, marhamat qilib sudga murojaat qiling. O‘zingiz qoidalarni buzgan holatda esa, energiyangizni qoidabuzarlikni tegishli joyga xabar qilgan insonni jazolashga emas qoidalarga nisbatan e’tiborliroq bo‘lishga sarflang!

Inobat AHATOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda «Samosud» uchun qanday jazolar bor?